Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bosqin ostidagi 130 yil: mag‘lubiyat sabablari, qirg‘inlar va saboqlar
Turon zamini XIX asr o‘rtalarida mustaqilligini yo‘qotib, 130 yil davomida bosqin ostida yashadi. Rus istilosi Qo‘qon, Buxoro va Xiva davlatlarini tarix sahnidan o‘chirib yubordi, lekin o‘zligini unutmagan xalqning erk istagi so‘nmadi. Qizil imperiya qulagach, Turon xalqlari uch ming yillik davlatchiligini tikladi.
Bugun O‘zbekiston istiqlolning 34 yilligini tarixiy saboqlar bilan qarshi olmoqda. Kun.uz sana munosabati bilan, mintaqamiz qanday qilib mustamlakaga aylangani va ozodlik yo‘lidagi tarixiy jarayonlar haqida suhbatlashish uchun tarixchilar Bahrom Irzayev va Abduvali Yo‘ldoshevni taklif etdi.
— Markaziy Osiyoni mustamlaka qilish qachon va qanday boshlandi?
Bahrom Irzayev: Umuman olganda, bu savolga tarix fani hozircha to‘liq javob bermaganini aytish mumkin. Masalan, bugun Markaziy Osiyo haqida gapirilganda besh davlat tilga olinadi, har birining qarashlari bor. Lekin XIX asrning 60-yillarida asosiy jarayonlar Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari bilan bog‘liq bo‘lgani uchun, istilo davrini odatda shu yillardan boshlashadi. Ammo boshqa jihati ham bor: jarayonlarning ildizi ancha chuqur. Masalan, Pyotr I davrida knyaz Bekovich-Cherkasskiyning yurishi Xorazm xonining tadbirkorligi sabab to‘xtatilgani, keyinchalik Perovskiyning yurishlari ham muvaffaqiyatsizlikka uchragani tarixda qayd etilgan.
Qolaversa, bosqinning boshlanishi qurolli shaklda bo‘lmagan. Rus sharqshunosligi, geografiya jamiyatlari, hatto arxeologiya nomi ostida kelgan olimlar, savdogarlar, ulamolar ham mustamlakachilikka tayyorgarlik vazifasini bajargan. Ular xatlar, ma’lumotlar yig‘ib, Rossiyaga yetkazishgan. Qolaversa, Buxoro va Xorazmda dars bergan Marjoniy, Qursaviy kabi ulamolar davrida ham turli hududlardan talabalar kelib o‘qigan, ular orqali ham ancha ma’lumotlar tarqalgan. Bundan tashqari, Rossiya va Buyuk Britaniya elchilari ham kelib, harbiy va iqtisodiy ahvolni o‘rgangan. Demak, istilo jarayoni uzoq tayyorgarlik mahsuli edi.
Fayzulla Xo‘jayev ham bu davrga o‘z bahosini bergan. Uning fikricha, Markaziy Osiyo xonliklari taraqqiyotdan ortda qolayotgandi, lekin xalq Yevropa madaniyati va texnik yutuqlariga intilar, Yevropa ham mintaqa bozoriga qiziqqan, natijada ikki tomonlama manfaat shakllangan edi. Lekin Eron yarim mustamlaka, Hindiston esa to‘la mustamlaka bo‘lib, O‘rta Osiyoning dunyo bilan bog‘lanishida yagona yo‘l Rossiya edi. Shu bois savdo va iqtisodiy aloqalar tobora Rossiya bozoriga moslashib bordi.
Bundan tashqari, ayrim amaldorlar imtiyoz evaziga katta ma’lumotlarni qizil imperiyaga yetkazib turishgan. Natijada, 60-yillar istiloning boshlanishi emas, balki yakuniy bosqichi va oxirgi zarbasi bo‘ldi. Shunday qilib tayyorgarlik asrlar davomida olib borilgan bo‘lsa-da, 1860-1870 yillarda – juda qisqa muddat ichida uch asosiy davlatimiz Qo‘qon, Buxoro va Xiva o‘zining tom ma’nodagi mustaqilligini yo‘qotdi.
Abduvali Yo‘ldoshev: Buxoro, Xiva va Qo‘qon davlatlari XVIII-XIX asrlarda ulkan sarhadni qamrab olgan bo‘lsa-da, ichki ziddiyatlar tufayli mustamlakachilikka qarshi turishda zaiflik qilishdi. Rossiya imperiyasi bosqinini ko‘pincha qurol-yarog‘ning ustunligi bilan izohlaymiz, ammo aslida ichki nizolar ham katta rol o‘ynadi.
Yevropa tadqiqotchilari bu jarayonni “katta o‘yin” deb ataydi. Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyasining manfaatlari to‘qnashgan davr edi. Masalan, 1839 yilgi Perovskiy yurishi katta yo‘qotishlar bilan yakunlangan, biroq mahalliy jangchilarimizning jasorati yetarlicha e’tirof etilmagan. Agar biz qurolli jihatdan zaif bo‘lgan bo‘lsak, hech bo‘lmaganda birlikni saqlashimiz zarur edi. Afsuski, bu amalga oshmadi.
Jadid ma’rifatparvarlaridan Ashurali Zohiriy bir maqolasida Qo‘qon xoni Xudoyorxon haqida qiziqarli voqeani keltiradi. Oqmasjid bosib olinganda, xon: “Bu bizdan ikki oylik masofada, bizga uncha aloqasi yo‘q”, degan. Atrofidagilar esa: “Bugun bu kulfat bizga ham kelishi mumkin, Rossiya bilan diplomatiya o‘rnatish kerak”, deya maslahat berishgan. Xonga bunday maslahat bergan kishilar esa keyin “kofir bilan til biriktirdi” deb ayblangan, hatto o‘limga hukm qilinishi ham muhokama qilingan.
Rossiya armiyasini to‘xtatishga bo‘lgan birinchi jiddiy urinish Uchyog‘ochda bo‘lgan, unda Qanoatshoh va Alimqul 6000 askar bilan g‘alaba qozongan edi. Lekin g‘alaba kimning nomiga yozilishi masalasida ixtilof chiqqach, Alimqul qo‘shini ajralib chiqadi va bu zaiflik mag‘lubiyatga olib keladi. Toshkent bosib olinganda na Qo‘qondan, na Buxorodan yordam kelmagan. 8 kunlik janglardan keyin shahar qonga botirilgan holda egallangan. Qolaversa, rus qo‘shini tarkibida bosib olingan hududlardan yollangan mahalliy askarlar ham qatnashgan. Ya’ni o‘zimizga qarshi o‘zimiz ham kurashganmiz.
Keyingi bosqichda navbat Buxoroga keldi. “Turkestanskiye vedomosti” va “Turkiston viloyati gazeti”da voqealar turlicha yoritilgan: biri rus jamoatchiligiga g‘alabalarni ulug‘lasa, ikkinchisi mahalliy aholiga diplomatik jarayonlar tasvirini buzib yetkazgan. Xuddi shu davrda Xiva yurishlari ham boshlanadi. Buxoro amiri Xiva ustiga yurishda Rossiyaga yordam beradi: ot, yem-xashak, oziq-ovqat jo‘natadi. Bu esa “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” siyosatining navbatdagi ko‘rinishi edi. Xiva talanib, taxti va devonxona hujjatlarigacha Peterburgga olib ketiladi, Buxoro amiri esa Rossiya tomonidan orden bilan taqdirlanadi. Shunday qilib, qisqa vaqt ichida uchala xonlik ham Buxoro, Xiva va Qo‘qon o‘z mustaqilligidan ayrildi.
Suhbatni batafsil Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:09 / 04.12.2025
Birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti Tokioda o‘tkaziladi
16:03 / 04.12.2025
Markaziy Osiyo uchun beriladigan 12 mlrd yevroning asosiy qismi Trans-Kaspiy koridori uchun sarflanadi – YeI
22:57 / 03.12.2025
Ekologiya – nihoyat siyosiy muammoga aylanyaptimi?
20:57 / 03.12.2025