Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning G‘azodagi urushni tugatish rejasi – muhim qadam. Uning yo‘lida qanday to‘siqlar bor?
AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azodagi urushni to‘xtatish rejasini e’lon qilarkan, sodir bo‘layotgan voqealarni «Yaqin Sharqda abadiy tinchlik» olib kelishi mumkin bo‘lgan sivilizatsiya tarixidagi eng buyuk kunlardan biri deb atadi.
Foto: Reuters
BBC’ning AQSh davlat departamentidagi muxbiri Tom Beytman Trampning Yaqin Sharq uchun tinchlik rejasi yuzasidan mulohazalarini bayon etdi.
Bu Amerika prezidentiga xos mubolag‘a. Ammo uning dushanba kuni Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvda bildirgan taklifi, Trampning balandparvoz bayonotlari darajasida amalga oshmasa ham, diplomatik jarayondagi muhim qadamdir.
Reja G‘azoning urushdan keyingi kelajagi bo‘yicha Oq uy pozitsiyasi o‘zgarishini ko‘rsatadi va Netanyahuga Vashington hozirgi kelishuvga rozi bo‘lishi uchun qo‘llashga uringanidan ko‘ra ko‘proq bosim o‘tkazishni nazarda tutadi.
Ushbu reja amalga oshish-oshmasligi doimiy fundamental savolga bog‘liq: Netanyahu ham, Hamas rahbariyati ham urushni davom ettirishdan ko‘ra, uni hozir tugatish foydaliroq deb hisoblaydimi?
Hamasning javobi hozircha aniq emas. Guruh vakillaridan biri bu rejani pessimistik baholagan va BBC bilan suhbatda uning shartlari falastinliklar manfaatlarini himoya qilmasligi hamda Isroilning G‘azodan chiqishi kafolatlanmasa, Hamas hech qanday taklifga rozi bo‘lmasligini aytgan.
Netanyahu AQSh prezidenti bilan uchrashuvda Isroil Tramp rejasining 20 ta bandini qabul qilishini, biroq uning koalitsiyasining ultrao‘ng qismi ularning ba’zilarini allaqachon rad etganini aytdi.
Reja bandlariga rozi bo‘lish – urushni tugatish degani emas. Netanyahuning o‘zi buni rad etayotgan bo‘lsa-da, uning Isroildagi raqiblari bosh vazirda kelishuvlar uning hokimiyatda qolishiga zarar yetkazadigan bo‘lsa, ularni buzish odati borligini aytishmoqda.
Shunday ekan, Trampning taklifi AQSh prezidenti juda qattiq xohlayotgan yutuq uchun yetarli bo‘lishi qiyin. Rejada Isroil va Hamasning siyosiy doiralari uchun hamon to‘siqlar mavjud bo‘lib, ular oxir-oqibat kelishuvga erishishiga yo‘l qo‘ymasligi mumkin.
Bundan tashqari, reja har ikki tomon ham buni qabul qilishi va keyinchalik muzokaralar davomida o‘z raqiblarini muvaffaqiyatsizlikda ayblash orqali bitimni sabotaj qilishi mumkin bo‘lgan interpretatsiya uchun yetarli joy qoldiradi.
Ko‘p oylar davomida biz aynan shunga guvoh bo‘lib kelmoqdamiz. Va agar ssenariy takrorlansa, Tramp ma’muriyati qaysi taraf bo‘lishi aniq – Isroil tomonida.
Tramp Netanyahuni bunga ishontirmoqda. AQSh prezidenti dushanba kuni agar Hamas bu taklifga rozi bo‘lmaydigan bo‘lsa, unda Isroil bosh vaziri «qilinishi kerak bo‘ladigan ishni qilishi uchun to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi»ni aytdi.
Tramp o‘z taklifini bitim deb atagan bo‘lsa-da, aslida bu kelgusidagi muzokaralar uchun doiraviy kelishuv yoki uning o‘zi qachondir aytganidek «prinsiplar» to‘plamidir. Bu urushni yakunlash uchun zarur bo‘lgan batafsil reja bo‘lib ko‘rinmayapti.
Bu ko‘proq Trampdan oldingi prezident Jo Bayden 2024 yil may oyida o‘t ochishni bosqichma-bosqich to‘xtatish va urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinib e’lon qilgan hadli kelishuvga o‘xshaydi. O‘shanda sulh tuzish va garovga olinganlarni almashish uchun Isroil va Hamasga sakkiz oy kerak bo‘lgandi.
Tramp keng qamrovli tinchlik kelishuvini xohlaydi. Ammo buning uchun ulkan hajmdagi ishni bajarish kerak bo‘ladi: Isroil qo‘shinlarini olib chiqish liniyalarini belgilash, garovdagilarni ozod qilish detallari hamda buning evaziga qo‘yib yuboriladigan falastinlik mahbuslar ro‘yxatini kelishib olish, urushdan keyingi davlat boshqaruvi shartlarini ishlab chiqish hamda boshqa ko‘plab masalalar.
Bu masalalarning hech biri Trampning rejasida batafsil ko‘rib chiqilmagan va ularning har biri kelishuv buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Doiraviy kelishuv oldingi takliflarning elementlarini ham o‘z ichiga oladi, jumladan, iyul oyida taqdim etilgan Saudiya Arabistoni hamda Fransiya rejasi, shuningdek, Tramp raisligidagi «Tinchlik kengashi» (AQSh prezidenti rejasiga ko‘ra, G‘azoni vaqtincha boshqarib turishi kerak bo‘lgan o‘tish davri organi) tarkibidan o‘rin olishi kutilayotgan Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vazirining oxirgi ishlanmalarini ham.
Hujjat Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Amerika prezidenti kuyovi Jared Kushner tomonidan, Isroil, Yevropa va arab davlatlari, jumladan, Falastin masalasida vositachilik rolini bajarayotgan Qatar va Misr bilan maslahatlashuvlardan so‘ng ishlab chiqilgan.
SARAH YENESEL/EPA/Shutterstock
U barcha harbiy harakatlarni to‘xtatish, Isroil kuchlarini cheklangan tarzda olib chiqish, Hamas asirligida qolayotganlarning barchasini ozod etish, keyin esa Isroil qamoqxonalaridan yuzlab falastinlik mahbuslarni qo‘yib yuborishni nazarda tutadi.
Rejaga ko‘ra G‘azoda texnokratlarning mahalliy ma’muriyatini tashkil etishni ko‘zda tutilgan, u «Tinchlik kengashi» nazorati ostida kundalik boshqaruv masalalari bilan shug‘ullanishi kerak bo‘ladi – kengash qarorgohi Misrda joylashadi.
«Tinch-totuv yashashga ahd qilgan» va qurollarini topshirgan Hamasning qolgan a’zolari amnistiya qilinadi. Qolganlari surgun qilinadi. AQSh va arab davlatlari tomonidan tashkil etilgan xalqaro «barqarorlashtirish» kuchlari G‘azo sektorida xavfsizlikni ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi va shu bilan Falastin qurolli guruhlarining demilitarizatsiyasini ta’minlaydi.
Falastin davlati tilga olingan, lekin juda noaniq atamalarda. Rejaga ko‘ra, agar Falastin milliy ma’muriyati isloh qilinsa, «oxir-oqibat Falastinning o‘z taqdirini o‘zi belgilash va davlatchilik sari haqiqiy yo‘li uchun sharoitlar paydo bo‘lishi mumkin».
Arab davlatlari uchun Trampning taklifi katta taraqqiyot. Qisman buning sababi shundaki, ular uning fevral oyida G‘azoda falastinliklarni majburan ko‘chirishni nazarda tutuvchi «riviyera» yaratish g‘oyasidan qutulishdi.
Rejada hech qanday majburiyatsiz bo‘lsa ham, hech bo‘lmaganda Falastin davlati haqida eslatma bor.
Nihoyat, AQSh rejasida «Isroil G‘azoni bosib olmaydi yoki anneksiya qilmaydi» deyiladi (Iordan daryosining G‘arbiy sohiliga nisbatan bunday va’da yo‘q bo‘lsa-da). Bu arab davlatlari uchun prinsipial muhim punkt, hatto rejaning boshqa bandi – Isroilning G‘azo «xavfsizlik perimetri»da o‘z ishtirokini saqlab qolishi unga zid bo‘lsa ham.
Isroilga kelsak, Netanyahu barcha asosiy kelishuvlar uning urushni tugatish maqsadlariga mos kelishini aytadi. Ya’ni Hamasni qurolsizlantirish, G‘azoni demilitarizatsiya qilish va kelajakda Falastin davlatini yaratmaslik.
Ammo uning hukumatining ba’zi a’zolari qurolsizlantirish va Falastin maqomi to‘g‘risidagi shartlarni qabul qilishadimi yoki u bu bosimdan taklif bandlarini qo‘shish yoki «aniqlashtirish» uchun foydalanadimi, hozircha bunisi noma’lum.
Endi ko‘p narsa Hamasning javobiga bog‘liq.
BBC jurnalisti Rushdi Abu Aluf aytganidek, bu navbatdagi «Ha, lekin...» holati bo‘lishi mumkin, bunda Hamas taklifni go‘yoki qabul qiladi, lekin uning bandlarini aniqlashtirishni so‘raydi. Shunday qilib, Oq uy urushni tugatish bo‘yicha oldingi «doiraviy kelishuvlar» va «tamoyillar» mualliflari bilan bir xil xarajatlarga duch kelishi mumkin.
Oq uyda dushanba kuni yana bir muhim voqea yuz berdi: Tramp qo‘shma bayonot oldidan Netanyahuni Qatardan kechirim so‘rashga majbur qildi.
Hamza Z. H. Qraiqea/Anadolu via Getty Images
Qatar sentabr oyi boshida Isroil Dohada Hamas rahbariyatini nishonga olgani uchun uzr so‘rashni talab qilgandi. Endi Qatar Isroil va Hamas o‘rtasidagi vositachi roliga qaytishi mumkin.
Tramp va Netanyahuning uchrashuvi arafasida G‘azo shahrini o‘qqa tutish va havo zarbalari kuchaydi. Isroil armiyasi bu yerga uchinchi zirhli diviziyani joylashtirdi. Bu kengaytirilgan hujum – Isroilning Hamasga bosim o‘tkazish rejasining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda, ammo bu harakatlar faqat tinch aholiga yanada ko‘proq vayronagarchilik keltirmoqda.
Dunyoning ko‘plab davlatlari Isroilning harakatlarini qoraladi. Ayni paytda, Hamasning G‘azodagi qo‘mondoni Az al-Din al-Haddod «so‘nggi hal qiluvchi» jangga tayyorlanmoqda, guruhning dala qo‘mondonlaridan biri BBC bilan suhbatda unda 5 ming jangari ishtirok etishini aytgan.
Saudiya Arabistoni va Fransiya boshchiligidagi Yevropa va arab davlatlari Isroilning harakatlaridan dahshatga tushib, butun yoz davomida diplomatik yondashuvni tiklashga harakat qilishdi. Netanyahuga nisbatan G‘azoda harbiy jinoyatlar sodir etishda gumon qilinib, Xalqaro jinoiy sud tomonidan berilgan hibsga olish orderi amal qilayotgani hisobga olinsa, bu Isroilning xalqaro yakkalanish hissini yanada kuchaytirdi.
Ular bu mojaro nazoratdan chiqib ketayotganini ko‘rib, ikki tomonning mutaassib kuchlari kuchayib borayotganidan xavotirda edi. Ular hali ham mo‘’tadil tomonlarga murojaat qilib, Isroil va Falastin uchun ikki davlatli yechimga erishish mumkinligiga umid qilishmoqda.
Garchi rejada bu aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, yevropaliklar Trampni G‘azo bo‘yicha mo‘’tadil taklifga jalb qilishni muhim deb hisoblashdi.
AQShning yangi rejasi muzokaralarga qaytish uchun yo‘l ochishi kerak.
Ammo Tramp va’dasiga ko‘ra urushni to‘liq tugatishga olib keladigan natijaga erishish uchun bu reja hali ko‘p haftalar, ehtimol oylar davomida sinchkovlik bilan ishlab chiqilishi kerak bo‘ladi.
Mavzuga oid
14:06 / 21.12.2025
AQSh harbiylari Venesuela sohillari yaqinida yana bir neft tankerini qo‘lga oldi
23:40 / 20.12.2025
Netanyahu Tramp bilan Eronga yana hujum qilish masalasini muhokama qilmoqchi
15:41 / 20.12.2025
Isroil sulhga qaramay G‘azodagi boshpanaga hujum uyushtirdi: kamida 6 kishi halok bo‘ldi
08:45 / 19.12.2025