O‘zbekiston | 13:33 / 19.11.2019
185999
13 daqiqa o‘qiladi

«Lekin men bunday ifloslik qilmayman». Hokimning muxbirlar bilan muloqotidan batafsil audio va stenogramma

Joriy yilning 14 avgust kuni Kun.uz xodimlari Olmazor tuman hokimligi binosi hududida jurnalistik faoliyatini olib borayotganida tuman hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning to‘sqinligiga uchragan, amaldor muxbirga hamla qilib, texnik uskunalarga shikast yetkazgandi.

15 avgust kuni Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev sayt muxbirlarini shahar hokimligi binosiga taklif etdi.

Shahar hokimi, muxbirlar, shahar hokimligi xodimlari ishtirokida kechgan uchrashuvda aytilgan gaplar sayt muxbiri tomonidan yozib olingandi.

16 noyabr kuni internetda sayt tahririyati rahbariyati ishtirokisiz ushbu audioyozuvdan yulib olingan parchalar birlashtirilgan holda tarqalib ketdi.

Tahririyat xolislik nuqtayi nazaridan hokim bilan o‘sha uchrashuv haqida nisbatan to‘liq kartina hosil bo‘lishi uchun audioyozuvni nisbatan to‘liq holda keltiradi. Bu – qariyb bir soat davom etgan muloqotning bir qismi bo‘lib, asosiy so‘zlar shu qismda yangragan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘z so‘zini bugungi kun jurnalistlarini tanqid qilish bilan boshlagan.

«Bizning davrimizda bitta narsaga ishonardik, hamma ergashardi, ishonardi. Bitta ish bo‘lardi, yo‘l qurilgan, Farg‘ona kanali qurilgan, katta-katta ishlar bo‘lgan. Majburiy mehnat, hashar. Bu qadriyatimiz-ku bizning. Ota-onamizga xizmatniyam ertaga majburiyat deydi bular.

Qadriyatni yo‘qotdik-ku. Qadriyatni yo‘qotdik-ku? Ota-onamizga xizmatniyam ertaga majburiyat deydi. Qani endi hashar? Qani? Itam dumi bilan tozalab o‘tiradi eshigini tegini. Endi ko‘chasi tugul, uyining oldini tozalata olmayapmiz-ku bolam?

Qadriyatimizni yo‘qotdik-ku! Kim qildi buni? Siz qildingiz. U yerga borib mikrofon tutadi, majburiy mehnat deb, bu maktabga boradi...

O‘zimizning maktabimizda qorni o‘zimiz kurardik-ku, partani kraskalardik, eshikni kraskalardik, qabristonni tozalardik. Qani bular? Kim qildi buni? O‘zimizning ichimizdagi o‘zbek, itning bollari qildi. Qadriyatni bilmagan.

Ertaga, aytyapman-ku, xuddi Amerikaga o‘xshab, Angliyaga o‘xshab «dada, meni urishmang, haqqingiz yo‘q» deydi. Qiladi shu ketishda bo‘lsa...

Dinda yozib qo‘yilgan, birovning qayg‘usining ustidan pul ishlash, foyda topish haqida nima deyilgan... Mana, siz bilasiz, to‘g‘rimi, bu ma'naviyat...

Yo‘q bu narsa yo‘q. Xudo ko‘rsatmasin, ertaga dushman kelsa.. xalq bilan hukumatni ayirib qo‘ydi.

Dilfuzayam ko‘p marta aytgan, matbuot bilan yaxshi bo‘lishimiz kerak, deb. Bir yaxshi bo‘lasan, ikki yaxshi bo‘lasan, uch yaxshi bo‘lasan.

Man bitta gapni aytay. Bir hafta oldin mani zavodimda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ***dan olib ***ga soladi. Monopol, «Artel» dabdala, deb!

Bir haftadan keyin o‘n ming dollar bersang, o‘sha mahsulotni maqtab chiqadi-da, reklama asosida deydi!

O‘zi ular kim? Ular uchiga chiqqan maxluqlar!

Bir hafta oldin yomonlab turib, bir haftadan keyin pul evaziga o‘sha mahsulotni yaxshilaydi.

Kim o‘z ular? Onaning bolasimi bular yo itning bolasimi?! Raz prinsipingda tursang, tur oxirigacha. Tur. Men pulga sotilmayman, mahsulotingni yomon, yomonligini tan olaman, mahsulotingni omayman de.

Prinsip yo‘q, iflos, bedolaga! (qashshoq). Bugun odam deb turganini ertaga odammas deydi. Vot qadriyat.

Mana ayb qatta. Man nimadan qo‘rqaman. Manam hamma qatori odamman. Man xalqqa nima yomonlik qildim? Biz ishladik xolos, to‘g‘risini aytaman, it kunida ishladik.

Bittasi yozadi, ishchilarni 12 soat ishlatyapti deb, bittasi yozadi ovqat bermayapti ekan deb. Uch ming odam Rossiyadan keldi, oilasi bilan shu yerda yashab ishlayapti. Uch ming odam qaytib keldi Rossiyadan. Hech kim buni yozmaydi. Faqat negativ. Sensatsiya.

Bu bolaning (Abdurasul Vahobov) qorayib kuyib ketganini ko‘rdingizmi? Ertalab oltida chiqib ketib, kechasi o‘n ikkida keladi uyiga. Qirq uch daraja issiqda, qirq besh daraja issiqda ko‘chada yurganini ko‘rdingizmi? Ko‘rmadinglar.

Bu bola menga hech kim emas. To‘g‘risi. Oti Abdulazizmi, Abdurasulmi, bugun bildim. Menga hech kim emas. Yarim soat gaplashib jonim achidi.

Muammolar ko‘p. Qayerga ketyapmiz? Nima qilyapmiz? Tushunib yetmayapman. Nimaning ishtirokchisimiz?

Mayli yigitlar, hayotda hamma narsa bor. Vaqtincha narsalar bor. Ashulachilar bor, bir ashula aytadi, keyin vaqti o‘tadi. Lekin Sherali klassika. Uning ashulasi o‘lmaydi. To‘g‘rimi?

Lekin biz oshirib yubordik erkinlik tegdi deb. Istalgan ashulamizni aytib tashadik. Mana turkcha kinolar ko‘payib ketuvdi, kamaytirishdi. To‘g‘ri qilishdi. Chunki haddidan oshib ketuvdi telekanallar. To‘g‘rimi? Haddidan oshib ketuvdi.

Biz nimaning ishtirokchisimiz bugun. Ishlarimiz asoslimi? O‘n yildan keyin o‘zimizni qayerda ko‘ramiz? Biz bo‘lamizmi, bo‘mimizmi? Xalq bizni qabul qiladimi, yo‘qmi? Biz bugun qo‘yayotgan fundament o‘n yildan keyin bo‘ladimi? Kim biz o‘zi? Xalqqa, millatga foydamiz tegyaptimi yo‘qmi?

To‘g‘risi, hokimlar yura olmay qoldi. Kesin, manga, bir yarim yildan beri ishlayman, bir so‘m pora oganini isbot qilib bersin, bir so‘m harom yeganini isbot qilib bersin, men otamning bolasi emasman. Otam qanday mashhur odam bo‘lgan, shaharning zabardast odami bo‘lgan, Toshkentni so‘ragan odamlardan bo‘lgan.

Bilmayman. O‘sha bolaga rahmim keldi. Qalbim og‘ridi...

Yozinglar, istaganlaringcha. Hech kim oldinglarni to‘sayotgani yo‘q. Lekin har bir odam Xudoning oldida o‘zi javob beradi.

Menga qiziq, shuncha tadbirkorning muammosi turib, bitta o‘shaning ishi bilan borilgan. Nima bor bu yerda, manfaat bormi? Shaxsiy manfaat bor. Bilmasam.

Bir tomonlama o‘rganasizlar. Ikkinchi tomonni o‘rganmaysilar. Hokimiyat hududida kamera ko‘tarib yurish mumkinmi? Qo‘lingda hujjating yo‘q, formang yo‘q. Masalan, sening uyingga kamera bilan bora olamanmi, ukam? Qanaqa reaksiya bo‘ladi? Xafa bo‘lasanmi? Bore, kamerangni yo‘qot deysan, to‘g‘rimi?

Hujjat ko‘rsatmagansizlar. Etikada oldin ruxsat so‘raladimi? Kameraga olamiz deb. Ruxsatsiz kameraga olishga haqqing bormi?

Bitta narsaga kelishamiz, erkakcha gaplashamiz, maylimi? Bu ishni qonun doirasida hal qilamiz. Xalqni aralashtirmaymiz, saytga chiqarmaymiz. Ikki tomonning harakati o‘rganiladi. Qonun, sud nima desa shu bo‘ladi. Bunga ayb qo‘yilsa shu jazoni beramiz. San aybdor bo‘lsang shu jazo. Faqat xalqni aralashtirmaymiz. Sud bilan hal qilamiz. Rozimisan. Hech qayerda yozmaysan. Agar shu gap orada qoladigan bo‘lsa. Oxirigacha oboramiz. Alloh oldida so‘z beraman, sudga tayziq o‘tkazmayman.

Barchasi qonun bo‘yicha. Agar bu aybdor bo‘lsa buni haydayman. Sanda ayb bo‘lsa bundan keyin jurnalistlik qilmaysan. Jarimani to‘laysan, chiqasan o‘yindan. Noprofessionallik uchun. Ikkinchi jurnalistlik qilmayman deb aytasan xohlasang, aytmasangam mayli. Rozimisan shunga. Qo‘lni uz. Tashqarida xalq aralashmaydi.

Men jurnalistikani bugun ashula aytib, ertaga yo‘q bo‘lib ketadigan ahvolda ko‘rishni xohlamayman. Jiddiy kompaniyalar bo‘lishini, jahonga chiqishini, o‘zbekdan chiqishini xohlayman. Orzum shu.

Men professional jurnalistlarni qattiq hurmat qilaman. Professionallarni. Masalan, Poznerni eshitib maza qilaman. U professional.

Lekin men yengil-yelpi materiallar bilan buni (hokim o‘rinbosari) bervormayman. Shunchaki berib yubormayman. O‘z xodimimni osonlik bilan xafa qildirib qo‘ymayman.

Men shunday qilishim mumkinki, sizlardan mahalla voz kechadi. Bu qo‘limdan keladi. Shunday qilishim mumkinki, ota-onang bosh ko‘tarib yurolmay qoladi.

Men buni qilishim mumkin. Nima, menga sizlarni gey deb e'lon qilish qiyinmi? Bu juda oson. Oson. So‘z erkinligi!

Men olti soniya ichida sizlarni ichida gey o‘tirgan taksiga o‘tqazaman, bo‘ldi! Sizlarni fotosuratga olishadi va gey deb e'lon qilishadi. Texnologiya!

Lekin men bunday ifloslik qilmayman. Ota-onam meni bunga o‘rgatmagan.

Men buni qila olaman. Olti sekundda. Tashkillashtira olaman. Lekin men unday odam emasman. Tushuntira oldimmi?!

Shuning uchun, bizga tosh otishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘ringlar. Yaxshisi biz bilan ishlanglar. Odamlarda bizga nisbatan nafrat ishlatishdan ko‘ra, qandaydir muammo tug‘ilsa, bizga bu muammoni yechishda yordam beringlar.

<...>  Nechta odam ishlaydi sizlarda? Xohlasang, 2-3 kun besabab uydan chiqib ketlaring, yo‘qolib qollaring, ishchilaring nechta qolarkan? Uch kun besabab bittang uydan chiqib ketlaring, qolmaydi ishchilaring. To‘rtta qoladi. Shuni xohlaysizlarmi?

O‘zlaring, prosto, hech kimga aytmasdan, yo‘qolib qolinglar uch kun. Shunchaki, sinab ko‘ringlar. Prank deydimi buni. Uch kun yo‘qolib qollaring, ko‘rasanlar nima bo‘lishini. Sen ertaga yo‘qolib qolgin uch kun, shunchaki hech kim bilan aloqaga chiqma, nima bo‘lishini ko‘rasan. Agar gapimni noto‘g‘ri tushunmayotgan bo‘lsang... Shunchaki, hayot tajribamni aytyapman. Uch kun yo‘q bo‘lib qolsang, jim-jim bo‘lib. Sen tirikmisan, hech kim xabar olmaydi aytib qo‘yay senga. U yer, bu yerda yozishadi, bir haftadan keyin unutishadi. Bo‘ldi. Qayerdadir cho‘kib o‘lgandir-da cho‘milayotganida, deyishadi, bo‘ldi. I vse. Hayot shunaqa.

Lekin zo‘r odamlar [odamlarning xotirasida] qoladi. Ashulasi ham, ijodi ham. Erkin Vohidovni, Abdulla Oripovni hech kim unutmasa kerak, menimcha. To‘g‘rimi? Mana, Abdulla Qodiriylar unutilmaydi. E, qancha yozuvchilar bo‘ldi... Ular unutiladi.

Zo‘r bo‘llaring, muammo yo‘q. Men senlarni ko‘rganda quchoqlashib ko‘rishay! Tushuntira oldimmi? U yer, bu yerga borganlaringda qarsaklar bilan, rasmga olib, hurmat qilib senlarni kutib olishsin, men hurmat qilaman bu narsalarni. Uning uchun ishlash kerak-da. Yaxshi ishlash kerak. Xafa bo‘lmaysanlar. Meni bir dardimni eshitdilaring, xolos-da.

Lekin men buni (Vahobov nazarda tutilmoqda - tahr.) «obidnyy» qo‘yib qo‘ya olmayman, xafa bo‘lmaysanlar. «Do konsa» desalaring, «do konsa» boramiz. Meni ishdan olib tashlaguncha olib borlaring, gap bo‘lishi mumkin emas. Farqi yo‘q. Yo‘qotadigan hech balomiz yo‘q. Lekin men o‘z odamimni berib qo‘ymayman... Balki yomon ishlasa, 3-4 oydan keyin haydab yuborarman. Lekin hozir emas», degan shahar hokimi.

Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqda Kun.uz jamoasini mazkur mavzuni yopish qarori uchun tanqid qilayotganlardan bu qarorni to‘g‘ri tushunishni so‘raymiz.

To‘liq audiodan keyin ham shahar hokimi tomonidan muxbirlarga tazyiq va tahdid mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Yuqorida ta'kidlanganidek, sayt tahririyatining shahar hokimida xusumati yo‘q. Lekin adolat ta'minlanishi uchun tegishli organlar ushbu faktga e'tibor qaratishi va munosabat bildirishini kutib qolamiz.

Mavzuga oid