«Oybek» mahallasining Feruz ko‘chasi

Hazorasp tumani markazida joylashgan «Oybek» mahallasida 410 xonadonda qariyb 2 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi. 2016 yilda mahalla tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Mutasaddi tashkilotlar bunga Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 18 aprelda o‘tkazilgan yig‘ilishida qabul qilingan 44-sonli bayonnomani sabab qilib ko‘rsatmoqda. Unda gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni gaz ta'minotidan uzish, ko‘mir va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta'minlash qayd etilgan. Bayonnoma ilovasida «Oybek» mahallasi ham ko‘rsatilgan.

Gaz tarmog‘iga ulangan va ulanmagan ko‘chalarni bitta zaxkash ajratib turibdi

Biroq, ayni paytda mahallaning bir qismi gaz tarmog‘iga ulangan va yuqori bosimli gazdan bemalol foydalanmoqda. Qolgan qismi, xususan Feruz va Avaz O‘tar ko‘chalari esa gaz tarmog‘idan uzilgan. Bu yerdagi aholi kuz-qish mavsumida ko‘mir, o‘tin, tappi kabi qo‘lbola yoqilg‘idan foydalanib kelmoqda. Suyultirilgan gaz faqat ovqat qilish, choy qaynatish uchun ishlatilyapti. Odamlar uylarining 1-2 xonasini bir amallab isitib, shu xonalarga qamalib olib, sovuq kunlarni o‘tkazishyapti. Feruz va Avaz O‘tar ko‘chalari aholisi xonadonlarini gaz tarmog‘iga ulab berilishini bir necha yillardan beri so‘rashmoqda.

«Hududgaz Xorazm» MChJ rahbariyati bergan ma'lumotga ko‘ra, yuqorida ko‘rsatilgan 44-sonli bayonnomada «Oybek» mahallasi gaz tarmog‘idan to‘liq uzilishi ko‘rsatilgan. Bu Hazorasp tumani uchun ajratilgan gaz limiti kamligi bilan bog‘liq. Agar mahallaning ba'zi ko‘chalari gaz tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, demak bu ishlar noqonuniy qilingani aytilmoqda.

Zaxkashning o‘ng tomonida gaz bor, chap tomonida yo‘q

Qayd etish joizki, 2016 yilda Hazorasp tumani hokimligi gaz ta'minotida muammo yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hududlar ro‘yxatini tuzgan va unga «Oybek» mahallasini ham kiritgan. Keyinchalik, shu ro‘yxatdagi hududlar Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi bayonnomasi bilan gaz tarmog‘idan uzilishi tasdiqlangan. Ammo bu ro‘yxatni tuzish jarayonida mahalladagi vaziyat chuqur o‘rganildimi, gaz tarmog‘idan uzib qo‘yish oqibatlari tahlil qilindimi degan haqli savollar tug‘iladi.