O‘zbekiston | 10:10 / 01.07.2017
10432
4 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarga harbiy ta'lim-tarbiya beradigan kursantlar maktablari “Temurbeklar maktabi” deb ataladi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ma'naviy-axloqiy jihatdan muammosi bor, ya'ni notinch oila farzandlari, jinoyatchilikka moyil bo‘lgan yoki profilaktik ro‘yxatda turadigan yoshlar bilan individual tarzda ish olib borishga ko‘proq e'tibor qaratishi lozim, dedi O‘zbekiston Prezidenti "Kamolot" tashkilotining yig‘ilishida. 

"Iqtidorli, tarbiyali bolalar bilan ishlash oson, lekin hayotda qoqilgan yoki yomon muhitga tushib qolgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga, ezgu maqsadga da'vat qilish, ishontirish qiyin. Yangi tashkilot (Yoshlar ittifoqi) mana shu og‘ir, lekin o‘ta zarur vazifani o‘z zimmasiga olishi ayni muddao bo‘lur edi.

Biz “uyushmagan yoshlar, uyushmagan yoshlar”, deb ko‘p gapiramiz. Lekin bu masalani huquqiy va amaliy jihatdan hal qilishga kelganda, ochiq aytish kerak, ko‘pchiligimiz nima qilish lozimligini bilmaymiz.

Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshchiligida, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida, bir ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish o‘rinli bo‘lur edi. Unda uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha har tomonlama asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish zarur, deb o‘ylayman. Bu vazifa Davlat maslahatchilari O.Murodov va R.Komilovga topshiriladi.

Yana bir muhim masalaga e'tiboringizni qaratishni istardim.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi jahon madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz merosiga hurmat, unga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirish, bu bebaho boylikni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan mazmundor, ta'sirchan loyihalarni amalga oshirishda tashabbus ko‘rsatishi nur ustiga nur bo‘lur edi. Hozircha bu borada yoshlar tashkilotining ishini qoniqarli deb bo‘lmaydi.

Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek asrash, yosh avlod o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lishi lozim.

Ma'lumki, tarixda xalqimiz orasidan ko‘plab buyuk sarkardalar yetishib chiqqan. Ana shunday mard va fidoiy ajdodlarimizning harbiy sohadagi boy merosi, mardlik va jasurlik fazilatlari yoshlarimiz uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur bobomizdek – u zot bironta jangda mag‘lub bo‘lmagan – yengilmas sarkarda va davlat arbobi jahon tarixida kamdan-kam topiladi. O‘z yaqinlari, zamondoshlari bu ulug‘ siymoni Temurbek deb atagan ekanlar. Men shu haqda o‘ylaganimda, bir fikr xayolimdan hech ketmaydi. Yurtimizda yoshlarga harbiy ta'lim-tarbiya beradigan kursantlar maktablariga “Temurbeklar maktabi” deb nom bersak, nima deysizlar?

Bu masala bo‘yicha Bosh vazir A.Aripov Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov, mudofaa vaziri Q.Berdiyevga bir oy muddatda taklif kiritish vazifasi topshiriladi", - dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid