Jamiyat | 17:20 / 01.11.2025
4689
3 daqiqa o‘qiladi

Ochiq budjetda rekord: “Mening maktabim” loyihasiga 112 mingta taklif kelib tushdi

Budjet pullarini taqsimlashda maktab o‘quvchilari kattalardan faolroq bo‘lib chiqdi: tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari tarixida loyihalar soni bo‘yicha rekord yangilandi. O‘quvchilarning bir qismi virtual ko‘zoynak va robototexnika to‘plami olishni xohlayotgan bo‘lsa, boshqalari parta va toza suv kabi elementar sharoitlarni so‘rayapti. Maktab hududida katta shaxmat maydoni qurishga o‘xshash antiqa tashabbuslar ham bor.

“Ochiq budjet” portalining “Mening maktabim” sahifasidan skrinshot

“Mening maktabim” loyihasining 2025/26 o‘quv yilidagi birinchi mavsumi doirasida loyiha kiritish bosqichi o‘z yakuniga yetdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, 22-31 oktyabr kunlari maktab o‘quvchilaridan o‘z maktabini qo‘shimcha jihozlash bo‘yicha jami 112 272 ta loyiha kelib tushgan.

Bu ko‘rsatkich bilan, “Ochiq budjet” portalida o‘tkazib kelinayotgan tashabbusli budjetlashtirish jarayonlaridagi rekord yangilandi. Bundan oldingi rekord “Tashabbusli budjet”ning 2022 yil 1-mavsumida o‘rnatilgan, o‘shanda o‘zbekistonliklar o‘z mahallasidagi shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha 69 mingta taklif kiritgan edi.

“Mening maktabim”da Toshkent shahridagi maktablardan eng ko‘p – 18 229 ta loyiha ilgari surilgan. Yuz minginchi loyihani kiritgan o‘quvchi – Mirobod tumanidagi 263-sonli maktabning 5-“A” sinfidan Emiliya Zavarzina bo‘ldi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Emiliyani tabriklab, unga “Moliyaviy lug‘at” kitobini sovg‘a qildi.

Vazirlik, shuningdek, o‘quvchilarni loyihada qatnashishga rag‘batlantirish uchun “Eng qiziqarli loyiha” tanlovini ham e’lon qilgan.

Ko‘plab o‘quvchilar interaktiv sensorli panel, raqamli mikroskop va sport jihozlari kabi ta’lim bilan bog‘liq takliflarni ilgari surgan bo‘lsa, ayrimlar maktab uchun virtual ko‘zoynaklar va robototexnika to‘plami sotib olishni taklif qilgan. Musiqa xonasi uchun pianino olish yoki maktab hududida katta shaxmat maydoni qurishni so‘rayotganlar ham bor.

Shu bilan birga, portalda sinfxona uchun zamonaviy parta, kiyim javon, suvdon (kuler), jo‘mrak uchun mo‘ljallangan suv isitkich kabi takliflarni ham ko‘rish mumkin.

Barcha loyihalar 1-10 noyabr kunlari saralanadi, saralashdan o‘tganlari 11-20 noyabr kunlari ovoz berish bosqichiga o‘tkaziladi. Ovoz berishda faqatgina maktab o‘quvchilari o‘z maktabi bo‘yicha kiritilgan takliflarga ovoz bera oladi.

Shu tariqa, “Mening maktabim” loyihasi o‘quvchilarda tashabbuskorlik, liderlik va jamoa bo‘lib ishlash sifatlarini shakllantiradi, davlat budjeti haqidagi tasavvurlarini amaliy tarzda boyitadi.

Kun.uz avvalroq xabar berganidek, eng ko‘p ovoz olgan takliflar ro‘yobi uchun har bir maktabga mahalliy budjetdan 62 mln so‘mdan pul ajratiladi.

Joriy mavsumda 112 ta tumandagi maktablar qatnashyapti. Qolgan tumanlar dekabr oyida bo‘ladigan ikkinchi mavsumda ishtirok etadi.

Mavzuga oid