O‘zbekiston | 22:16 / 12.07.2017
40805
2 daqiqa o‘qiladi

Yengil avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish vazifasi tadbirkorlarga berildi

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 iyulda «Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №PQ-3127 sonli qarori qabul qilindi.

Hujjat matniga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligining 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari funksiyalaridan biri — yengil avtomobillarning majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishni tadbirkorlik sub'yektlari — yuridik shaxslarga o‘tkazish taklifi qarori ma'qullangan. Bunda ko‘rsatilayotgan xizmatlarga o‘rnatilgan narxlar va ichki ishlar organlari bilan birgalikda ishlash talablariga rioya etiladi. Taklifda yuk, yo‘lovchi va maxsus transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish mustasno etilgan.

Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi 2017 yilning 1 dekabriga qadar ishbilarmonlik sub'yektlari — yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarning yengil avtotransport vositalarini mazkur Qaror talablarini hisobga olgan holda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartiblarini ishlab chiqishi lozim.

Ichki ishlar vazirligi zimmasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi bilan hamkorlikda 2018 yil 1 yanvardan boshlab yo‘l harakati sohasida ma'muriy huquqbuzarlik ishlarini rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtiruvchi, tegishli notarial harakatlarni hisobga olish, avtotransport vositalarining texnik ko‘rikdan o‘tkazilishini nazorat etish, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini osonlashtiruvchi elektron tizimini ishlab chiqish va joriy etish vazifasi yuklatilgan.

Mavzuga oid