Namangan viloyati hokimi o‘zini yoqib yuborgan ayol xonadoniga bordi
Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkatjon Abdurazzoqov MIB xodimlari harakatiga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘yib vafot etgan ayol xonadonida bo‘ldi.
Viloyat hokimi Namangan shahridagi «Istiqbol» mahallasida bo‘lib, marhum Gulandom Dadaboyevaning yaqinlariga ta'ziya bildirdi. Uning 15 va 12 yashar o‘g‘illari munosib sharoitlarda voyaga yetishida har tomonlama ko‘mak berilishini ta'kidladi.
«Mazkur holat bo‘yicha hozirda prokuratura idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ularning natijasi bo‘yicha vaziyatga huquqiy baho beriladi va bu haqda albatta jamoatchilikka ma'lum qilinadi», degan viloyat hokimi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 29 sentabr kuni Namangan shahrida istiqomat qilgan 35 yoshli Gulandom Dadaboyeva ijro harakatlari davomida o‘zining ustiga benzin quyib, yoqib yuborgandi.
U 30 sentabr kuni tanasining 80 foizdan ortiq kuyish tan jarohati oqibatida RShTYoIM Namangan filialida vafot etgan.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Namanganda sodir bo‘lgan voqeaga yuzasidan fikr bildirib, qonunchilikda firibgarlik uchun jazo yetarli emasligi ham bunday voqealarga sabab bo‘layotganini qayd etib, deputatlardan bu masalani ko‘rib chiqish so‘ragan.
«Bunday dahshatli holatga qo‘l urgan bu ayolning chorasizligini to‘liq tushunib turibman. Va qonunchiligimizni bu borada nomukammal deb hisoblayman. Firibgarlar qo‘liga tushib turar joylaridan ayrilib va tom ma'noda ko‘chada qolgan holatlar faqat bu ayoldagina uchramaydi. Firibgarlar qamoqqa olinishlari mumkin, lekin moddiy zararni barmoq bilan sanaydiganlari qoplaydi, xolos. Bu holda, mening nuqtayi nazarimdan, firibgarlar davlatga qarzdor bo‘lib, qonun oldida javob berishlari kerak. Davlat esa o‘z o‘rnida shunday firibgarlar girdobiga tushib qolgan insonlarga shu kabi muammolardan chiqishiga yordam berishlari lozim», degan u.
Voqea yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Mavzuga oid
19:41 / 17.03.2021
Namanganda go‘zallik salonlaridagi noqonuniy ishlarga chek qo‘yiladi
12:58 / 25.09.2020
Shavkatjon Abdurazzoqov Namangan viloyatining yangi hokimi bo‘ldi
12:18 / 19.06.2020
«Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun ma'qullandi
15:22 / 05.03.2020