O‘rtacha oylik ish haqini hisoblab chiqarish tartibiga qanday qo‘shimcha kiritildi?

Foto: KUN.UZ
Vazirlar Mahkamasining 22.05.2018 yildagi 384-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, deb yozadi Norma.
1. O‘rtacha oylik ish haqini hisoblab chiqarish tartibining (VMning 11.03.1997 yildagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan) 1-bandiga qo‘shimcha kiritildi.
Unga muvofiq, agar xodim oliy ta'lim tizimida o‘qish, qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun yuborilgan bo‘lsa, ushbu davrga haq to‘lash uchun xodimning o‘rtacha oylik ish haqi xuddi mehnat ta'tili haqi, ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lash uchun o‘rtacha oylik ish haqi hisoblanganidek hisob-kitob qilinadi.
2. «Byudjyet tashkilotlarini mablag‘ bilan ta'minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorning (VMning 3.09.1999 yildagi 414-son qarori) 4-bandiga o‘zgartirish kiritildi.
Faoliyat turi bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotishdan, binolarni va mol-mulkni ijaraga berishdan, homiylik (beg‘araz) yordami berilishidan qo‘shimcha daromad olayotgan byudjyet tashkilotlarini barcha turdagi soliqlar, Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod qilish muddati 2023 yil 1 yanvargacha uzaytirildi. Imtiyoz maqsadli tusga ega.
Ilgari soliqlar va yig‘imlardan ozod qilish muddati 2018 yil 1 yanvargacha etib belgilangan edi.
3. «2001/2002 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga qabul to‘g‘risida»gi qarorning(VMning 12.06.2001 yildagi 250-son qarori) 9-bandiga o‘zgartirish kiritildi.
Oliy ta'lim muassasalarini to‘lov-kontrakt asosida kadrlarni tayyorlash uchun tushadigan mablag‘lardan soliqlar, Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilish muddati 2023 yil 1 yanvargacha uzaytirildi. Imtiyoz maqsadli tusga ega.
Ilgari soliqlar va yig‘imlardan ozod qilish muddati 2018 yil 1 yanvargacha etib belgilangan edi.
4. «Ichki bozorni yog‘och-taxta materiallari bilan to‘ldirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga (VMning 7.07.2003 yildagi 305-son qarori) o‘zgartirishlar kiritildi, ularga muvofiq chetdan keltiriladigan yog‘och-taxta materiallari va yog‘och uchun import bojxona boji va QQS to‘lashdan ozod qilinadigan shaxslar ro‘yxatidan jismoniy shaxslar chiqarib tashlandi.
5. Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga(VMning 7.01.2011 yildagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan) o‘zgartirishlar kiritildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlari bo‘yicha cheklovlar olib tashlandi.
6. «Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ayrim toifadagi yuridik shaxslarga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, yagona yer solig‘i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorga (VMning 2.10.2012 yildagi 281-son qarori) aniqlashtirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ularga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik shaxslarga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, yagona yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni soliqlardan (to‘liq yoki qisman) ozod qilish tarzida berishlari mumkin.
Soliqlar bo‘yicha imtiyozlar birinchi navbatda quyidagi toifadagi soliq to‘lovchilarga beriladi:
a) ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashni amalga oshirayotganlarga;
b) O‘zbekiston Respublikasi rivojlanish davlat dasturiga kiritilganlarga;
v) hududning infratuzilmasini rivojlantirishda qatnashuvchilarga.
Bunda mahalliy davlat hokimiyati organlari soliqlar bo‘yicha belgilangan stavkalarga hududlarning hamda faoliyatni amalga oshirish joyining xususiyatlarini inobatga olgan holda jismoniy shaxslarning mol-mulkidan olinadigan soliq va jismoniy shaxslarning yer solig‘i bo‘yicha belgilangan stavkalarga nisbatan 0,7 dan 1,3 gacha pasaytiruvchi va oshib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritish vakolatiga ega.
7. Yuridik shaxslarning alohida bo‘linmalari bo‘yicha soliqlarni to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga (VMning 27.02.2017 yildagi 105-son qarori bilan tasdiqlangan) o‘zgartirishlar kiritildi.
Yuridik shaxsning alohida bo‘linmasiga to‘g‘ri keladigan foyda solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, yagona soliq to‘lovi va qo‘shilgan qiymat solig‘i summalari hisob-kitoblari shakllari (1–3-ilovalar) o‘z kuchini yo‘qotdi.
Ko‘rsatilishicha, Moliya vazirligi va DSQ tomonidan tasdiqlangan soliq hisobotlari shakllari bo‘yicha alohida bo‘linmaga to‘g‘ri keladigan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi va qo‘shilgan qiymat solig‘i summalari hisob-kitoblari yuridik shaxsning soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi DSXOga taqdim etiladi. Ayni paytda bular «Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror (AV tomonidan 14.03.2017 yilda 2439-4-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan tasdiqlangan hisob-kitoblar shakllaridir.
Ushbu hisob-kitoblar yuridik shaxsning hisob-kitoblari asosida tuziladi. Ularda har bir alohida bo‘linma bo‘yicha soliq summalari alohida satrda ajratib ko‘rsatiladi. Bunda yuridik shaxs soliq bo‘yicha hisobga olingan joydagi DSXOga hisob-kitoblar taqdim etilayotganda uning har bir alohida bo‘linmasiga to‘g‘ri keladigan soliqlar summalari bo‘yicha hisob-kitoblar nusxalari ilova qilinadi.
Mavzuga oid

08:07 / 12.05.2025
Vazirlar Mahkamasi binosi madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritiladi

17:43 / 21.11.2024
Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi (foto)

11:49 / 20.11.2024
Vazirlar Mahkamasi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilandi

15:25 / 19.11.2024