O‘zbekiston | 23:59 / 06.12.2022
48855
3 daqiqa o‘qiladi

“Bu ob-havoda rejali cheklovlar kiritmasak, ertaga bundan-da jiddiyroq talafot bo‘lishi mumkin” - bosh vazir o‘rinbosari

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov energota’minotdagi uzilishlar yuzasidan izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi ob-havo sharoiti jiddiyroq talafotlarning oldini olish maqsadida rejali cheklovlar o‘rnatishni taqozo etmoqda.

“Bizning vazifamiz – odamlarimizni xonadonida gaz bilan ta’minlash, shuningdek, tabiiy gaz yordamida issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiya ishlab chiqarib, elektr energiya yetkazib berishdir.

To‘g‘ri, e’tirozlar bor. Hammaga ham yetib bormayapti, juda ko‘p o‘chishlar bo‘lyapti. Biz buni tan olamiz, hech kim inkor etmayapti. Shu ob-havo sharoitida rejali cheklovlar kiritgan holda [vaziyatdan] chiqib ketmasak, ertaga bundan-da jiddiyroq talafot bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday keskin choralar ko‘rishga majburmiz”, – dedi vazir.

Jo‘rabek Mirzamahmudov Farg‘onaning O‘zbekiston tumanidagi “Sho‘rsuv sement” nomli sement zavodi ishchilarining internetda tarqalgan jamoaviy murojaatiga ham munosabat bildirdi. Murojaatda xodimlar zavod gazdan uzilgani sababli ishsiz va daromadsiz qolishganini aytishgandi.

“Farg‘onadagi holatga keladigan bo‘lsak, yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz, boshqa alternativ yoqilg‘ida ishlashi mumkin bo‘lgan barcha obektlar havo keskin shunaqa paytda tarmoqdan uziladi. Bu yerda biroz bo‘rttirib gapirilgan, 10 mingta [ishchi ishsiz qolyapti] deb. Bu sement ishlab chiqarish korxonasining 10 mingta emas, yuzdan sal oshiqroq ishchilari bo‘lgan.

Hamma biladiki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bor, g‘isht zavodlari, yangidan qurilayotgan sement zavodlar barchasi ko‘mir, ya’ni alternativ yoqilg‘ida ishlashi kerak. Hozir bu [Farg‘onadagi] zavodni tabiiy gazga kim ulagan, kim ruxsat bergan, buni alohida o‘rganib chiqamiz. Lekin korxona rahbarlari shartnoma shartlariga ko‘ra vaqtida ogohlantirilgan. Ishchilar bilan tegishli targ‘ibot ishlarini olib borishi kerak edi”, – dedi Mirzamahmudov.

Avvalroq “Hududgaz Farg‘ona” bergan bayonotda birinchi o‘rinda aholiga gaz yetkazib berish uchun “Sho‘rsuv sement” boshqa sement zavodlari qatori gazdan uzilgani, lekin korxona o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa qayta ulanib olgani ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid