Jahon | 15:12 / 26.10.2025
5557
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp Osiyo bo‘ylab turnesini boshladi va Malayziyaga keldi

Uning huzurida Tailand va Kambodja «tinchlik shartnomasi»ni imzoladi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurga keldi. Bu uning Osiyo mamlakatlari bo‘ylab bir haftalik turnesidagi birinchi manzil bo‘lib, safar davomida u mintaqadagi ikki tashkilot – ASEAN’​​ning (Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi) Malayziyadagi va APEC’ning​​ (Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi) Janubiy Koreyadagi sammitlarida ishtirok etadi, shuningdek, Yaponiyaga tashrif buyuradi. Uning turnesidagi asosiy voqea Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuv bo‘lishi kutilmoqda.

Yakshanba kuni Tailand va Kambodja yetakchilari Oq uy rahbari ishtirokida ikki davlat o‘rtasida harbiy mojaroni to‘xtatishga qaratilgan, Tramp «tinchlik kelishuvi» deb atagan shartnomani imzoladi.

OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, AQSh prezidenti ushbu marosimni ASEAN sammiti davomida tashkil etishni talab qilgan. Yozda Tramp Tailand va Kambodja chegarasidagi janglarni to‘xtatishga yordam bergan va u bu urushni o‘zi to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan sakkizta urush qatoriga kiritgandi.

BBC muxbirlari ta’kidlashicha, hujjat imzolanishidan oldin Tailand va Kambodja rahbarlari uni «tinchlik kelishuvi» deb atamaslikni ma’qul ko‘rishgan. Hujjatning rasmiy nomi «Munosabatlar to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya» deb atalgan.

Matbuotga sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, hujjatda mojaroni yumshatish uchun faqat dastlabki choralar, jumladan, og‘ir qurollarni olib chiqib ketish hamda chegaralarni demarkatsiya qilish va minalardan tozalash bo‘yicha qo‘shma harakatlar tasvirlangan.

Tailand va Kambodja o‘rtasidagi mojaro qanday rivojlandi?

Ikki davlat o‘rtasidagi uzoq yillik qarama-qarshilikning navbatdagi bosqichi may oyida, kambodjalik harbiy xizmatchi chegarada halok bo‘lganida boshlandi. Bu munosabatlar keskin yomonlashuviga olib keldi: ikkala davlat bir-biriga qarshi qo‘shimcha cheklovlar kiritdi.

Kambodja Tailanddan ko‘plab tovarlar, jumladan, meva va sabzavotlarni import qilishni taqiqladi va bu mamlakatga elektr energiyasi va internet xizmatlarini eksport qilishni to‘xtatdi. Ikki davlat ham chegarada harbiylarini va qurollarini ko‘paytirdi.

24 iyul kuni ikki davlat armiyasi o‘rtasida chegara to‘qnashuvlari boshlandi, bu besh kun davom etdi va 33 kishi o‘limiga olib keldi. O‘n minglab aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.

28 iyul kuni Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim vositachiligida Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Avvaliga Tailand vositachilik takliflarini rad etgandi, biroq Tramp «janglar to‘xtatilmaydigan bo‘lsa», tariflar bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatish bilan tahdid qilganidan keyin rozi bo‘ldi.

Tomonlar janglarni to‘xtatishga kelishib olgandan so‘ng ham to‘qnashuvlar davom etdi. Sentyabrda chegarada otishmalar boshlandi; Shuningdek, Kambodja tomoni Tailand chegarada o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlar orqali «psixologik urush» olib borayotganini ta’kidlagan.

Bir asrdan ko‘proq vaqtdan beri Tailand va Kambodja Kxmer imperiyasining qadimgi Preaxvixeya va Ta Moan Thom ibodatxonalari joylashgan hududlarga kim egalik qilishi bo‘yicha bahslashmoqda.

Si bilan muzokaralar va ASEAN sammiti: Tramp Osiyoda yana nimalar qiladi?

AQSh prezidenti Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) sammitida ishtirok etadi.

Donald Tramp Kuala-Lumpurga uchib kelganidan so‘ng qizil gilam bo‘ylab yurmoqda. Uni Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim kutib olmoqda.

BBC muxbirlari xabar berishicha, uning ishtiroki ushbu tashkilotning 11 a’zosi uchun muhim edi, chunki bu davlatlarning aksariyati o‘z tovarlarini AQShga eksport qilishga juda qaram hisoblanadi. Tramp butun dunyo bilan olib borayotgan tarif urushi fonida bu mamlakatlar yetakchilari uchun AQSh prezidenti bilan aloqa o‘rnatish va Vashington bilan munosabatlarda barqarorlikni qaytarish juda muhim.

ASEAN 1967 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asoschilari Tailand, Indoneziya, Malayziya, Filippin va Singapur bo‘lgan. Keyinchalik tashkilotga Bruney, Laos, Vetnam, Myanma va Kambodja qo‘shilgan. Yakshanba kuni Sharqiy Timor rasman blokning 11-a’zosiga aylandi. Umuman olganda, ASEAN davlatlari hududida 600 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Tramp Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitiga ham boradi. Ushbu tashrifning asosiy voqeasi – uning Osiyoga butun safari kabi – AQSh prezidentining Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuvi bo‘lishi kutilmoqda.

BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurkerning ta’kidlashicha, Trampning Si Jinping bilan 2019 yildan beri birinchi yuzma-yuz muzokaralari AQShning amaldagi prezidentining qolgan butun muddati davomida Amerika-Xitoy munosabatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tramp Xitoyga qarshi ulkan bojlar joriy qildi, ammo ularni bu darajada ushlab turish imkonsizligini tan oladi. AQShning eng yirik savdo hamkori bilan iqtisodiy urushning kuchayishi AQSh uchun ham, Xitoy va butun dunyo uchun ham halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Uning asosiy vazifasi Si Jinpingni Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishni to‘xtatmaslik kerakligiga ishontirish, Xitoyning noyob yer metallarini AQShga yetkazib berish bo‘yicha cheklovlarni yumshatish va Xitoy kompaniyalariga Amerika bozoriga erkinroq kirish imkonini berishdan iborat bo‘ladi.

Tramp Osiyoga tashrifi oldidan ham Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatishda Xitoyning yordamiga umid qilayotganini aytgandi.

Bundan tashqari, Tramp Yaponiyaga tashrif buyuradi va u yerda ushbu mamlakatning yangi bosh vaziri Sanae Takaichi bilan birinchi uchrashuvni o‘tkazadi.

Mavzuga oid