Jahon | 16:17 / 13.12.2025
1631
4 daqiqa o‘qiladi

YeK rahbari Trampni Yevropa demokratiyasiga aralashmaslikka chaqirdi

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Trampning Yevropa sivilizatsiyasi yaqinda tanazzulga yuz tutishi va Yevropadagi “zaif” rahbarlar haqidagi so‘zlarini tanqid qildi. U AQShni yagona Yevropani birgalikda himoya qilishga chaqirdi.

Foto: AFP

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen AQSh prezidenti Donald Trampning “Yevropa tanazzuli” va uni “zaif” rahbarlar boshqarayotgani haqidagi bayonotlariga javob berdi. Tramp Yevropa demokratiyasiga aralashmasligi kerak, dedi u payshanba, 11 dekabr kuni Bryusseldagi Politico-28 tadbirida, Oq uy rahbarining Politico nashriga bergan intervyusini sharhlar ekan.

“Saylovlar haqida gap ketganda, qaysi davlatning rahbari kim bo‘lishini biz hal qilmaymiz, balki o‘sha davlat xalqining o‘zi hal qiladi… Bu saylovchilarning suveren huquqidir va uni himoya qilish kerak”, — deb ta’kidladi u. Fon der Lyayyen aytishicha, unda AQSh prezidentlari bilan — hozir ham shu jumladan — “juda yaxshi munosabatlar” bo‘lgan. Biroq u Yevropa o‘zini boshqalar bilan solishtirishdan ko‘ra, o‘ziga e’tibor qaratishi lozimligini ham ta’kidladi.

“Butun qalbim bilan men transatlantik hamkorlikning qat’iy tarafdoriman. Ammo nima muhim? Muhimi shuki… biz Yevropa Ittifoqi ekanimizdan faxrlanamiz, o‘z kuchli tomonlarimizni ko‘ramiz va bizda bor chaqiriqlar bilan kurasha olamiz”, — deya fon der Lyayyenning so‘zlarini keltiradi Politico. U AQShni “yagona Yevropani himoya qilishga” chaqirgan.

Bir necha kun oldin e’lon qilingan AQShning Milliy xavfsizlik strategiyasi haqida fikr bildirib — unda kelasi 20 yil ichida Yevropaning “tsivilizatsion yo‘q qilinishi” kutilayotgani aytilgan — fon der Lyayyen “hech kim boshqa aralashmasligi kerak”ligini ta’kidladi. U Yevropa xorijiy aralashuvga qarshi choralar ko‘rayotganini, jumladan saylovlarga aralashuvga qarshi kurashayotganini aytdi.

10 dekabr kuni Politico nashrining The Conversation podkasti maxsus sonida chiqqan intervyuda AQSh prezidenti Yevropani “chirib borayotgan” davlatlar guruhi deb atadi. “Menimcha, ular zaif”, — dedi Tramp qit’aning prezidentlari va bosh vazirlarini nazarda tutib. Shuningdek, u yevropalik rahbarlar “nima qilishni bilmaydi”, deb da’vo qildi.

AQSh Milliy xavfsizlik strategiyasida Yevropaning o‘ta o‘ng partiyalarning ta’sirini cheklash bo‘yicha sa’y-harakatlari tanqid qilinadi, hujjatda bu harakatlar “siyosiy senzura” deb ataladi. Tramp ma’muriyati YeI mamlakatlarida “jiddiy muammolar” borligidan xavotir bildirdi — hujjatda aytilishicha, u yerlarda hokimiyat so‘z erkinligi va siyosiy muxolifatni bostirayotgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, hujjatda Yevropa amaldorlarida Ukrainadagi urush natijalari bo‘yicha “realistik bo‘lmagan kutilmalar” borligi aytilgan. “Yevropaliklarning aksariyati tinchlikni istaydi, ammo bu intilish siyosatda aks etmayapti — ko‘p jihatdan, hukumatlar demokratik jarayonni izdan chiqarayotgani uchun”, — deyiladi hujjatda.

Mavzuga oid