Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron prezidenti hujumga uchragan qo‘shni davlatlardan uzr so‘radi
Mas’ud Pizishkiyon Muvaqqat rahbariyat kengashi qaroriga ko‘ra, agar o‘z mamlakatiga hujum qilinmasa, Eron ham qo‘shni davlatlarga hujum qilmasligi va raketa uchirmasligini aytdi.
Foto: Majid Saeedi / Getty Images
Pizishkiyon davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan telemurojaatida o‘z mamlakati xavfsizlik siyosati haqida bayonot berdi va hujumga uchragan qo‘shni davlatlardan uzr so‘radi. Anadolu agentligi uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.
«Men hujumga uchragan qo‘shni davlatlardan uzr so‘rayman. Rahbarimiz, qo‘mondonlarimiz va talabalarimiz dushmanning vahshiyona hujumlari tufayli halok bo‘ldi. Qurolli kuchlarimiz yurtimizni shon-sharaf va kuch-qudrat bilan himoya qilish uchun barcha zarur ishlarni amalga oshirdi. Qo‘shni davlatlarga hujum qilish niyatimiz yo‘q. Ular bizning birodarlarimiz va biz ular bilan birgalikda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga intilamiz», dedi Eron prezidenti.
Pizishkiyon Muvaqqat rahbariyat kengashi qarorini izohlar ekan, shunday dedi: «Kecha Muvaqqat rahbariyat kengashi yig‘ilishida shunday qaror qabul qilindi: qo‘shnilardan bizga hujum bo‘lmaguncha, ulardagi nishonlarga zarba berilmaydi va raketalar uchirilmaydi».
AQSh prezidenti Donald Trampning «Eron so‘zsiz taslim bo‘lishi kerakligi» haqidagi bayonoti haqida Pizishkiyon bu g‘oya «ular qabrgacha olib yuradigan orzu» ekanini aytdi.
Shu bilan birga, u AQSh foydalanishga urinayotgan Iroq shimolidagi qurolli guruhlar haqida ham ma’lum qildi.
«Bu imkoniyatdan foydalanib, yurtimizga hujum qilishni rejalashtirayotgan qo‘shni mamlakatlardagi guruhlarga xabar yuboraman: AQSh va Isroil kabi imperializmning quroli va qo‘g‘irchog‘iga aylanmang. Bizda kelishmovchiliklar va bir-birimizdan shikoyatlar bo‘lishi mumkin, ammo genotsid sionistik rejim va zolim Amerika tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bunday harakatlar sharafsizlikdir», deb qo‘shimcha qildi u.