O‘zbekiston | 14:34 / 19.03.2026
3223
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat idoralarida qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi

2026 yil 1 maydan boshlab keyingi 5 yil davomida davlat tashkilotlarida qog‘oz, printer va shunga o‘xshash jihozlar xarajatlari har yili 15 foizga kamaytirib boriladi. Printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalaniladi. Bunda har 20 nafar xodim uchun 1 dona qurilma ajratiladi.

Foto: Shutterstock

 O‘zbekistonda qog‘ozsiz ish yuritishga o‘tish jarayoni jadallashtiriladi. Bu borada 18 mart kuni «Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida ish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida qog‘ozdan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 iyunga qadar:

  • ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus chiqindi qutilari tashkil etiladi va ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • har bir tarkibiy bo‘linmadagi xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda, qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi.

2026 yil 1 maydan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida:

  • kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi;
  • printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi;
  • har oyda 1 marotaba «Qog‘ozsiz bir kun» ekoaksiyasi o‘tkaziladi.
Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid