O‘zbekiston | 22:35 / 12.04.2021
13451
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahri yaqinida «Yangi Andijon» massivi quriladi

Andijon shahri yaqinida qariyb 4 ming gektarlik, 411 ming aholiga mo‘ljallangan «Yangi Andijon» turar joy massivi qurilishi kutilmoqda. 12 aprel kuni massivning bosh rejasi prezidentga taqdimot qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Andijon – O‘zbekistonda aholi eng zich joylashgan shaharlardan. Shaharning o‘zida rivojlanish uchun bo‘sh joy yo‘q, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Umumiy maydoni qariyb 4 ming gektar bo‘lgan yangi shaharning bosh rejasiga ko‘ra, u 1439 gektar turli qurilmalar, ya'ni uy-joy, savdo maskanlari va kichik sanoat zonasi, 1820 gektar yashil hudud, 223 gektarlik xizmat ko‘rsatish hududi va 499 gektar yo‘llardan iborat bo‘ladi.

«Eng muhimi, bu massiv aholi uylari bo‘lmagan, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan bo‘sh maydonda barpo etiladi. Turar joy massivi qurilishi natijasida 411 ming nafar aholi yashashi mumkin bo‘lgan yangi shaharcha paydo bo‘ladi.

Prezident loyiha bilan tanishib, uy-joylarni puxta va sifatli loyihalashtirish, uni amalga oshirishda mahalliy mutaxassislarning salohiyatidan unumli foydalanish, unda imkon qadar ko‘proq yashil hududlar, bog‘ va xiyobonlar tashkil etilishini, aholining dam olishi va mehnat qilishi uchun qulay sharoitlarni nazarda tutish bo‘yicha topshiriqlar berdi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

  • Ma'lumot uchun, 440 mingdan ortiq aholi yashaydigan Andijon – aholisi zichligi bo‘yicha O‘zbekistondagi ikkinchi shahar. 2021 yil boshida shaharning 1 kv.km hududiga 741 kishi to‘g‘ri kelgan.
  • Eslatib o‘tamiz, prezident o‘tgan yili kuzda Andijonga borganida, Asakada Asaka Sity qurilishi ma'lum bo‘lgandi. «O‘zavtosanoat» quradigan Asaka City qariyb 100 mln dollarga tushishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid