Andijonda darsga kech kelgan qizlar jazo sifatida o‘tirib-turg‘azildi. Bu mumkin emas
Andijon shahridagi 5-maktabda kechikib kelgan o‘quvchi qizlar o‘tirib-turish mashqi bilan jazolanayotgani aks etgan video Kun.uz'ga kelib tushdi. Manbaga ko‘ra, maktab direktori darsga vaqtida kelmagan bolalarni har kuni shunday jazolaydi. Bu – ichki tartibni buzgan o‘quvchilar bilan ishlash qoidalariga zid.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Andijon shahridagi 5-maktabda 3 803 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Kun.uz manbalariga ko‘ra, muassasa direktori darsga kech qolgan bolalarni turli jismoniy mashqlar bilan jazolaydi.
Tahririyatga kelib tushgan videoda, bir guruh o‘quvchi qizlar maktab darvozasidan kirgan joylarida o‘tirib-turish mashqini bajarayotganini ko‘rish mumkin.
“Kasal o‘quvchilar ham bor, ularga biror nima bo‘lsa, [direktor] oldini oladimi?” – deydi maktab yaqinida yashovchi fuqaro.
Bolani bu taxlit jazolab bo‘lmaydi
5-maktab direktorining o‘quvchilarni jazolashi – 2022 yil iyulda vazir buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari”ga zid.
Hujjatga ko‘ra, o‘qituvchilar jamoa a’zolari va boshqalarning shaxsiyati, qadr-qimmati kamsitilishi, o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlaridan asossiz chiqarib yuborish yoki kiritmasligi hamda chiqish qo‘ng‘irog‘i chalingandan keyin o‘quvchilarni sinfxonada ushlab o‘tirishi ham mumkin emas.
O‘quvchilar ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzgan taqdirda ularning qog‘oz yoki elektron kundaligiga tanbeh yozishi, qoida buzilish holatlari takroran kuzatilganda esa o‘quvchini maktab ichki nazorat ro‘yxatiga olish va yakka tartibda shug‘ullanish, bu ham foyda bermasa, qoida buzgan o‘quvchini boshqa sinfga o‘tkazish, sinf jamoasi orasida muhokama qilish, ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ni maktabga taklif qilish belgilangan.
“Bu – bolaning konstitutsiyaviy huquqlarini buzish”
Xabar to‘ldirildi. Bolalar ombudsmani yuqoridagi holatni o‘rganayotganini ma’lum qildi.
“Ta’limdagi tartib-qoidalardan chetga chiqib, o‘quvchilarga nisbatan turli jazolash usullarini qo‘llash hamda bolani ommaviy izza qilish uning sha’ni va qadr-qimmatini poymol etadi – bu bolaning konstitutsiyaviy huquqlarini buzishdir. Bunday nomaqbul harakatlar javobsiz qolishi mumkin emas”, – deyiladi bola huquqlari bo‘yicha vakilning bayonotida.
Mavzuga oid
19:45 / 09.10.2024
O‘qituvchilarning paxta terimiga jalb etilishi noqonuniy - MMTV
19:28 / 03.10.2024
“Men bolalardan o‘rgangani kelganman” - Andijondan Qashqadaryoning chekka hududiga borib ishlayotgan o‘qituvchi
14:52 / 03.10.2024
Surxondaryoda tadbirkor o‘zi tahsil olgan maktab uchun 630 o‘rinli yangi bino qurib berdi
13:50 / 01.10.2024