O‘zbekiston | 18:12 / 24.01.2022
2198
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda tadbirkorlarni noto‘g‘ri tekshirgan soliq idorasi xodimlari javobgarlikka tortildi

Qashqadaryoda tadbirkorlarni noto‘g‘ri tekshirgan soliq idorasi xodimlari javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: AP

Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliq organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida buyruq, shuningdek, ishonchli ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar kiritilganidan so‘ng amalga oshirilishi lozim.

Qashqadaryo viloyatida biznes ombudsman devonining viloyatdagi xodimlari hamda viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tahlillar natijasida hududdagi soliq organlari tomonidan 20 dan ortiq holatda yuqoridagi talab buzilganligi aniqlangan.

Ushbu qonunbuzilish holatlari yuzasidan Qashqadaryo viloyatidagi tuman (shahar) prokuraturalari tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirib, sudlarga taqdim qilingan.

Tegishli sud qarorlariga asosan, soliq organlarining 9 nafar mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Jumladan, Chiroqchi tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari A. Yusupov, Dehqonobod tuman soliq inspeksiyasi bosh hisobchisi D.Narsafarova, Dehqonobod tuman soliq inspeksiyasi inspektori B.Soatov, Dehqonobod tuman sayyor tekshiruvlar shu’ba boshlig‘i I.Abduraimov, Muborak tuman soliq inspeksiyasi sayyor soliq tekshiruvi bosh inspektori X.Suyunov, Qarshi tuman soliq inspeksiyasi soliq nazorati bo‘limi sayyor soliq tekshiruvlari shu’basi bosh inspektori O.Farxodov, Nishon tuman soliq inspeksiyasi soliq nazorati bo‘lim boshlig‘i Yu.Xoldorov, Shahrisabz tuman soliq inspeksiyasi sayyor soliq tekshiruvlari shu’basi boshlig‘i O.Ro‘ziyev, G‘uzor tuman soliq inspeksiyasi soliq nazorati bo‘limi boshlig‘i J.Xurramov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan jarimaga tortilgan.

Mavzuga oid