Sport | 12:19 / 03.12.2025
9339
12 daqiqa o‘qiladi

«Siti» 4 ta gol o‘tkazdi, «Barsa»da kambek

Gvardiola shogirdlari 5:1 hisobidagi ustunlikni boy berishiga bir baxya qoldi, «Atletiko» «Barsa»ga qarshi o‘yinlardagi mag‘lubiyatli seriyasini davom ettirdi.

Angliya: Holandning rekordi

«Fulhem» – «Manchester Siti» 4:5
Gollar:
Holand, 17 (0:1). Reynders, 37 (0:2). Foden, 44 (0:3). Smit-Rou, 45+2 (1:3). Foden, 48 (1:4). Berge, 54 – avtogol (1:5). Ivobi, 57 (2:5). Chukvueze, 72 (3:5). Chukvueze, 78 (4:5)
«Fulhem»: Leno, Bassi, Andersen, Sessenon, Tete (Kastan, 46), Berge, Lukich (Chukvueze, 46), Smit-Rou (King, 74), Ivobi, Uilson (Kevin, 82), Ximenes (Kusi-Asare, 73)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales (Stouns, 64), Bernardu Silva, Reynders (Sherki, 82), Doku (Savio, 64), Foden (Ake, 90+7), Holand
Ogohlantirish: Sherki, 90

Angliya chempionatida ancha vaqtgacha muxlislar yodidan chiqmaydigan noyob o‘yin bo‘lib o‘tdi. Avvaliga «Fulhem» va «Manchester Siti» uchrashuvi Erling Holandning rekordi bilan yodda qoladigandek tasavvur uyg‘ongandi.

O‘zi uchun noodatiy tarzda qatorasiga uch o‘yinda gol urolmagan Holand o‘yin debyutidayoq noxush seriyasiga barham berishi mumkin edi, ammo u Fodenning uzatmasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, darvoza ustunini poyladi. Faqat bo‘lim o‘rtalariga yaqinlashgandagina u o‘z maqsadiga erishdi – Dokuning qanotdan uzatmasidan keyin Erling darvozani o‘qqa tutdi.

Bu norvegiyalik hujumchining APLdagi 100-goli bo‘ldi va u bu natijaga barchadan tezroq erishdi. Unga buncha gol uchun 111 uchrashuv yetarli bo‘ldi. Bundan oldingi rekord 100 gol uchun 124 o‘yin sarflagan Alan Shirerga tegishli bo‘lgandi.

Holand birinchi bo‘limda Reynders va Fodenning gollariga assistentlik ham qildi, o‘yinning 54-daqiqasiga kelib esa hisob 1:5 ko‘rinishini oldi.

Shundan keyin Xosep Gvardiola shogirdlari xotirjamlikka berilishdi, mezbonlar esa yana uchta javob golini urishdi. Zaxiradan o‘yinga tushirilgan Samu Chukveze dubl qayd etib, 78-daqiqada hisobni 4:5 ko‘rinishiga keltirdi. Natijada o‘yinning qolgan qismi «shaharliklar» uchun o‘ta asabiy tus oldi.

«Fulhem»ning uchinchi goli uch yarim daqiqa davomida VAR orqali tekshirilgani tufayli hakam ikkinchi bo‘limga sakkiz daqiqa qo‘shib berdi. Va aynan 90+8-daqiqada o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Mezbonlar vingeri Kevin chap qanotdan jarima maydoniga kirib borib, bir necha metr masofadan zarba yo‘lladi, Donnarumma to‘pni o‘tkazib yubordi, ammo Gvardiol to‘pni chiziq oldidan qaytarib yubordi va jamoasi g‘alabasini saqlab qoldi.

Bu g‘alabadan keyin «Siti» peshqadam «Arsenal» bilan oradagi farqni ikkitagacha qisqartirdi, «kanonirlar» tur o‘yinini bugun o‘z maydonida «Brentford»ga qarshi o‘tkazadi. «Fulhem» esa 15-pog‘onaga tushdi.

«Nyukasl Yunayted» – «Tottenhem» 2:2
Gollar:
Gimarayns, 71 (1:0). Romero, 78 (1:1). Gordon, 86 – penalti (2:1). Romero, 90+5 (2:2)
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Tshau, Bern, Holl, Livramento, Tonali (Gimarayns, 46), Joelinton, Mayli (Sher, 90+3), Barns (Gordon, 66), Myorfi (Elanga, 66), Voltemade
«Tottenhem»: Vikario, Danso, Romero, Udodji, Porro, Bentankur, Bergvall (Simons, 77), Sarr (Grey, 87), Jonson (Risharlison, 77), Quddus (Odober, 87), Kolo Muani (Tel, 77)
Ogohlantirishlar: Romero, 23. Bentankur, 56. Risharlison, 86

«Nyukasl» va «Tottenhem» hozirda turli holatda. «Qarg‘alar» mavsum startidagi inqirozdan asta-sekinlik bilan chiqib kelmoqda, «shporlar» esa, aksincha, cho‘kib bormoqda. Seshanba kuni ikki jamoa ham o‘z an’anasini davom ettirdi, bu jamoalar qatorasiga oltinchi turda birinchi bo‘limda gol urolmadi. Lekin ikkinchi bo‘limda Tomas Frank shogirdlari irodali durangga erishdi va hatto g‘alabaga raqibdan ko‘ra yaqinroq edi. 86-daqiqada Gordon penaltini aniq ijro etib, jamoasini yana hisobda oldinga olib chiqqanida, o‘yin taqdiri hal bo‘lgandek ko‘ringandi.

Lekin mehmonlar taslim bo‘lmadi va argentinalik himoyachi Romero qo‘shimcha daqiqalarda chalqancha holatda yo‘llagan zarbasi bilan dublni rasmiylashtirib, hisobni tenglashtirdi. Bu «Sent-Jyeyms Park»da 2025 yil boshidan buyon qayd etilgan ilk durang bo‘ldi. Bungacha Eddi Hau jamoasi o‘z uyida yoki g‘alabaga erishgan, yoki yutqazgan, lekin biror marta durang o‘ynamagandi.

Ispaniya: chempionlik poygasida muhim g‘alaba 

«Barselona» – «Atletiko» 3:1
Gollar:
Baena, 19 (0:1). Rafinya, 26 (1:1). Olmo, 65 (2:1). Torres, 90+6 (3:1)
Aniq ijro etilmagan penalti: Levandovski, 36’
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin, Balde, Kunde, Pedri (Kasado, 74), E. Garsiya, Olmo (Reshford, 66), Rafinya (Fernandes, 74), Yamal (Kristensen, 88), Levandovski (Torres, 67)
«Atletiko»: Oblak, Ximenes, Langle, Gansko, Molina, Kardozo (Koke, 14, Grizmann, 75), Barrios, Baena (Almada, 62), Gonsales (Gallaher, 46), Simeone (Serlot, 63), Alvares
Ogohlantirishlar: Martin, 45 – Baena, 41

«Real» qatorasiga uch o‘yinda durang o‘ynagach, «Barselona» birinchi o‘ringa chiqib olgandi. Ammo Hans-Diter Flik jamoasiga o‘yin masalasida savollar saqlanib qolayotgandi, ushbu mutaxassis «Alaves»ga qarshi kechgan g‘alabali o‘yindan keyin (3:1) ham g‘amgin qiyofada edi. 19-turda esa kataloniyaliklarni «Kamp Nou»da «Atletiko» bilan jiddiy jang kutayotgandi. Diyego Simeone jamoasi Ispaniya chempionatida qatorasiga olti o‘yinda g‘alaba qozonib, «Barsa»ga uch ochkolik masofada yaqinlashib olgandi.

«Barsa»da betob bo‘lib qolgan Frenki de Yong maydonga tusha olmadi. «Chelsi» bilan o‘yinda antiqahramonga aylangan Ronald Arauxo esa o‘ziga kelib olish uchun ta’tilga chiqib ketgandi. Natijada himoya markazida Jyerar Martin tushirildi – u nominal chap qanot himoyachisi, ammo Hansi Flik uni yozgi mavsumoldi yig‘inida markazda ham o‘ynatgandi. «Alaves» bilan ikkinchi bo‘limda tushirilgan Pedri esa bu safar startga qaytdi.

Diyego Simeone Koke va Antuan Grizmanni zaxirada qoldirdi. Fransuz sog‘lom holatda, ammo bu mavsumda asosan joker rolida.

12-daqiqada «Atletiko» Jonni Kardozoni yo‘qotdi: ushbu tayanch yarimhimoyachisi Dani Olmo bilan yengil to‘qnashuvda jarohatlandi. U o‘yinni davom ettirish uchun ikki bor harakat qildi, ammo yakunda o‘rnini Kokega bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi. Majburiy o‘zgarish mehmonlar o‘yiniga ta’sir ko‘rsatmadi: o‘ng qanot himoyachisi Nauel Molina uzun pas bilan yana himoya chizig‘ini ancha oldinda joylashtirgan Flikni jazoladi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan Aleks Baena hisobni ochdi.

«Barsa» 26-daqiqada muvozanatni tikladi: Pedrining ajoyib golli pasidan keyin Rafinya darvozabonni aldab o‘tib, darvozani ishg‘ol etdi.

Shundan keyin «Atletiko» himoyaga yotib, qarshi hujumlarda payt poyladi. «Barsa» esa tig‘iz himoya chizig‘ini yorib o‘tishga urindi va 36-daqiqada Olmo penalti ishladi.

Robert Levandovski nuqtaga yaqinlashdi va to‘pni to‘sin yuqorisidan o‘tkazib tepdi. Bu «Barsa»ning la liganing bir mavsumida ikki penaltidan foydalana olmagan ilk futbolchisi bo‘ldi: u «Sevilya» bilan o‘yinda ham 11 metrdan gol urolmagandi va bu omadsizlik uning yozda jamoani tark etishi haqidagi xabarlar fonida bo‘lmoqda.

Tanaffus arafasida esa bahsli vaziyat yuzaga keldi: Jyerar Martin yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketayotgan Juliano Simeoneni ortdan podkat ishlatib to‘xtatdi. Bosh hakam Bengoechea esa bu epizodni so‘nggi umid foli deb baholamadi va sariq kartochka berish bilan cheklandi.

Tanaffusdan keyin «Barsa» yana tashabbusga egalik qildi: «Atletiko» qarshi hujumlarga tayandi, ammo birinchi golda ish bergan tryuk takrorlanmadi. Flik esa tobora ko‘proq raqib himoyasini yorib o‘ta boshladi va 65-daqiqada bu o‘z samarasini berdi: Levandovski to‘p uchun kurashda yutib chiqdi, Olmo jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

Lekin Dani bu epizodda yelkasidan jarohat oldi va o‘yinni davom ettira olmaydigan bo‘ldi.

Flik ko‘p o‘tmay Pedri va Rafinyani ham asrash uchun zaxiraga oldi. Natijada o‘yin oxirida «Atletiko» kuchli bosim uyushtirdi va mag‘lubiyatdan qutulib qolishi ham mumkin edi. 80-daqiqada Tiyago Almada bo‘sh darvozani ishg‘ol qilolmadi. 90+3-daqiqada esa Antuan Grizmann qanotdan uzatilgan to‘pga yaxshi zarba bera olmadi. 90+6-daqiqada esa raqib jarima maydonida yolg‘iz qoldirilgan Ferran Torres Baldening uzatmasidan keyin uchinchi golni urdi va «Kamp Nou»da yig‘ilgan muxlislar yengil tin olishdi.

Muhim g‘alabadan keyin kataloniyaliklar «Real»dan to‘rt ochkoga (madridliklar bugun «Atletik» mehmoni bo‘ladi), «Atletiko»dan olti ochkoga o‘zib ketdi. Endi Flik shogirdlarida 2025 yilni la liga peshqadami sifatida yakunlash uchun yaxshi imkoniyat mavjud.

● «Barsa» so‘nggi 5 o‘yindan 4 tasida g‘alabaga erishdi. Yagona mag‘lubiyat – «Chelsi» maydonidagi 0:3 bo‘ldi. OAVda kataloniyaliklardagi inqiroz haqida yozishayotgandi, ammo amalda jamoa barqaror ravishda ochko to‘plamoqda.

● «Barsa» «Atletiko»ga qarshi o‘yinlarda qatorasiga uchinchi g‘alabaga erishdi: o‘tgan mavsumda «Monjiuk»da mag‘lub bo‘lishgandi, keyin Kubok o‘yinida uyda 4:4 hisobi qayd etildi, ammo vaziyat o‘nglandi va qatorasiga ikki o‘yinda g‘alaba qozondi – chempionatda 4:2 va kubok bahsida 1:0.

● Diyego Simeone «Kamp Nou»da biror marta ham g‘alaba qozona olmagan. 14 yildirki «Barsa» uyini zabt etolmaydi.

● «Atletiko» yetti uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyasini to‘xtatdi. Bungacha «Betis» (2:0), «Sevilya» (3:0), «Yunion» (3:1), «Levante» (3:1), «Xetafe» (1:0), «Inter» (2:1) va «Oviyedo» (2:0) mag‘lub etilgandi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid