O‘zbekiston | 18:21 / 16.11.2019
45548
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistonda yiliga 4 mingdan ortiq kishi OITSga chalinmoqda» – Bahrom Almatov bilan suhbat

Kun.uz markaziy davlat organlari rahbarlari bilan sohaviy mavzulardagi intervyularini davom ettiradi.

Navbatdagi suhbatdoshimiz – Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov bo‘ldi.

 – Nega sanitariya-epidemiologik tarmoq ikkiga ajratildi?

 – Joriy yilning 9 sentyabrida prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

 Unga muvofiq, davlat sanitariya-epidemiologik markazlari negizida ikkita tizim – Nazorat inspeksiyasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi shakllanadigan bo‘ldi.

 Shu paytgacha tizimning vazifalari bitta organda mujassamlashgan edi. Ya'ni ishlab turgan tizim ham ijro, ham boshqaruv funksiyasini olib borardi. Sababi, sog‘liqni saqlash tashkilotiga taalluqli bo‘lgan 5000dan ortiq davolash muassasalari ham epidemiologik jihatdan katta ahamiyatga ega.

 DSENM Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibida bo‘lgani uchun ushbu muassasalardagi epidemiyaga qarshi hamda profilaktik chora-tadbirlarning amalga oshirilishini nazorat qilish, tekshirish, ularni o‘z vaqtida bartaraf qilish yoki qarshi kurashishda turli muammolarga duch kelayotgandi. Bu tizimli muammolar, «manfaatlar to‘qnashuvi» vujudga kelgandi.

 Shuning uchun rahbariyatimiz tomonidan ushbu tizim chuqur o‘rganilib, Vazirlar Mahkamasi qoshida Sanitariya-epidemiologiya nazorat inspeksiyasini tashkil qilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibida ijro funksiyasi bilan bog‘liq bo‘linmalar, bu – epidemiyalarga qarshi kurashish bo‘linmalari, immunoprofilaktika bo‘linmalari, tashqi muhit, insonlardan hamda oziq-ovqat mahsulotlaridan olinadigan namunalarning xavfsizlik ko‘rsatkichlari tekshiriladigan laboratoriyalar qoldirilib, agentlik sifatida faoliyat olib borishi yuzasidan topshiriqlar berildi.

 – O‘zbekistondagi umumiy epidemiologik vaziyat bo‘yicha ma'lumot bersangiz.

 – Bir narsani ta'kidlash kerak, OAVda qandaydir kasallik tarqalgani yoki ovqatdan zaharlanish holatlari haqidagi axborotlar muntazam tarqalishi epidemiologik vaziyat yomonlashganini anglatmaydi. Bunday holatlar dunyoning hamma davlatlarida, hatto eng rivojlangan davlatlarida ham uchrab turadi. Aksincha, bunday axborotlar bilan biz aholining e'tiborini qaratishga harakat qilamiz.

 Respublikada amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi kompleks tadbirlar natijasida 1991 yildan 2018 yilga qadar ich terlama kasalligining ko‘rsatkichlari 246,6 marotabaga, salmonellyoz 12,4, gripp kasalligi 9,8, yuqori nafas yo‘llarining o‘tkir respirator kasalliklari 6,8, virusli gepatitning A turi 5,4, bakterial dizenteriya 5,4 hamda o‘tkir ichak kasalliklari 4,5 marotabaga kamaydi.

 Qator yillar mobaynida difteriya, qoqshol (stolbnyak) kasalliklari qayd etilmadi. Shuningdek, karantin va o‘ta xavfli kasalliklarning O‘zbekiston hududiga chet davlatlardan kirib kelishi va tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.

 2002 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekiston poliomiyelit kasalligidan holi hudud ekani to‘g‘risida, 2018 yilda O‘zbekistonda bezgak (malyariya) kasalligining mahalliy holatlari bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi sertifikati olindi. 2017 yilda esa tashkilotning Yevropa regional byurosiga a'zo bo‘lgan 53ta davlatlar ichida oltinchi bo‘lib, O‘zbekistonga qizamiq va qizilcha kasalligi eliminatsiya qilinganligi to‘g‘risida tegishli hujjat berildi.

 – OITS kasalligi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat qanday?

 – O‘zbekiston bu murakkab kasallik tarqalishi bo‘yicha so‘nggi o‘rinlardan birida turadi. Ko‘rsatkichlarimiz nafaqat qo‘shni davlatlar, balki rivojlangan davlatlarga nisbatan ham ancha past. Shunga qaramay, hamisha bu muammoga jiddiy qaraymiz. Chunki yiliga 4000-4200 nafar kishi bu kasallikka chalinmoqda. Biz nafaqat kasallik tarqalishini jilovlash, balki uning onadan bolaga o‘tishini cheklashga ham erishdik.

 – Siz rahbarlik qilayotgan agentlik qanday vazifalar va vakolatlarga ega?

 – Bugungi kundagi vazifalarimiz:

 ·        O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘ta xavfli infeksiyalar bo‘yicha epidemiologik nazorat hamda profilaktik va epidemiyaga qarshi kompleks tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

·        aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

·        yuqumli bo‘lmagan, yuqumli, parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyenik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

·        yuqumli va parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan profilaktik dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya tadbirlari o‘tkazilishini tashkil qilish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

·        jamoat salomatligini ta'minlash sohasida potensial xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish jarayonida xavf-xatarlarni tahlil qilish va ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi siyosatni amalga oshirishga ko‘maklashish;

·        barcha ijtimoiy guruhlarni qamrab olgan holda fuqarolarni sanitariya-gigiyenik o‘qitish va tarbiyalashni tashkil etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali aholining sanitariya madaniyati darajasini oshirish va hakozolardan iborat.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid