Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amerika boks qiroli bilan xayrlashmoqda yoki o‘zbek palovi juda ma'qul bo‘lgan Muhammad Ali haqida
Foto: Wikipedia
Minglab sport muxlislari Kentukki shtatidagi Roysvill shahrida joylashgan Muhammad Ali nomi bilan ataluvchi madaniyat markazi va muzeyiga kelib, uni yodga olmoqda.
Xabar qilinganidek, shu yilning 3 iyun, juma kuni Muhammad Ali - Kassius Kley 32 yildan ortiq davom etgan Parkinson kasalligidan so‘ng 75 yoshida vafot etdi. Bundan bir necha kun avval salomatligi yomonlashgan Alini Arizona shtatidagi Finiks shahridagi gospitalga yotqizishgan edi. Muhammad Ali professional ringda 61 ta jang o‘tkazib, uning 56 tasida g‘alaba qozongan, 37 tasini nokaut bilan. Bor-yo‘g‘i 5 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan. U 1960 yilda Rimda o‘tkazilgan olimpiya o‘yinlarida chempionlik unvonini qo‘lga kiritgan. 1999 yilda esa Ali “Asr sportchisi” deya e'tirof etildi. Butunjahon boks uyushmasi Muhammad Alining xotirasini abadiylashtirish maqsadida bir nechta yodgorlik majmualarini o‘rnatishga qaror qildi. Muhammad Alini dafn etish marosimi 10 iyun juma kuni Luisvill shahrida bo‘lib o‘tadi. Ana shu motam marosimi internet tarmog‘i orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etiladi. Dafn marosimida AQSh sobiq prezidenti Bill Klintonning ma'ruza qilishi kutilmoqda.
Odatda “Taym” jurnali mashhur odamlarning suratini chop etgan holda nashrning maxsus sonini chiqaradi. Afsonaviy bokschining surati to‘rt marotaba ana shu jurnalning muqovasida chop etilgan. Dastlabki surat 1963 yilda Kassius Kley nomi bilan musobaqalarda qatnashib yurgan paytda chiqqan edi. Umuman olganda bu jurnalda o‘nlab mashhur shaxslar Uinston Cherchill, Merilin Monro, Marlon Brando, Salvador Dali kabilarning rasmlari chiqqanini ko‘pchilik yaxshi biladi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov poytaxt Grozniy ko‘chalaridan biriga uning nomi qo‘yilishini va Muhammad Ali nomidagi boks zali qurilishini ma'lum qilgan.
Muhammad Ali nafaqat ringda jang qila olgan, balki mashhur Martin Lyuter King, Nelson Mandela kabi mashhur inson huquqlari himoyachilari va prezidenti kabi inson huquqlari uchun tolmas kurashchi sifatida ham e'tirof etiladi. AQSh prezidenti Barak Obama ham Muhammad Alining vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga chuqur ta'ziya bildiradi.
Muhammad Ali 1942 yilning 17 yanvarida Luis Vill shahrida tug‘ilgan. Dabl-Bi-Ey yo‘nalishi bo‘yicha og‘ir vaznli bokschilar o‘rtasida uch bor jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan. 1964 yili yengilmas deya tan olingan Sonn Listonni nokautga uchratdi. Oradan 3 yil o‘tgach, Vetnam urushida ishtirok etishdan va qurolli kuchlar safiga borishdan bosh tortganligi uchun 3 yarim yil muddatga musobaqalarda qatnashish huquqidan mahrum etildi. Cheklovlar bekor qilingandan so‘ng Muhammad Ali o‘zining asosiy raqibi Jo Freyzer bilan 3 marta jang o‘tkazib, dastlabkisida yutqazadi, qolganlarini o‘z foydasiga hal qiladi. Har 3 uchrashuvning bittasida bokschiga 2 yarim million dollardan mukofot puli berilgan. Alining o‘sha paytda ta'kidlashicha, o‘z sport faoliyatida 57 million dollar mablag‘ ishlab topgan.
Muhammad Alining nafaqat Amerikada, balki butun dunyoda millionlab muxlislari bor edi. Yuzlari tosh qotishiga, qo‘llari qaltirashiga qaramasdan, u 1996 yili Atlantada yozgi olimpiya o‘yinlari mash'alasini yoqadi. 1998-2008 yillarda YUNISEFning xolis niyat vakili ham bo‘lgan. 2005 yili Prezident Jorj Bush Muhammad Alini “Ozodlik prezidenti” medali bilan taqdirlaydi. Og‘ir vaznli bokschilar o‘rtasida sobiq jahon chempioni Nikolay Valuyev ham Alining mahoratiga tan bergan charm qo‘lqop ustalaridan biri sanaladi. Filippinlik Menni Pakyao, amerikalik kichik Floyd Meyuezer ham Alini o‘z davrining mashhur sportchisi deya e'tirof etadi. 1974 yili mashhur bokschilardan biri Jorj Forman Alidan Nokautga uchragan bo‘lib, uning o‘limidan voqif bo‘lgan bu sportchi o‘zining tvitterida “men undan yaxshilab ta'zirimni yeganimni kechagiday yaxshi eslayman. Insoniyat buyuk insondan judo bo‘ldi”, deya qayg‘uga cho‘madi Forman.
Hozirgi keksa avlod, qolaversa, uning janglarini videotasvirlar orqali tomosha qilgan boks muxlislari Muhammad Ali o‘zining ringdagi ishtirokini haqiqiy konsert va san'atga aylantirganini yaxshi biladi. Muhammad Ali 1978 yilning 12 iyunida Moskvaga tashrif buyuradi. Shu kuni kechqurun Yuriy Nikulin hamrohligida sirkka keladi. Qizil maydonda yugurish bilan shug‘ullanadi. Sobiq Ittifoq rahbari L.I. Brejnev qabulida bo‘ladi. Moskva safaridan so‘ng u Toshkent va Samarqandga ham safar uyushtiradi. Toshkentda uni ko‘plab mashhur shaxslar, shu jumladan, 1974 yilgi havaskorlar o‘rtasida jahon chempioni Rufat Risqiyev ham kutib oladi. Unga sizni hamkasbingiz, ya'ni jahon chempioni deya Risqiyevni tanishtirishganda, Muhammad Ali “Men faqat professionallar o‘rtasidagi jahon chempionlarini yaxshi bilaman”, deya aytgan ekan. U rafiqasi Veronika bilan qadimiy Samarqand shahrini ziyorat qiladi. O‘tgan asrning 70-yillarida poytaxtimizga tashrif buyurgan Muhammad Ali va uning yaqinlarini “Toshkent” mehmonxonasiga joylashtirishadi. Hurmatli mehmon, yurtimizda yetishtirilgan mazali mevalarni, ayniqsa, gilosni tatib ko‘rib, bunday mahsulotni dunyoni hech bir hududida iste'mol qilmaganligini tan oladi. Ayniqsa, bokschiga o‘zbek palovi juda ma'qul bo‘ladi. Aytishlaricha, Muhammad Ali O‘zbekistondan 4 kiloga semirib yurtiga qaytgan ekan.
Muhammad Ali hayoti bilan bog‘liq bir necha qiziq ma'lumotlarni taqdim etsak. U to‘rt marta uylangan bo‘lib, uning Sonji Roy, Belinday Boyt, Veronika Porshe va Yolanta Ali ismli rafiqalari bo‘lgan. Alining 9 ta farzandi bo‘lib, 2 tasi o‘g‘il va 7 tasi qizdir. Bokschining bo‘yi 1 metr-u 91 santimetr, og‘irligi 97 kilogrammni tashkil etgan. Ali o‘zi o‘ynagan filmdagi roli uchun Oskar mukofotini olgan. Bokschi o‘z sport tarixida 3 marotaba nokdaun holatiga tushgan bo‘lsa-da, nokautni boshdan kechirmagan. Uning qizi Laylo Ali professional boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan. Ali Hollivuddagi shuhrat alleyasiga kiritilgan yagona bokschidir. Janubiy Afrika respublikasining sobiq prezidenti Nelson Mandela qamoqda turib Alining jangini radio reportaji orqali tinglagan ekan. Ali va Bryus Li zarbining tezligi bir xil, ya'ni soniyasiga 120 tani tashkil etgan. Ali bir paytlar qamoqda ham o‘tirgan. 1968 yili mashinani haydovchilik guvohnomasiz boshqarganligi uchun 10 kun qamalgan.
Boks afsonasi 10-iyun kuni Luisvilldagi Keyv Xill qabristoniga dafn etiladi.
Azimjon Po‘latov
Mavzuga oid
17:43 / 10.03.2025
Muhammad Ali uchun o‘ch: Taysonning tarixiy jangi haqida
14:34 / 01.10.2022
«Turmada o‘tirib, sizlarga qarshi kurashib o‘laman» – Muhammad Ali nega Vetnam urushiga borishdan bosh tortgandi?
20:37 / 25.07.2022
Muhammad Alining chempionlik kamari kimoshdi savdosida 6,18 mln dollarga sotildi
14:03 / 02.07.2022