Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin ham insoniyat tin olmayapti va dunyo yana ko‘plab urushlarni ko‘rdi. 1960-70 yillarda AQSh Vetnamda, 1979-1989 yillarda SSSR Afg‘onistonda, XXI-asrga o‘tib AQSh Afg‘oniston va Iroqda Rossiya esa Gruziya hamda Ukrainada urush olib bordi.

Bu urushlarning aksariyati bosqinchilik urushlari bo‘lib, ularda millionlab begunoh insonlar halok bo‘ldi, shahar va qishloqlar vayronaga aylandi. O‘z vaqtida bunday urushlarga ko‘pchilik o‘z noroziligini bildirgan edi.

Joriy yil 24 fevral kuni Rossiya armiyasi ochiqchasiga Ukrainaga bostirib kirdi. Rossiyaning bu bosqinchilik harakati mamlakatning o‘zida ham ko‘plab fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular orasida taniqli shaxslar ham bor.

Agar yaqin tarixga qarasak, bir paytlar AQShning Vetnamda olib borgan urushi ham aksariyat amerikaliklarning noroziligiga sabab bo‘lgan va ular orasida mashhur bokschi Muhammad Ali ham bor edi.

Foto: www.alamy.com

Muhammad Ali nafaqat AQShning Vetnamda, balki SSSRning Afg‘onistonda olib borgan bosqinchilik urushiga qarshi bo‘lgani bilan ham ko‘pchilikning yodida qolgan.

Muhammad Ali haqida

Muhammad Ali 1942 yilning 17 yanvar kuni AQShning Kentukki shtati Luisvill shahrida dunyoga kelgan. Tug‘ilganda uning ism-sharifi Kassius Kley bo‘lgan.

12 yoshidan boks bilan shug‘ullana boshlagan Kassius Kley musobaqalarda ham qatnasha boshlaydi va 1956 yilda 14 yoshida «Oltin qo‘lqop» mukofotini qo‘lga kiritadi. U maktabni bitirgan paytida havaskor boksda 100ta g‘alabaga erishgan va bor-yo‘g‘i 8 marta mag‘lubiyatga uchragandi.

Foto: www.alamy.com

Maktabni tugatib professional boksga o‘tmoqchi bo‘lib turgan Kassiusga murabbiylari avval olimpiada chempioni bo‘lishi lozimligini aytishadi. U olimpiyada yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi va 1960 yilda Rim shahrida o‘tkazilgan musobaqalarda boks bo‘yicha yarim og‘ir vazn toifasida chempion bo‘ladi.

Kassius o‘sha yiliyoq professional boksga o‘tadi ilk jangini o‘tkazadi. Ko‘plab raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan Kassius 1964 yilda Sonni Listonni yengib o‘ta og‘ir vazn toifasida jahon chempioni bo‘ladi. O‘sha yili Islom dinini qabul qilib, ism-sharifini Muhammad Ali deb o‘zgartiradi.