20:34 / 29.06.2022
23498

Yaponiyada bir hovuch gilos 4440 dollarga sotildi

Yaponiyaning Hachinohe shahrida o‘tkazilgan auksionda Juno Heart navli gilosning 15 donasi joylangan quti 600 ming iyena (qariyb 4440 dollar)ga sotildi. Xaridor har bir dona gilos uchun 295 dollardan to‘ladi.

Foto: Avalon.red

Gilosning bu kamyob navi Aomori prefekturasidagi tadqiqot markazi tomonidan, sovg‘a qilinadigan to‘plam sifatida ishlab chiqilgan.

Asahi Shimbun'ning yozishicha, gilos Juno Heart deb hisoblanishi uchun diametri 2,8 santimetrdan ortiq, tarkibidagi qand miqdori esa 20 foiz bo‘lishi kerak. Shundaylar orasidan diametri kamida 3,1 sm bo‘lganlari Juno Heart navining subnavi – Aomori Heartbeat (“Aomori prefekturasining yurak urishi”) deb nomlanadi.

Foto: Kuratoshi Yokoyama

25 iyundagi auksionda ana shu subnavdagi giloslar to‘plamidan 11 tasi sotuvga qo‘yildi. Qutilardan birini eng qimmat narx – 600 ming iyenaga sotib olgan kompaniya Nagatsuka Seika uni o‘ziga qarashli do‘konlardan birida qayta sotuvga qo‘yishini ma’lum qildi.

“Bunday giloslarni boshqa hech qayerdan topa olmaysiz”, dedi kompaniya prezidenti Kyoko Nagatsuka.

Foto: Mainichi / Yushi Ezawa

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, gilosning mazkur noyob navi boshqalaridan yorqin qizil rangi, yarqiroqligi va to‘yimli mazasi bilan ajralib turadi.

Top