Jamiyat | 15:20 / 11.11.2021
2679
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 54 nafar o‘quvchiga «Viloyat hokimi stipendiyasi» topshirildi

Sirdaryo viloyatida umumta'lim maktablarining 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida matematika, kimyo, biologiya, fizika, ingliz tili va informatika fanlaridan «Eng bilimdon o‘quvchi» fanlar olimpiadasi g‘oliblariga «Viloyat hokimi stipendiyasi» topshirildi. Bu haqda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Otabek Donaboyev Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan fanlar bo‘yicha olimpiadaning viloyat bosqichida sinflar kesimida jami 54 nafar o‘quvchi g‘olib bo‘lgan. Bugungi kunda ulardan 6 tasi 11-sinfni bitirib, talaba bo‘ldi.

G‘olib o‘quvchilarga 2021 yil may oyi uchun belgilangan stipendiya to‘lab berilgan edi. 2021 yil 10 noyabr kuni 6 ta 11-sinf o‘quvchisi uchun iyun oyi uchun hamda 9-10-sinf o‘quvchilari uchun dekabr oyiga qadar stipendiya tantanali ravishda topshirildi.

Ma'lumot uchun, viloyat bosqichida birinchi o‘rinni olgan o‘quvchilarga bir yil mobaynida BHMning 1 baravari miqdorida stipendiya to‘lab boriladi.

Avvalroq, Sirdaryoda «Viloyat hokimi stipendiyasi» joriy etilgani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid