Jahon | 08:02 / 16.05.2026
9003
4 daqiqa o‘qiladi

Vetnam tarixidagi eng qimmat megaloyihaga qo‘l urmoqda

Vetnam mamlakat tarixidagi eng qimmat va eng yirik infratuzilma loyihasini amalga oshirishga kirishmoqda. Qiymati 67 milliard dollar deb baholanayotgan “Shimol - Janub” tezyurar temiryo‘l magistrali mamlakat yalpi ichki mahsulotining taxminan 17 foiziga teng mablag‘ni talab qiladi. Mutaxassislar bu loyihani Vetnam uchun yoki iqtisodiy sakrash, yoki katta moliyaviy xavf sifatida baholamoqda.

Foto: Rayon Design

So‘nggi yillarda Vetnam Osiyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biriga aylandi. Mamlakatda qurilish bumi kuzatilmoqda — yangi aeroportlar, yirik terminallar, stadionlar, avtomagistrallar va boshqa infratuzilma obektlari ketma-ket barpo etilmoqda. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish yaqin yillarda ham davom etishi kutilmoqda.

Ana shu sharoitda Vetnam hukumati mamlakatning shimoli va janubini bog‘laydigan ulkan tezyurar temiryo‘l qurish tashabbusi bilan chiqdi. Loyiha Xanoy, Danang va Xoshimin kabi asosiy iqtisodiy markazlarni birlashtiradigan 1541 kilometrlik magistralni o‘z ichiga oladi.

Hozirgi temiryo‘l tizimi XIX asr oxirida Fransiya mustamlakachiligi davrida qurilgan infratuzilmaga asoslangan. Mamlakat haligacha deyarli o‘sha temiryo‘l tarmog‘idan foydalanib kelmoqda. Bugungi kunda temiryo‘l yuk tashishning atigi 6 foizini ta’minlaydi, chunki tizim juda sekin va eskirgan. Xoshimindan Xanoygacha bo‘lgan safar ba’zan 35 soatgacha cho‘ziladi. Ko‘plab yo‘nalishlar bir izli bo‘lib qolmoqda va doimiy ta’mir talab qiladi.

Yangi magistral ishga tushsa, ikki yirik shahar o‘rtasidagi safar vaqti taxminan 6 soatgacha qisqaradi. Loyiha nafaqat transport tizimini yaxshilashi, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham katta ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Mutaxassislar fikricha, tezyurar temiryo‘l qishloq hududlarini yirik shaharlar bilan yaqinlashtiradi, mehnat bozorini faollashtiradi, savdo hajmini oshiradi va investitsiya oqimini kuchaytiradi.

Vetnam bu borada Yaponiyaning mashhur “Sinkansen” tezyurar poyezdlari tajribasidan ilhomlanmoqda. 1960-yillarda Yaponiya eski temiryo‘llarni modernizatsiya qilish o‘rniga mutlaqo yangi yuqori tezlikdagi magistral qurishga qaror qilgan edi. Natijada “Sinkansen” mamlakat iqtisodiy mo‘jizasining muhim omillaridan biriga aylandi. Bugun ushbu tizim yiliga 400 milliondan ortiq yo‘lovchi tashiydi va ulangan hududlarda mehnat unumdorligi taxminan 20 foizga oshgani qayd etilgan.

Biroq Vetnamdagi loyiha oldida jiddiy muammolar ham bor. Mamlakat hududining katta qismi tog‘lar, daryolar va botqoqliklardan iborat. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, Vetnam yerlarining faqat 20 foizi nisbatan tekis hudud hisoblanadi. Shu sababli temiryo‘lning qariyb 10 foizi tunnellar orqali, 60 foizi esa ko‘prik va estakadalar ustida quriladi. Bu esa qurilish xarajatlarini keskin oshiradi.

Qurilish ishlariga iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflar ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Tayfunlar, ko‘chkilar va toshqinlar Vetnam uchun tobora jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Shuningdek, magistral Mekong daryosi deltasi orqali o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu hudud yumshoq va beqaror tuproqlari bilan mashhur.

Tahlilchilar yana bir muhim masalaga e’tibor qaratmoqda: loyiha sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalar uchun ajratiladigan mablag‘larni qisqartirishi mumkin. Shu bilan birga, Xanoy va Xoshimin o‘rtasida hozirning o‘zida dunyodagi eng band aviayo‘nalishlardan biri mavjud va ichki aviachiptalar nisbatan arzon hisoblanadi.

Shunga qaramay, Vetnam hukumati tezyurar poyezd tariflari aviachiptalar narxining taxminan 75 foizi darajasida bo‘lishini rejalashtirmoqda. Hukumat fikricha, bu yo‘lovchilarning katta qismini temiryo‘lga jalb qilish imkonini beradi.

Ekspertlar ta’kidlashicha, mazkur magistral nafaqat transport tizimini, balki butun mamlakat iqtisodiy geografiyasini o‘zgartirishi mumkin. U mehnat migratsiyasi, ko‘chmas mulk bozori, shaharlar rivojlanishi va ishlab chiqarish zanjirlariga katta ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Biroq bunday masshtabdagi loyiha deyarli xatosiz amalga oshirilishini talab qiladi. Chunki bu kabi megaloyihalar mamlakat uchun yo iqtisodiy taraqqiyot poydevoriga, yoki o‘n yillab davom etadigan moliyaviy yukka aylanishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid