Jahon | 16:57 / 09.02.2026
3143
9 daqiqa o‘qiladi

Isroilning G‘arbiy sohildagi rejalari, Yaponiyada saylovlar va rus neftidan voz kechayotgan Hindiston – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Rus generaliga suiqasdda gumonlanayotgan shaxs ushlandi

Rossiya armiyasi Bosh shtabi bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari, general Vladimir Alekseyevga suiqasdni amalga oshirgan shaxs Dubayda qo‘lga olindi. Bu haqda xabar bergan Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bevosita ijrochi sifatida Rossiya fuqarosi – 66 yoshli Lyubomir Korbani ko‘rsatmoqda.

U suiqasddan bir necha soat o‘tib BAAga uchib ketgan. Korba Dubayda ushlanib, keyin Rossiyaga olib kelingan.

Tergov qo‘mitasi bayonotiga ko‘ra, u 2025 yil dekabrida «Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘i bilan terrorchilik harakatini sodir etish uchun» Moskvaga kelgan.

Kuch tuzilmalari ijrochining yana ikki nafar sherigini ham tilga oldi, lekin ularning aniq roli ko‘rsatilmagan. Ulardan biri 67 yoshli Viktor Vasin Moskvada qo‘lga olingan. Ikkinchisi – 55 yoshli Zinaida Serebritskaya FSB va Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra Ukrainaga chiqib ketgan.

Mahalliy pabliklarga ko‘ra, gumondorlar bir-biri bilan tanish bo‘lgan va ayrimlarida Ukraina pasporti ham bo‘lgan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga Kiyev generalga qilingan suiqasdga aloqador emasligini aytdi. Boshqa nashrlar esa Alekseyevga suiqasd «ichki hisob-kitoblar» bo‘lishi «ancha ehtimolga yaqin» ekanini yozmoqda.

Vladimir Alekseyevga suiqasd juma kuni sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs Moskvadagi uyining pod’yezdida generalga bir necha marta o‘q uzib, voqea joyidan qochib ketgandi. Alekseyev shifoxonaga yotqizilgan. U shanba kuni operatsiyadan so‘ng hushiga kelgani xabar qilindi.

Isroil G‘arbiy sohilda yana kengaymoqchi

Rasmiy Tel-Aviv bosib olingan G‘arbiy sohilda Isroil nazoratini kuchaytirish va ko‘chmanchilar posyolkalarini kengaytirishni ko‘zlovchi yangi choralarni ma’qulladi.

Isroil OAVlariga ko‘ra, mudofaa vaziri Isroil Kats va moliya vaziri Bezalel Smotrich ilgari surgan hujjat bo‘yicha G‘arbiy sohilda falastinliklar yerlarini yahudiylarga sotishni taqiqlovchi Iordaniya davridan qolgan qonun bekor qilinadi. Shuningdek, yerga egalik reyestrlari ochiladi hamda posyolkalar blokida qurilish ruxsatnomalari Isroil ma’muriyatiga o‘tkaziladi.

Yer reyestrlarining ochilishi egalarining ismlari ommaga oshkor bo‘lishiga va isroillik xaridorlarning ular bilan bevosita bog‘lanishiga imkon yaratadi. Bu esa hudud bo‘ylab yer sotib olishni va posyolkalar kengayishini osonlashtiradi.

Isroilning bu qadamlari — Falastin ma’muriyati tomonidan boshqariladigan hududlarda ham mulklarni buzish va musodara qilishga yo‘l ochadi.

Isroil rasmiylari ruxsatnomalar yo‘qligini asos qilib, G‘arbiy sohil bo‘ylab falastinliklarning uy-joylari va inshootlarini buzishda davom etmoqda. Falastinliklar buni qurilish tasdiqlarini olishni qiyinlashtiradigan cheklovchi siyosat bilan izohlaydi.

Hukumat komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil 2025 yilda 538 ta buzish ishlarini amalga oshirgan bo‘lib, bu qariyb 1400 ta uy-joy va inshootga ta’sir ko‘rsatgan. Bu avvalgi yillar bilan solishtirganda misli ko‘rilmagan o‘sishdir.

Hongkonglik media-magnat 20 yilga qamaldi

9 fevral kuni Hongkongning eng mashhur media-magnati Jimmi Lay 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ayblovlar tarkibiga: xorijiy kuchlar bilan til biriktirish bo‘yicha fitnaning ikki bandi hamda buzg‘unchi materiallarni chop etish bo‘yicha bir band kiradi.

Mazkur hukm — qariyb besh yil davom etgan sud jarayoni va Hongkongdagi eng shov-shuvli milliy xavfsizlik ishiga nuqta qo‘ydi. Hozir yopilgan Apple Daily gazetasining asoschisi bo‘lgan Lay ilk bor 2020 yil avgustida hibsga olingan va o‘tgan yili aybdor deb topilgandi.

Hongkong sudi Layga nisbatan jazo og‘irlashtirilganini aytdi. Bunga uning xorijiy kuchlar bilan «til biriktirishning boshida turgani» sabab qilib ko‘rsatilgan.

78 yoshli, Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan Lay barcha ayblovlarni rad etdi. U sudda o‘zini Pekin tomonidan ta’qib qilinayotgan «siyosiy mahbus» deb atadi.

Layning ahvoli AQSh prezidenti va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer kabi global yetakchilar tomonidan tanqid qilinmoqda.

Xususan, Pekinda Xitoy rahbari Si Jinping bilan yuzma-yuz uchrashuv chog‘ida Kir Starmer Britaniya fuqarosi masalasini batafsil ko‘targan va uni ozod qilishga chaqirgan. Donald Tramp ham o‘tgan yil oktyabrida Si bilan bo‘lgan uchrashuvda Lay masalasini ko‘targan.

Layning oilasi va tarafdorlari u yurak urishining buzilishi, yuqori qon bosimi kabi kasalliklardan aziyat chekayotgani bois qamoqda vafot etishi mumkinligidan ogohlantirib kelmoqda.

Hindiston Rossiya neftidan voz kechmoqda

Hindistondagi neftni qayta ishlash kompaniyalari aprel oyidan Rossiya neftini xarid qilishdan voz kechmoqda. Bundan tashqari, ular apreldan keyinga bitimlar tuzmaslikni rejalashtirmoqda. Bu holat Nyu Dehliga AQSh bilan savdo kelishuvini tuzishda yordam berishi mumkin.

«Indian Oil, Bharat Petroleum va Reliance Industries mart va aprel oylarida Rossiya neftini yuklash bo‘yicha treyderlardan kelayotgan takliflarni qabul qilmayapti», degan Reuters manbasi. Boshqa ko‘plab neftni qayta ishlash kompaniyalari ham Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatgan.

Bu jarayonlar AQSh va Hindiston savdo kelishuviga yaqinlashayotgan bir paytda yuz bermoqda. Tomonlar mart oyigacha tuzilishi ko‘zda tutilgan bitimda savdo bojlarini kamaytirishni nazarda tutadi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Hindistondan eksport qilinadigan mahsulotlarga qo‘yilgan 25 foizlik bojlarni bekor qilgani ma’lum bo‘ldi. Evaziga Hindiston Rossiyadan bunday xaridlarni to‘xtatish majburiyatini olgan.

Bundan oldin Tramp Hindiston neftni AQShdan va «ehtimol Venesueladan» xarid qila boshlashini aytgandi.

Yaponiyada saylovlar

Yaponiya parlamentining quyi palatasi — Vakillar palatasiga bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi saylovlarda amaldagi hukmron Liberal-demokratik partiya g‘alaba qozondi. Partiyaga bosh vazir Sanae Takaichi rahbarlik qilmoqda.

LDP parlamentdagi 465 o‘rindan 316 tasini qo‘lga kiritgan. Bu partiya tarixidagi eng yaxshi natija bo‘lib, 64 yoshli Takaichi uchun katta siyosiy g‘alaba hisoblanadi.

Yaponiyaning ilk ayol bosh vaziri avvalroq navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazilishini talab qilgandi. U bunga hukmron partiya rahbari etib tayinlanganidan buyon kuchli ommaviy quvvatlovga ega bo‘layotganini asos qilgan.

64 yoshli Sanae Takaichi 2025 yil oktyabrida Yaponiya bosh vaziri etib tayinlangandi. Takaichi o‘ng qarashlari bilan tanilgan. Uni qat’iy konservator, millatchi va Sindzo Abening siyosiy vorisi deb atashadi.

Hukumat rahbari lavozimiga kirishar ekan, Sanae Takaichi Yaponiyaning xavfsizlik va mudofaa siyosatini qayta ko‘rib chiqishga, mamlakatning hujumkor harbiy salohiyatini kuchaytirishga va II jahon urushidan keyin Yaponiya amal qilib kelgan patsifistik tamoyillardan voz kechishga va’da bergan.

Eron–AQSh muzokaralari

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon AQSh bilan mintaqaviy davlatlar ko‘magida o‘tkazilgan muzokaralar «oldinga tashlangan qadam» bo‘lganini aytdi.

«Dialog — har doim tinch yo‘l bilan yechimlarga erishish strategiyamiz bo‘lib kelgan», - deb yozdi u. Pizishkiyon Eronning yadroviy masalaga yondashuvi «Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma» doirasida kafolatlangan huquqlarga asoslanishini ta’kidladi.

Eron prezidenti, shuningdek, mamlakat «hurmatga hurmat bilan javob berishini, biroq kuch tilini qabul qilmasligini» qo‘shimcha qildi.

Eron va AQSh bir necha haftalik keskinlikdan so‘ng 6 fevraldan bilvosita yadroviy diplomatiyani qayta boshladi. Bu keskinlikka Erondagi yirik namoyishlar va uning ortidan Trampning harbiy choralar ko‘rish tahdidi turtki bo‘lgandi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi muzokaralarni «yaxshi boshlanish» deb atadi va agar ishonchsizlik muhiti yengib o‘tilsa, ular davom etadi. Uning aytishicha, tomonlar keyinroq Ummon poytaxti Masqatda yana uchrashishi mumkin.

Araqchining ta’kidlashicha, Eronning raketa dasturi hozir ham, kelajakda ham muzokaralar mavzusi bo‘lmaydi. U buni «mudofaa masalasi» deb atadi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid