Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xorijga chiqish uchun yangi biometrik pasport va ID karta: eskisi yana qancha amalda bo‘ladi?
“O‘zbekiston24” telekanalining “Qarama-qarshi” tok-shousining navbatdagi soni 2019 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradigan Xorijga chiqish huquqini beruvchi yangi pasport va OVVIR stikerlariga bag‘ishlandi.
Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Nizomxon Xo‘jayevning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish imkonini beruvchi biometrik pasport 48 sahifadan iborat bo‘ladi, muqovasining rangi esa to‘q qizil bo‘lib, u 10 yil muddatga beriladi. OVVIR stikerlaridan farqli o‘laroq, yangi pasport bilan 2 yil emas, 10 yil muddatga xorijiy davlatlarga chiqish imkoni beriladi.
N.Xo‘jayev pasport muqovasining to‘q qizil rangda bo‘lishiga sabab qilib, jahonning aksariyat yetakchi davlatlarda pasportlarning rangi to‘q qizil tusda ekani va pasportni ajratib olish osonroq ekanligini ta'kidlab o‘tdi.
Tahririyat ma'lumoti: Qayd etib o‘tish joizki, jahon davlatlari pasportlari muqovalari bor-yo‘g‘i 4 xil rangda bo‘ladi: to‘q ko‘k (zangori), to‘q qizil, yashil va qora. Quyidagi xaritadan jahon davlatlar pasportlari muqovasi qaysi rangda ekanini bilish mumkin.

Tok shouda yangi xorijga chiqish pasporti sahifalarining odatdagidan ko‘proq bo‘lishi ham fuqarolarning xorijga chiqib kelishlarida chegaradan o‘tilayotgandagi muhrlar bilan tezda to‘lib qolmasligiga imkoniyat yaratish maqsadida qilingani ta'kidlandi.
Mazkur pasportdan mamlakat ichida ham shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida foydalanish mumkinligi aytib o‘tildi.
Chet elga chiqish pasportini olish uchun fuqarolarga qo‘yiladigan talablarga to‘xtalar ekan, Nizomxon Xo‘jayev shunday dedi:
“Fuqaro o‘zi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘liq taqdim etishi, ariza va anketalarni to‘liq to‘ldirishi kerak”.
Ariza topshirilgach, yangi pasport 10 ish kunida tayyorlab beriladi.
N.Xo‘jayevning ta'kidlashicha, yangi xorijga chiqish biometrik pasportidagi chipga ham barmoq izlari va pasport egasining fotosurati joylashtiriladi. Fuqaroga tegishli boshqa ma'lumotlar, masalan, DNK tahlili natijalari kiritilmaydi.
Yangi biometrik pasport xorijga chiquvchi voyaga yetmagan bolalarga ham beriladi. Uning olish tartibi kattalarniki bilan bir xil. Faqatgina voyaga yetgunga qadar 5 yil muddatga berilishi ta'kidlab o‘tildi.
Garchi tok-shou xorijga chiqish uchun joriy etilayotgan yangi biometrik pasport masalalariga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, ko‘rsatuvga ekspert va tomoshabin sifatida taklif qilingan Toshkent shahridagi mahalla oqsoqollari mavzuni o‘zgartirib, o‘zlarini qiynayotgan muammo — buzilayotgan hududlarda yangi barpo etilayotgan oilalarning propiskasi haqida savollar bera boshlashdi.
Jumladan, Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi “Anorzor” MFY raisi Zayniddin Sirojiddinov “qizil chiziq”qa tushib qolgan oila o‘z farzandini uylantirib, kelin tushirsa yosh oila qayerda propiskada turadi, deb savol berdi. Aftidan, poytaxtda buzilayotgan mahallalarda yosh oilani propiskaga qo‘yish muammosi paydo bo‘lgan.
Savolga javob berar ekan, Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i Jasur Mamadaliyev bu masala dolzarb bo‘lib turganini qayd etdi.
“Bizning vazifamiz — hujjatlar to‘liq bo‘lsa doimiy ro‘yxatga qo‘yish. Hokimlikning vazifasi esa sizning holatingiz va sharoitingizdan kelib chiqib, buzilish hududini o‘rganib chiqib, komissiya xulosasini berib, ma'lumotnoma taqdim etishdir. Komissiya yordamida o‘rganib, hokimlik ma'lumotnomani taqdim etilsa, M va FRB hech qanday muammosiz doimiy ro‘yxatga qo‘yib beradi”, dedi Jasur Mamadaliyev.
“Ilgari OVVIR stikerlari olish uchun hujjat topshirilganida anketa mahalla tomonidan to‘ldirilib, imzolab, muhrlab berilardi. Yangi xorijga chiqish biometrik pasportini berishda mazkur amaliyotdan voz kechiladimi?” deb savol berdi mahalla raislaridan biri.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning chet elga chiqishlarini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Alisher Ahmedov mazkur savolga javob berar ekan, shunday dedi:
— Ilgari haqiqatdan ham anketani mahalla to‘ldirib tasdiqlab berar edi. Endi xorijga chiqish pasportini olmoqchi bo‘lgan fuqaro kelib, arizani o‘zi to‘ldiradi.
“Yangi yildan xorijga chiquvchilarning barchasi yangi biometrik pasport olishlari shartmi?” degan savolga Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Nizomxon Xo‘jayev “OVVIR stikeri amal qilish muddati tugaguncha eski biometrik pasport bilan (2 yilgacha) xorijga chiqish mumkin bo‘ladi”, deb javob berdi.
Alisher Ahmedov javobni to‘ldirar ekan, yana 2 yil mobaynida eski biometrik pasportlar bilan OVVIR stikerisiz MDH davlatlariga ham chiqib kelish mumkinligini aytib o‘tdi.
ID kartalarning joriy etilishi haqidagi savollarga javob berar ekan, Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i Jasur Mamadaliyev shunday dedi:
— ID kartalar 2021 yil 1 yanvardan fuqarolarga berila boshlanishi belgilangan. Ayni paytda bu borada ishlar sekin asta rejalashtirilib, ID kartaga o‘tish bazalari yaratilmoqda. ID kartaning afzalligi shunda bo‘ladiki, fuqaroning elektron ma'lumotlari bitta bazaga jamlangan bo‘ladi. Bu mamlakat ichkarisida pasportning o‘rnini bosadigan, shaxsni tasdiqlovchi va fuqarolik muomalasi layoqatiga ega bo‘lgan hujjat hisoblanadi.
Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi inspektori Muzifa Sultonovaning aytishicha, ID karta orqali har bir fuqaro raqamlashtiriladi. Fuqarolarning yagona avtomatlashtirilgan ma'lumotlar bazasiga fuqaroga tegishli ma'lumotlar kiritiladi. Fuqaroga beriladigan raqam bo‘yicha nafaqat biografik ma'lumotlar, yashash joyi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, qarindoshlari, qonining rezus faktori kabi barcha kerakli ma'lumotlarni olish mumkin bo‘ladi. Davlat tashkilotlari va boshqa idoralarga kerakli ma'lumotlarni taqdim etish uchun hujjat ko‘tarib yurilmaydi. Barchasi ID kartada mujassam bo‘ladi.
Mavzuga oid
19:55 / 26.12.2025
O‘zbekistonda ID-kartani qanday olish mumkin?
10:22 / 02.10.2025
Readmissiya qilinganlarga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish tartibi belgilandi
19:13 / 23.05.2025
Litva 1 iyundan Rossiyaning nobiometrik xorijga chiqish pasportini tan olmaydi
18:53 / 13.05.2025