O‘zbekiston | 13:32 / 26.09.2024
31887
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV Toshkent maktabidagi voqeaga munosabat bildirdi, Alisher Qodirov buni «ichki ishlarga aralashish» deb baholadi

Mariya Zaxarovaning aytishicha, Chilonzor tumanidagi maktabda rus tili o‘qituvchisi 6-sinf o‘quvchisini urgani yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistondan «rasmiy tushuntirish» so‘ragan. Milliy tiklanish partiyasi raisi Rossiya tomoniga «muammolarga to‘la o‘z ishlari bilan shug‘ullanish»ni tavsiya qilgan.

Foto: Rossiya TIV

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovadan 25 sentabr kungi brifingda Toshkent shahridagi 188-maktabda «rus tilida so‘zlashuvchi o‘quvchi bilan ro‘y bergan» holat haqida so‘raldi.

«Rolik bola uchun qayg‘urish va hamdardlik uyg‘otmay qolmaydi.

Biz O‘zbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish so‘radik.

Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasida o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas.

Izchil chora-tadbirlar ko‘rish, jumladan, ko‘p asrlik aloqalarimizda rus tili qo‘llanilishining foydali ta’sirini jamoatchilikka eslatish, madaniy-ma’rifiy, ilmiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o‘zaro boyitish kerak», — degan u.

O‘zbekiston tomonidan OAVdagi materiallarga huquqiy baho berish va agar asosli bo‘lsa, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan zudlik bilan chora ko‘rish so‘ralgan. Bu masala diqqat bilan kuzatib borilayotgani ta’kidlangan.

26 sentabr kuni Milliy tiklanish partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov o‘z telegram-kanalida Rossiya TIV bayonotiga munosabat bildirdi.

U bola huquqi O‘zbekiston Respublikasining maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzilgani va chorasi O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘rilishini eslatgan.

«Bizni ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa, to‘g‘ri bo‘lar edi. Tekis joyda to‘polondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi degan xulosaga ertaroq shekilli», — deydi Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, 25 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bu holat 23 sentabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabdagi rus tili darsida ro‘y bergan.

Bolaning ota-onasi mojaroga o‘quvchi dars o‘zbek tilida olib borilganiga e’tiroz bildirgani sabab bo‘lgani haqida aytgan.

Huquq-tartibot idoralari holat yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlagan. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham bu ishni qoralagan. «Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik, nomunosib muomilaga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda ham qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart», — deya yozgan u.

Alisher Qodirov ham o‘qituvchi birinchi ish kunidayoq o‘quvchini kaltaklaganiga munosabat bildirib, pedagoglarning malaka darajasi va psixologik holati tezkor, jiddiy va shaffof tahlil qilinishi kerakligini aytdi.

«Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rangli statistika va jarangdor xorijiy tajribalardan olingan xulosalar bilan jamoatchilikni ovutish yo‘lidan voz kechib,  allaqachon kelajakka tuzatib bo‘lmas zarar berayotgan tarbiyachi va o‘qituvchilarni tanlash, samarali ishlash uchun sharoit va faoliyatni to‘g‘ri baholash masalalarida “baqirib yotgan” muammolarni ko‘rishi va yechim berishi kerak», degandi partiya yetakchisi.

Mavzuga oid