O‘zbekiston | 13:00 / 02.11.2022
46642
4 daqiqa o‘qiladi

“Zudlik bilan maktab tiklanmasa, hokimiyat binosi bo‘shatiladi va bolalar shu binoda o‘qishadi” – Umrzoqov Sho‘rchida o‘quvchilar uy maktabida ta’lim olayotganini keskin tanqid qildi

1 noyabr kuni prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda xalq ta’limi muammolari bir necha band bo‘yicha jiddiy muhokama qilindi. 

Foto: Prezident administratsiyasi

“Prezidentimiz bejiz bu mavzuda “Ta’lim, ta’lim va yana ta’lim” deya ta’kidlaganlari, ta’limni bosh masala qilib belgilaganlari yo‘q. Har bir vazir, har bir hokim ta’lim muammolariga nihoyatda jiddiy qarashi zarur. Ammo hamma ham shunday qilyapti, deb bo‘lmaydi. Mana misol: o‘tgan yili prezidentimiz tashabbusi bilan ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilish rejalashtirilgan. Uzoq muhokamalardan keyin bu jarayon amaldagi maktablar faoliyatiga ta’sir qilmagan holda yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. 

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida esa ishlab turgan maktab yopilib, bolalar 5-6 km naridagi maktabga o‘tkazilgan. Ota-onalar bolalar uzoqqa borishga qiynalishganidan so‘ng bolalarini jo‘natmay qo‘ya boshlaganlari ortidan o‘qituvchilar sobiq maktab direktori uyida uy maktabi ochishgan va dars berib kelishyapti. 

Bu nima degan gap?! Inson qadri shumi? Toshkentda, yozda salqin, qishda issiq kabinetlarda o‘tirgan amaldorlar bolalari qishloqning loy yo‘llarida har kuni 10 kilometrlab yurishiga, aholi uylarida o‘qishiga rozi bo‘lisharmidi? Yana uylarda ta’lim berayotgan o‘qituvchilarga maosh berilmayapti ekan. O‘qituvchining nima aybi bor bu yerda?!” – savollar qo‘ydi Sardor Umrzoqov.

Tadbirda ishtirok etayotgan Xalq ta’limi vaziri, viloyat va tuman hokimlari chindan shunday holatga yo‘l qo‘yilganini tan olishdi. 

“Yuzlab bolalar sarson bo‘lib yursa-yu, hokimlik vakillari bunga befarq qarasa, shumi davlat rahbari bildirgan ishonchga munosabat?! Demak, ishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan tuman hokimi o‘rinbosari va xalq ta’limi bo‘limi mudiri ishdan olinsin va ularning faoliyatiga bosh prokuratura huquqiy baho bersin. Tuman hokimi Baxtiyor Xudoyberganovga esa hayfsan berilsin. Agar zudlik bilan vaziyat o‘zgarmasa, hokimiyat binosi bo‘shatilib, bolalar shu binoda ta’lim olishadi. Men mutlaqo jiddiy aytyapman. Hokim uyida tashkil qilaversin ishini. 

Ayni paytda viloyatda bo‘lib turgan bosh prokuror o‘rinbosari zudlik bilan Sho‘rchiga yetib borib, maktab faoliyatini tiklash ishlarini shaxsan o‘zi nazorat qilsin. Alohida topshiriq – ish o‘lda-jo‘lda amalga oshirilmasin. Yangi binoning ta’mirini, issiqligini, yorug‘ligini, mebellarini, kerak bo‘lsa hojatxonasini ham ko‘rib chiqinglar. Bolalarimizga ta’lim uchun normal sharoit ta’minlanishi shart! 

Bu holat har bir viloyat, har bir tuman hokimligiga o‘rnak bo‘lsin. Ta’lim masalasi prezidentimizning har kunlik nazoratida ekanini unutmanglar. Xalq ta’limi vazirligi bilan birga komissiya tuzib, tashkil etilishi kerak bo‘lgan 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab xatlovdan o‘tkazilib, aniq axborot kiritinglar. Toki bunday holat qaytarilmasin”, – deya prezident administratsiyasi rahbari so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.    

Ishga mas’uliyatsizlik bilan qaragan va ushbu holatga bevosita yo‘l qo‘yilishiga sababchi bo‘lgan tuman hokimi o‘rinbosari ishdan olindi.

Mavzuga oid