O‘zbekiston | 10:05 / 07.11.2019
4862
4 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda «Sudoche-Akpetki» klaster buyurtma qo‘riqxonasi tashkil qilinadi 

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Axborot xizmati

Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Sudoche-Akpetki” klaster buyurtma qo‘riqxonasi tashkil qilinadi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarida tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida, yuridik shaxs tashkil qilgan holda, umumdavlat ahamiyatiga molik, umumiy maydoni 1 061 499 gektar bo‘lgan klaster uchastkalardan iborat “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi mumkin.

Quyidagilar:

buyurtma qo‘riqxonasiga doimiy foydalanishga beriladigan klaster uchastkalarining yer maydoni;

buyurtma qo‘riqxonasi xodimlarining cheklangan umumiy soni 38 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari 7 nafardan iborat bo‘lgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi tasdiqlanadi.

Buyurtma qo‘riqxonasi klaster uchastkalaring qo‘riqlanma zonalari maydoni 152 285 gektar etib belgilab qo‘yiladi. Mazkur zonalardagi yerlar yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qoladi.

Klaster uchastkalarda muhofazaga olinadigan asosiy obektlar etib quyidagilar belgilanadi:

“Sudoche ko‘llar tizimi” klaster uchastkasida: qirg‘oq landshaftlari, kanallar, kollektorlar va ulardagi suv oqimi, suv, suv atrofida yashovchi qushlar, noyob, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan baliqlar, yirtqich qushlar va sut emizuvchi hayvonlar;

“Oqdaryo-Qozoqdaryo oralig‘i” klaster uchastkasida: Amudaryo deltasi to‘qaylari, landshaftlari, kanallar va ulardagi suv oqimi, suv, suv atrofida yashovchi qushlar, noyob, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan yirtqich qushlar va sut emizuvchi hayvonlar;

“Beltau” klaster uchastkasida: Orolbo‘yi va Qizilqum cho‘lining eng katta, sirtida tizma-qumlar va taqirlar bo‘lgan qoldiq tepaligining hamda sharqiy Karateren ko‘lining betakror landshaftlari, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan sudralib yuruvchi hayvonlar, yirtqich qushlar va sut emizuvchi hayvonlar;

“Akpetki” klaster uchastkasida: kanallar, kollektorlar va ulardagi suv oqimi, suvda va suv atrofida yashovchi qushlar, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan yirtqich qushlar, sut emizuvchi hayvonlar.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda Sudoche ko‘llar ekotizimining barqarorligini va sanitar holatini saqlash maqsadida uning asosiy qismiga Amudaryo orqali kerakli miqdorda doimiy suv tashlab turilishini ta'minlaydi.

Akpetki ko‘llar tizimidagi ekologik vaziyatni yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun suv bilan ta'minlash bo‘yicha kerakli chora tadbirlarni amalga oshiradi.

Belgilanishicha:

buyurtma qo‘riqxona Davlat ekologiya qo‘mitasining bo‘ysunuvida bo‘ladi;

buyurtma qo‘riqxonasining faoliyatini moliyalashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy budjeti mablag‘lari, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid