09:00 / 11.08.2018
12204

Hukumat qarori loyihasi: OTMda magistratura faoliyati yanada takomillashtiriladi

Foto: Pinterest

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim tizimida magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarida magistraturada kadrlar tayyorlash ikki:

ishlab chiqarish (kamida bir yil) yo‘nalishida magistrlarni tayyorlash umumiy kurslardan birlashgan ma'ruzalar hamda mutaxassislikka mos korxona yoki tashkilotlar bazasidagi amaliyotlar asosida;

ilmiy-pedagogik (kamida ikki yil) yo‘nalishda magistrlarni tayyorlash umumiy kurslardan birlashgan ma'ruzalar asosida nazariy bilimlar hamda fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlari (ilmiy-ijodiy ishlar)ga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.

Magistratura ta'limi mos bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari negizida nazariy bilimlarning yagona dasturi va rejasi asosida, fundamental va amaliy tadqiqotlar mutaxassislik talablaridan kelib chiqqan holda tashkil qilinadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul kvotalari (ishlab chiqarish, ilmiy-pedagogik yo‘nalishlar bo‘yicha) kadrlar buyurtmachilari tomonidan berilgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, oliy ta'lim muassasasi takliflari asosida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
ish beruvchi tashkilotlar talablari asosida ilmiy-pedagogik yo‘nalishda mutaxassislarni maqsadli tayyorlash faqat davlat granti asosida amalga oshiriladi;
ilmiy-pedagogik yo‘nalishda maqsadli tayyorlangan mutaxassislar magistraturani bitirgandan sung ish beruvchi tashkilotda kamida 5 yil (tayanch doktoranturada o‘qish vaqtidan tashqari) ishlab beradi;
qo‘shma magistratura dasturlari bo‘yicha qabul O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardagi oliy ta'lim muassasalarining kelishuvi asosidagi qabul kvotalari doirasida amalga oshiriladi;
magistraturada talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdori ularni o‘qitishga sarflanadigan jami xarajatlardan kelib chiqqan holda oliy ta'lim muassasasi tomonidan belgilanadi;
magistraturada bir nafar o‘qituvchi hisobiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbati oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sohalari bloklari va shakllari bo‘yicha bir nafar o‘qituvchi hisobiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbati normativlarining 50 foizi miqdorida belgilanadi;
o‘quv yili yakunlariga ko‘ra magistratura o‘quv rejasida belgilangan fanlardan, ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlardan yetarli reyting balini to‘plamagan talabalar kursida qoldiriladi va davlat granti asosida qabul qilingan talabalarga o‘z hisobidan to‘lov-shartnoma asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati beriladi;
xorijiy mamlakatlarda 6 oygacha bo‘lgan muddat (bir semestr) stajirovkada bo‘lgan magistratura talabalariga o‘quv rejasida belgilangan fanlarni shaxsiy reja asosida erkin o‘zlashtirish imkoniyati beriladi.     magistratura talabalari tomonidan amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqot ishlari davlat byudjyetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarida olib borilganda bepul, nodavlat tashkilotlarida olib borilganda davlat byudjyeti hisobidan moliyalashtiriladi;
magistratura talabalari ilmiy tadqiqot ishlarni olib borishi uchun barcha arxiv, muzey hamda axborot-resurs markazlari ma'lumotlar bazasidan bepul foydalanadi;
magistrlik dissertatsiyalarining himoyasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va tarmoq ilmiy tadqiqot institutlari hamda ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etiladi;
magistraturani imtiyozli tamomlagan talabalar Oliy ta'lim muassasasining Kengashi qarori asosida tayanch doktoranturaga sinovlarsiz qabul qilinadi;
magistrlik dissertatsiyasini himoya qilmagan talabalarga mutaxassisligi bo‘yicha ta'lim olganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma va besh yilgacha bo‘lgan muddat davomida bir marta magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish huquqi beriladi.

Oliy ta'lim muassasalarining magistratura bosqichida yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan qo‘shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Top