Jahon | 08:32 / 02.12.2025
7924
4 daqiqa o‘qiladi

RF Pokrovsk va Volchanskni egallaganini bildirdi, Ukraina buni rad etdi

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i RF prezidenti Vladimir Putinga Pokrovsk va Volchansk ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida hisobot berdi. Kiyevda esa Rossiya armiyasi olg‘a siljishga erishganiga qaramay, ushbu aholi punktlari uchun janglar davom etayotgani aytilmoqda.

Foto: Libkos/Getty Images

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi Donetsk va Xarkiv viloyatlarida joylashgan Pokrovsk va Volchansk shaharlarini egallaganini ma’lum qildi. U bu haqda 30 noyabr kuni Ukrainada urush olib borayotgan Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlarining birlashgan guruhi boshqaruv punktlaridan biriga Putin tashrifi chog‘ida unga hisobot berdi. Gerasimovning Putinga bergan hisoboti haqidagi ma’lumotni dushanba, 1 dekabr kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tarqatdi.

Kreml saytida xabar qilinishicha, “Markaz” va “Sharq” harbiy guruhlari qo‘mondonlari — Valeriy Solodchuk va Andrey Ivanayev Rossiya prezidentiga Donetsk viloyatidagi Mirnograd shahrining janubiy qismi ustidan nazorat o‘rnatilgani va Zaporijjya viloyatida joylashgan Gulyaypole shahrini egallash bo‘yicha operatsiya boshlangani haqida ham ma’lumot bergan.

Shu bilan birga, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi kundalik kechki hisobotida Pokrovsk yo‘nalishida janglar hanuz davom etayotganini ma’lum qildi.

«Kun davomida Pokrovsk yo‘nalishida tajovuzkor Novoye Shaxovo, Dorojnoye, Nikanorovka, Belitskoye, Shaxovo, Rodinskoye, Mirnograd, Novoekonomicheskoye, Rovno, Pokrovsk, Zverovoye, Kotlino, Udachnoye, Molodetskoye, Novopodgorodnoye, Filiya aholi punktlari yaqinida va Grishino aholi punkti yo‘nalishida 49 marta hujumkor harakatlar amalga oshirdi. Hozirda janglar beshta lokatsiyada davom etmoqda», — deyiladi Ukraina qo‘mondonligi xabarida.

Hisobotda, shuningdek, Volchansk yaqinidagi janglar ham tilga olingan. Ukraina Bosh shtabi hisobotida QQ bo‘linmalari yangi pozitsiyalarga chekingani haqida so‘z yuritilmagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 1 dekabr kuni kechqurun Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuv natijalari bo‘yicha so‘zlar ekan, Pokrovsk va Volchansk egallab olingani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. Shu bilan birga, u Pokrovskdagi va boshqa yo‘nalishlardagi vaziyat «hanuz og‘irligicha qolayotganini» ta’kidladi.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko Rossiya tomonining ushbu aholi punktlari ustidan nazorat o‘rnatilgani haqidagi bayonotlarini g‘arb auditoriyasi uchun «diplomatiyada stavkalarni oshirish» deb atadi. Kovalenkoga ko‘ra, Volchansk hanuzgacha Ukraina Qurolli Kuchlari nazoratida, xuddi shunday tarzda, Gerasimov avval Putinga egallangani haqida hisobot bergan Xarkiv viloyatidagi Kupyansk shahri ham Ukraina tomoni nazoratida qolmoqda.

Front chizig‘i o‘zgarishlarini kuzatib boradigan OSINT-loyihalar xaritasida ham Volchansk, ham Pokrovsk hali Rossiya armiyasi tomonidan to‘liq egallangan deb ko‘rsatilmagan. Shu bilan birga, DeepState Ukraina OSINT-loyihasi oldinroq Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududini bosib olish sur’atlari tezlashgani haqida xabar bergan edi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr boshlaridagi to‘liq bo‘lmagan bir hafta ichida Rossiya Qurolli Kuchlari Ukrainada 134 kvadrat kilometr hududni egallagan — bu oktyabr oyidagi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p.

Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) bahosiga ko‘ra, ayniqsa Pokrovsk yaqinida Rossiya qo‘shinlarining ilgarilashi nuqtai nazaridan, frontdagi vaziyat shakllanishiga asosiy ta’sirni Rossiyaning Ukraina armiyasi logistikasiga qarshi oylar davomida dronlar yordamida olib borgan kampaniyasi ko‘rsatgan. ISW'ning 15 noyabr kungi hisobotida ta’kidlanishicha, butun front bo‘ylab, ayniqsa Pokrovsk va Gulyaypole yo‘nalishlarida Rossiya armiyasi muvaffaqiyatiga havo sharoiti — tuman va yog‘ingarchilik ham yordam bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid