Sport | 15:02 / 12.02.2024
50641
19 daqiqa o‘qiladi

Pozitiv. Milliy jamoaning Qatardagi ishtiroki haqida

Bobur Abduxoliqovni o‘ynatmaslik chindan ham xatomidi? Penaltilar seriyasiga nega tayyorgarlik ko‘rilmagan? Jamoa keyingi katta turnirlarga tayyormi? Sport jurnalisti Qahramon Aslanov milliy jamoaning Osiyo kubogidagi ishtiroki bo‘yicha taassurotlarini bildirdi.

Foto: Tribuna.uz

Mustaqillikning ilk yillarida milliy jamoaning Hirosimadagi ilk o‘yinini eslayman. 90-yillar boshida AQShda shov-shuv ko‘tarib, Niderlandiya va Belgiya kabi jamoalarga qarshi munosib to‘p surgan Saudiya Arabistoni ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozongan edik. Shu paytgacha sobiq ittifoqda yurgan futbolimiz uchun Osiyo o‘ziga yarasha ekzotika edi, tabiiyki, bundan buyog‘i shunday bo‘lishi, O‘zbekiston Osiyoning eng zo‘rlaridan biri bo‘lishiga ishonardik.

Keyin bilsak, Osiyo o‘yinlariga bo‘lgan munosabat qit’a «sherlari» uchun haminqadar ekan. Bu turnir ham, qisman ikki yil o‘tib biz guruhdan chiqa olmagan Osiyo kubogi ham, aslida bizga ushalmas orzuga aylangan jahon chempionati saralashi uchun tayyorgarlik sifatida ko‘rilar ekan.

Shuncha yil o‘tdi va o‘tgan haftalarda milliy jamoaning Osiyo chempionatidagi sakkizinchi ishtirokiga guvoh bo‘ldik. Jamoamizga o‘z tarixidagi eng yaxshi natija bo‘lmish yarim finalga chiqishni takrorlash uchun Zafarmurod penalti tepishda yugurishga eringan ikki qadam yetmay qoldi.

Mayli, o‘ttiz yil oldingi xatoni takrorlab, keling, bu natijani jiddiy olib, fojia yasamaylik-da, katta jamoalar kabi, turnirga boshqa rakursdan qarab ko‘ramiz va keyingi musobaqalar uchun biz sezgan ijobiy jihatlar haqida so‘z yuritamiz. Albatta, undan oldin, ularga biroz tanbeh berib, futbol jamoatchiligida eng ko‘p tilga olingan e’tirozlarni tilga olib o‘tamiz. Axir yomon xabarlardan boshlash kerakki, oxirida maqolamiz sarlavhasi kabi pozitiv nuqtada xayrlashamiz.

E’tirozlar

Birinchi e’tiroz, tarkibni tanlash, u yoki bu futbolchini almashtirish haqidagi fikrlar. Bu tarzdagi tanqidlarning davomli tus olishiga, albatta, Suriyaga qarshi birinchi o‘yindagi holatlar ham sabab bo‘ldi. Esingizda bo‘lsa, Katanetsning boshlang‘ich tarkib va taktikasidan ko‘pchilik hayron bo‘ldi, turli boshqacha takliflar berildi ham. O‘sha o‘yindagi o‘zgartirishlar va Hindistonga qarshi tanlangan futbolchilar go‘yoki, murabbiy emas, e’tiroz bildirgan jurnalist va muxlislar haq bo‘lgandek ko‘rsatib qo‘ydi. Rostan ham, O‘runov markaziy hujumga boshqa qo‘yilmadi, Fayzullayev asosiy tarkibdan joy oldi va hokazo.

Ammo bu turdagi tuzatishlar ish muhitida tamoman normal holat ekanini ta’kidlash kerak. Tabiiyki, tayyorgarlik uchrashuvlari va mashg‘ulotlar rasmiy turnir muhitini, yuklama va bosimini bermaydi. Murabbiy u yoki bu rejani musobaqa oldidan sinab ko‘rishi, ammo amalda, ba’zi futbolchilarning o‘rtoqlik uchrashuvlari yoki mashg‘ulotlardagi sifatni taqdim etishga qodir emasligi qachonki, rasmiy o‘yinda sinab ko‘rilsagina bilinadi. Yoki ba’zi futbolchilar aslida pastroq saviyada bo‘lishi mumkin, ammo aynan bir turnirda kutilmaganda va tushunarsiz sabablar bilan porlab ketadi. O‘sha «kuraj»ni ushlagan futbolchiga murabbiy imkoniyat berishda davom etadi va rejalarni o‘zgartirib bo‘lsa-da, ruhan tayyor futbolchilarga suyanishda davom etadi.

Jahon chempioni Argentina milliy jamoasi mundialdagi ilk o‘yinda umuman boshqa tarkibda maydonga tushdi, keyinchalik, Alvares, Enso, Akuna kabi futbolchilar turnir davomida asosiy o‘yinchilarga aylanib borishdi. Undan oldingi chempionatda Fransiya 1-turni 4-3-3 sxemasida, Dembele – Mbappe – Grizmann uchligi bilan boshlagan. Ammo Avstraliya bilan o‘yinda muammolarga duch kelgach, markazga Matiyudini qo‘shgan va yarimhimoyachi markazdagi muvozanatni ta’minlab, to finalgacha asosiy figuralardan biri bo‘lgan, Dembele esa zaxirada qoldirilgandi.

Aytmoqchimanki, birinchi o‘yindagi tajribalar o‘zini oqlamasligi, murabbiyning xatosi emas, muhimi, vaziyatning vaqtida tuzatilishidir. Birinchi turdagi «xatolar»dan kelib chiqib, murabbiyning boshqa qarorlarini ham shubha ostiga olaverish, menimcha, doim to‘g‘ri emas. Misol uchun, Bobur Abduxoliqovning maydonga tushmagani ko‘p bor e’tirozga sabab bo‘ldi, ammo milliy jamoa bazasidagi haqiqiy holatni bilmasdan, u yoki bu futbolchi aniq o‘yinni kuchaytirishi haqida baho berish to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Milliy jamoada tarkibni tanlash kompyuter o‘yinlaridagidan farq qiladi – ma’lum bir ko‘nikma va qobiliyatdan kelib chiqib, kerakli pozitsiyaga qo‘yish kifoya qilmaydi.

Shuningdek, futbolchining ruhiyati, muayyan tarkibda tutgan o‘rni va ishonchi ham o‘ta muhim. Aziz Turg‘unboyevni olaylik. U bir necha yil oldin «Navbahor»da o‘ziga ishongan, doim vaziyatni o‘z qo‘liga olishdan qo‘rqmaydigan yetakchi edi, ammo milliy jamoa a’zosiga aylanishiga bir necha yil kerak bo‘ldi. Shunda ham, Avstraliya va Tailand darvozasiga urilgan gollar Azizga ishonch berdi, deb ayta olaman. Musobaqa boshlanishidan oldingi Aziz va hozirgisining jamoada tutgan o‘rni orasida farq bor. Odil Hamrobekov haqida ham shunday deyish mumkin. Kimdir ilk o‘yinlardayoq chaqnaydi, kimdir bir necha o‘yin orqali jamoa ichida o‘z o‘rnini topsagina, maydonda to‘g‘ri qarorlar chiqarishi va ishonch bilan to‘p surishi mumkin.

Bobur Abduxoliqovning shu paytgacha milliy jamoadagi pozitsiyasi zaxira varianti edi, zero Eldor Shomurodov bilan raqobat qilish imkonsiz. Qisqa muddat qolganida asosiy hujumchi o‘ynamasligi ma’lum bo‘ldi. Bobur darhol ushbu pozitsiyada asosiy futbolchiga aylanishi uchun balki ruhiy to‘siqlar ham bo‘lgandir, sheriklari orasidagi o‘rni tortmas, albatta, bu jarayonlar jamoa muhiti ichida ma’lum bo‘ladi. Ya’ni, Bobur hujumchi sifatida maydonga tushishi kifoya, o‘yinimiz kuchayib, gollarimiz ko‘payishi mumkinligi haqidagi fikrlar baribir taxmin, xolos. Bu borada Katanetsning boshqacha xulosasi bo‘lishi va bu bir qator biz uchun noma’lum asoslarga ega bo‘lishi ham shubhasiz (Buni Eron bilan o‘yin oldidan ham yozgandim. Katanets bir necha yildan beri milliy jamoani shug‘ullantirayotgan bo‘lsa-da, futbolchilar bilan u haqiqiy ma’noda shu so‘nggi oylarda «tanishmoqda». Chunki o‘rtoqlik o‘yinlarida yoki mashg‘ulotlarda o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan futbolchi haqiqiy rasmiy o‘yinlarda pand berishi mumkin. Yoki aksincha holatlar ham bor).

Sayfiyev, Masharipov kabi futbolchilar asosiy tarkib uchun tanlanishi haqida ham shunday deyish mumkin – Shomurodov, Alijonov, Aliqulov kabi tajribali va yetakchi futbolchilar jarohatlangach, tabiiyki, tarkibda o‘ziga yarasha tajribali va murabbiy uslubini maydonga tashiydigan figuralar bo‘lishi juda muhimdir. Sayfiyev masalan, ayrim pallalarda ishonchni oqlamagan bo‘lsa-da, aynan o‘ziga ishonch va Katanets qo‘l ostidagi tajribasi tufayli o‘yinga ijobiy ta’sirini o‘tkazishiga ishonaman. Agar bunday futbolchilar ko‘proq bo‘lganida, albatta, variantlar ko‘payib, Katanetsda tarkibni tanlash imkoniyati yanada kengroq bo‘lishi mumkin bo‘lardi.

Ikkinchi e’tiroz, penaltilar seriyasiga. Ikkita penaltini aniq amalga oshir va biz yarim finaldamiz. Amaldagi chempion (bo‘lajak chempion) Qatarni chorakfinalda qoldirib ketishga biz mana shu masofada yaqin kelgandik. Albatta, penaltilar seriyasi bu lotereya, mashhur ibora, ammo oxirgi ikki penalti qanday amalga oshirilgani bizning ushbu seriyaga ham ruhan, ham ilmiy tomondan yetarlicha tayyor bo‘lmaganimizni ko‘rsatdi. Buni keyinchalik futbolchilarimizdan biri ham tan oldi.

Jaloliddin Masharipovning «raqib darvozaboni mening penalti tepishimni o‘rgangan ekan» degan izohi kulgili – albatta o‘rganadi-da. Normal futbol jamiyatida shunaqa, bu Masharipovning shunaqa mashhur bo‘lib, hamma uning uslubini bilishida emas, agar Argentina bilan penalti tepishib qolish imkoniyatiga ega bo‘lganimizda ham Martinez Zafarmurodning to‘pga qanday yugurib kelishigacha o‘rganib chiqqan bo‘lardi. Ammo biz nafaqat o‘yindan oldin, balki seriya davomida ham kerakli tuzatishlarni qila olmadik.

Yevro-2012 turnirida Italiya va Angliya penaltilar seriyasida g‘olibni aniqlashgandi. Inglizlar posboni Jo Hart chiziqda o‘zini o‘ta faol ko‘rsata boshladi, epchillik bilan bir zarbani qaytardi, tepuvchilarga ruhiy bosim qildi. Shunda italiyaliklarning yetakchisi Andre Pirlo «panenka» usulida zarba berib, ham Hartning ruhiyatiga zarba berdi, ham keyingi tepuvchi sheriklariga uning ojiz nuqtasini ko‘rsatdi. Keyingi zarbalar hammasi gol bilan tugagandi.

Darvozabonlar penaltilardagi o‘zini tutishi har xil bo‘ladi. Birinchi toifa, tavakkal bir tomonga tashlanadi va bu yerda agar zarba o‘ta mukammal ijro etilmasa, 50 foizga qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ikkinchi toifa, texnik tomondan xuddi birinchi toifa kabi, ammo qo‘shimchasiga, tepuvchini chalg‘itish, ruhiy ta’sir o‘tkazish, tashlanmoqchi bo‘lgan tomonni aldab namoyish qilish kabi harakatlarni amalga oshiradi. Xuddi Jo Hart kabi. Uchinchi toifa esa, imkon qadar so‘nggi pallagacha qimirlamaslikka, to‘pni diqqat bilan kuzatib, zarbadan keyingina o‘sha tomonga tashlanishga harakat qiladi.

Qatarlik darvozabon aynan uchinchi toifadagi uslubni tanlagan edi. Bunday vaziyatda gol urish uchun texnika ma’lum – imkon qadar qattiqroq zarba beriladi. U qadar burchakni mo‘ljallash shart emas, agar zarba qattiq berilsa, darvozabonda imkoniyat bo‘lmaydi. Endi, xuddi shunday tarzda zarbalarni qaytarayotgan darvozabonga qarshi markazga zarba berish – bilmadim, qay darajada sodda bo‘lishi kerak? Umuman, jonli rejimda darvozabon uslubini tahlil qilish va keyingi tepuvchilarga kerakli maslahatlarni berish kimning vazifasi edi? Murabbiylar shtabida bu ish bilan kim shug‘ullandi, futbolchilar o‘zaro suhbatlashishdimi? Rostini aytsam, bir jamoa tomonidan bu qadar ahmoqona penaltilar seriyasini ko‘rmagandim.

Eng ko‘p takrorlangan e’tirozlar mazmunan shu. Ayniqsa, birinchi qismda Katanetsni haddan tashqari tushunishga uringanim va ba’zida uning yonini olgandek tasavvur uyg‘otganimning sababi – milliy jamoamiz Osiyo kubogida yaqqol muvaffaqiyatsizlikka uchramadi. Hatto keyingi turnirlar uchun ijobiy kutilmalar ham taqdim etdi, deyish mumkin. Bu haqida quyida.

Qatar faqat bizni yuta olmadi

Qatorasiga ikki marta qit’a chempionligini qo‘lga kiritgan Qatar milliy jamoasi shu ikki turnirda 14 ta o‘yin o‘tkazib, 13 tasini g‘alaba bilan yakunladi. Uning raqiblari ichida Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya, Eron va Saudiya Arabistoni ham bor. Albatta, biz Qatarni yutishimiz kerak, kuchimizni bu tariqa baholash mag‘lublar usuliga o‘xshaydi, ammo tan olish kerak, maydon egalari bo‘lmish bo‘lajak chempionga qarshi, mana shunday tarkibda bir yuz yigirma daqiqa tengma teng o‘ynay olganimiz, hisobni tenglashtirganimiz ham natija. 

Jarohatlarsiz yanada kuchliroq bo‘lishimiz aniq edi

Avstraliya va Qatar bilan o‘yinlar oxirlariga kelib, bizga nimalar yetishmagani yaqqol sezilib qoldi. Musobaqada jarohatlardan eng ko‘p pand yegan jamoa ham biz bo‘ldik, nazarimda.

Turnir oldidan Eldor Shomurodov va Husniddin Aliqulovdan ajraldik. Birinchi tur o‘tib, Hojiakbar Alijonov ham yordam bera olmasligi ma’lum bo‘ldi. Keyin Suriya bilan yaxshi qo‘shilgan Nasrulloyevsiz, undan keyin Sergeyevsiz qoldik. Otabek Shukurov kasal bo‘lib qolgani tufayli Tailand bilan o‘ynay olmadi. Qatar bilan o‘yinda esa, diskvalifikatsiya sababli Abduqodir Husanov maydonga tusha olmadi.

Osiyodagi eng yaxshi hujumchilardan biriga ega bo‘lib turib, muxlislar hal qiluvchi o‘yinda Bobur Abduxoliqovning tushishini orzu qilishdi. Katanets davrida deyarli hamma o‘yinda qatnashgan va balki aynan u tufayli, uch markaziy himoyachi sxemasiga o‘tgan Alijonov o‘rnida Aziz Turg‘unboyev o‘ynadi. Tabiiyki, jamoani o‘yindan o‘yinga tayyorlab, kuchaytirib borish o‘rniga tarkibdagi teshiklarni yopish bilan ham shug‘ullangan Katanets uchun yakuniy natija u qadar yomon hisoblanmasligi kerak. Ishonamanki, to‘liq tarkib bilan biz yanada kuchliroq, tashabbuskorroq bo‘lishimiz mumkin edi va umid qilamanki, jahon chempionati saralash o‘yinlarida bu faraz o‘z isbotini topadi.

Himoyamiz mustahkam

Denisov, Ismoilov, Krimets kabi futbolchilardan iborat avlod davri tugagach, bizning eng xavotirli pozitsiyamiz himoya, ayniqsa, himoya markazi bo‘lgani sir emas. Tan olish kerak, kuchli klublarimizda ham yuqori saviyada milliy jamoada ishonchli harakat qiladigan nomzodlar ko‘p emasdi yoki u qadar ishonchli ko‘rinmasdi. Aynan mana shu Osiyo kubogi Katanetsning asosiy qilgan mehnatini namoyish qilib berdi – himoyadan u qadar qo‘rqmasak bo‘ladi.

Ashurmatov ham, Husanov ham, Eshmurodov ham ancha ishonchli harakat qilishdi va Aliqulov qaytsa, bu chiziq jamoadagi hal qiluvchi pozitsiyalardan biriga aylanadi. Turnirni mag‘lub bo‘lmasdan tark etganimiz, umuman Avstraliya va Qatar bilan o‘ynagan bo‘lsak ham, darvozamiz oldida «yong‘inlar» deyarli bo‘lmagani uchlik himoyamiz va albatta, Shukurov – Hamrobekov tandemining yutug‘idir.

5,5 ta o‘yin davomida darvozamizga atigi 10 marta aniq zarba berildi xolos. Yusupov faqat 2 marta rostakamiga kuchli seyvni amalga oshirdi, qolgan zarbalar u qadar xavfli emasdi. O‘tkazib yuborgan 3 golning biri shubhali penaltidan, biri uzoqdan berilgan zarba natijasida, yana biri darvozabonning xatosi sababli vujudga keldi. Agar turnirda faqat 3 tadan ko‘p o‘yinda qatnashgan jamoalarni e’tiborga olsak, bir o‘yinda 2 aniq zarba – bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yaxshi jamoaga aylandik. Hatto Avstraliyadan ham yaxshimiz – 13 ta (to‘g‘ri, Avstraliya darvozasiga berilgan 13 aniq zarbaning 9 tasi Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda bo‘lganini ham aytib o‘tish kerak. Biz kuchli jamoalar bilan o‘yinlarda hisobda oldinda bormadik, ya’ni bu ssenariyda o‘zimizni qanday tutishimiz ma’lum emas).

Himoya mustahkamlanishi birdaniga bir qator yaxshi himoyachilar, masalan, Husanov paydo bo‘lishi bilan qanchalik bog‘liq bo‘lsa, ayni damdagi futbolchilardan kelib chiqib, sxemamizni 3-4-3 ga o‘zgartirgan va qanotlardagi faollik yordamida muvozanatga erishgan Katanetsning ham yutug‘i bo‘lishi mumkin.

Ha, ba’zi jamoalar kabi hujumdagi o‘yinlarda porlamadik, agressiv hujumlar va chiroyli kombinatsiyalar, aytaylik, Saudiya Arabistoni milliy jamoasidagi kabi ko‘plab bo‘lmagandir, ammo bu holat tanganing ikkinchi tomoni bo‘lmish himoyadagi ishonchli o‘yinni sug‘urta qilganini inobatga olish kerak. Saralash o‘yinlarida kuchli raqiblar ko‘proq bo‘ladi va avvalo, himoyaning mustahkam bo‘lishi asosiy qurollardan biriga aylanadi. O‘z golimizni kerak bo‘lsa, albatta, topamiz. Avstraliya ham, Qatar ham buni tasdiqlashi mumkin.

Xulosa

 

Turnirdagi ishtirokni qoniqarlidan biroz yuqoriroq baholash mumkin. Kim uchundir milliy jamoada kuzatilgan ijobiy holatlar muhim, kimdir yanada qat’iyroq talablar yoki kattaroq umidlar oqibatida xatolar haqida ko‘proq o‘ylashi ham mumkin, bu tabiiy. Ammo milliy jamoaning keyingi taqdirini belgilash nuqtayi nazaridan qaraganda, Osiyo chempionatiga umumiy siklning yakuni sifatida qaramagan bo‘lardim.

Ya’ni musobaqadagi turli asoslardan kelib chiqib, Srechko Katanetsning iste’fosini ilgari surish juda noto‘g‘ri bo‘lardi, deb o‘ylayman. O‘z oldiga jahon chempionatiga chiqishni maqsad qilgan har qanday jamoa qit’a chempionatini tayyorgarlikning bir bosqichi sifatida qaraydi. Biz ham hech qachon, Livandagi yaqqol muvaffaqiyatsizlikni hisobga olmasak, bosh murabbiyni bu pallada almashtirmaganmiz. Chempionlikni maqsad qilib kelgan va bizdan ancha kuchli tarkibga ega bo‘lib, yakunda finalga chiqa olmagan Koreya yoki Yaponiya uchun natija yaqqol muvaffaqiyatsizlik sifatida tan olinsa-da, aynan shu pallada murabbiyni almashtirish haqida o‘ylab ko‘rishmasa kerak.

Qatardagi turnir o‘ziga yarasha jiddiy test bo‘lib, kamchiliklarni aniqlab olish, saralash o‘yinlarida takrorlamaslik, jiddiy yuklamalar ostida turli taktika va futbolchilarni sinovdan o‘tkazishda qo‘l keladi. Agar murabbiy va futbolchilar o‘rtasida aniq ko‘rinib turgan jarlik yuzaga kelmasa, murabbiy rejalari qisman maydonda amaliy tomonini topayotgan bo‘lsa, ko‘rsatmalar tushunarli bo‘lib, yakuniy kartina uchun tasavvur paydo qilayotgan bo‘lsa, oxirigacha qo‘yib berish kerak. O‘ylaymanki, Katanetsning jamoasi ayniqsa, to‘liq tarkib bilan qiyinroq vazifalarni bajarishga qodir ekanini isbotlagandek.

Bajara olmadi, lekin qodir ekanini ko‘rsatdi. Bu murabbiyga ishonish uchun yetarli sabab hozircha.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid