Jahon | 23:49 / 08.08.2025
11031
6 daqiqa o‘qiladi

“Zangezur AQSh nazoratiga o‘tsa, Kavkaz va Markaziy Osiyoda Vashingtonning ta’siri kuchayadi” – siyosatshunos

Zangezur yo‘lagining AQSh nazoratiga o‘tishi Janubiy Kavkazdagi tinchlik jarayonlari fonida yangi geosiyosiy savollarni keltirib chiqarmoqda. Bu yo‘lak Markaziy Osiyo uchun tranzit xarajatlarini kamaytirib, savdo imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Ammo AQShning mintaqadagi ta’siri ortishi Kaspiy atrofidagi kuchlar muvozanatiga ham ta’sir ko‘rsatib, yangi geosiyosiy raqobat bosqichini boshlab berishi ehtimoldan xoli emas.

“Geosiyosat”da siyosatshunoslar mazkur mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Zangezur yo‘lagining AQSh nazoratiga ortishi Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi? Bu jarayonning foydali va salbiy tomonlari qanday bo‘lishi mumkin?

Jahongir Akramov: Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik shartnomasining imzolanishi xalqaro munosabatlar uchun ijobiy holatdir. Bu mojaro hatto Sovet Ittifoqi tuzilishidan oldin, Oktyabr inqilobidan keyingi davrlarga, undan ham ilgari rus-turk urushlari davriga borib taqaladigan, yuz yillardan beri davom etib kelayotgan ziddiyatdir. Shunday ekan, tinchlikka erishish, albatta, ijobiy natija.

Biroq bu voqea Rossiyaning Janubiy Kavkazda katta mag‘lubiyatga uchraganini ham anglatadi. Endilikda u bu hududda gegemon emas, balki oddiy ishtirokchi darajasida qolmoqda. Zangezur yo‘lagining Amerika kompaniyasiga ishonib topshirilishi ijobiy qaror bo‘lmasligi mumkin. Chunki Ozarboyjon aslida muzokaralarni ikki tomonlama olib borishni xohlagan va dastlab bu loyihani Shveytsariya kompaniyasiga berishni rejalashtirgan edi. Hozirgi sharoitda esa AQSh siyosatining, ayniqsa, Tramp davridan keyin barqaror va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan holga kelgani qo‘shimcha xavflarni yuzaga chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

Agar bu yo‘lak xalqaro konsorsium ko‘rinishida tashkil etilsa, Yevropa davlatlari ham ishtirok etishi va Ozarboyjon ham, Armaniston ham manfaatdor bo‘lishi mumkin edi. Aks holda bu Eronning ham noroziligiga sabab bo‘lishi ehtimoli bor, chunki loyiha bevosita uning yonida joylashgan.

Markaziy Osiyo nuqtayi nazaridan esa Zangezur yo‘lagining ochilishi katta iqtisodiy imkoniyatdir. Hozir O‘zbekiston va boshqa mintaqa davlatlari Kaspiy dengizi orqali Gruziya portlaridan foydalanadi, bu esa ortiqcha tranzit xarajatlarini keltirib chiqaradi. Zangezur yo‘lagi ochilsa, tannarx kamayadi, jahon bozoriga chiqish osonlashadi. Bu yo‘l orqali Turkiya portlariga chiqish imkoni bo‘ladi, bu esa Markaziy Osiyo mahsulotlari raqobatbardoshligini oshiradi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi savdo yo‘llarida mintaqaning o‘rni kuchayadi. Bu esa ma’lum ma’noda Buyuk Ipak yo‘lining qayta tiklanishi va 1998 yillarda ko‘tarilgan Trans-Yevropa-Kavkaz-Osiyo loyihasining yangi bosqichda amalga oshirilishidir.

Umuman, Janubiy Kavkazdagi tinchlik Markaziy Osiyo uchun iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarni oshiradi, Rossiyaning geosiyosiy mag‘lubiyatini mustahkamlaydi va turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiyani yanada mustahkamlaydi. Bu birinchi marta turkiy davlatlarning uzluksiz aloqaga ega bo‘lishi demakdir.

Hikmatilla Kazakbayev: Bu jarayonning salbiy jihatlari ham bo‘lishi mumkin. Masalan, AQShning Kavkazdagi ta’siri ortishi biz uchun ham qaysidir ma’noda ogohlantiruvchi holatdir. Chunki Kavkazdan keyingi navbat Markaziy Osiyoga kelishi mumkin. Shuni unutmaslik kerakki, SSSR parchalangandan keyingi 30 yildan ortiq davr mobaynida birorta AQSh prezidenti Markaziy Osiyoga tashrif buyurmagan. Shunga qaramay, mintaqa doim AQSh manfaatlari doirasida bo‘lib kelgan. Agar hozirgi jarayonda AQSh Kavkazda mustahkam o‘rnashsa, keyingi qadam sifatida Markaziy Osiyoga faolroq kirib kelishi ehtimoli ortadi. Bu esa bevosita Kaspiy bo‘yidagi davlatlar ustidan nazorat masalasiga ham ta’sir qiladi. Ozarboyjon uchun bu yo‘lakning ochilishi ijobiy. Hozircha mamlakatda Naxichevanga quruqlik yo‘li yo‘q, faqat havo yo‘llari ishlatiladi va ular hukumat tomonidan subsidiya qilinadi. Tabiiy gaz esa Eron orqali yetkazib beriladi. Agar Zangezur yo‘lagi ishga tushsa, u temiryo‘l, avtomobil yo‘li yoki gaz quvuri sifatida xizmat qilishi mumkin. Markaziy Osiyo uchun ham bu yangi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Masalan, O‘zbekiston Gruziyaning Poti portiga chiqish rejasini ilgari surgan. Bu Rossiya va Xitoyga tranzit qaramligini kamaytirib, Kavkaz va Qora dengiz orqali dunyo okeaniga chiqish imkonini berishi mumkin.

Biroq boshqa tomondan qaraganda, yo‘lakning AQSh nazoratiga o‘tishi mintaqada, jumladan, Markaziy Osiyo va Kaspiy bo‘yidagi davlatlarda Amerika ta’sirini keskin oshirishi mumkin. Ozarboyjon va Armaniston tarixda birinchi marta o‘zaro tinchlik shartnomasini imzolashga shu qadar yaqinlashgan bir paytda Rossiya bilan munosabatlarining yomonlashishidan AQSh mohirona foydalanib qolmoqda. Agar koridor ustidan nazorat AQShga o‘tsa bu nafaqat Kavkazda, balki Markaziy Osiyoda ham uning ta’sirini kuchaytiradi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid