Jamiyat | 13:00 / 28.09.2017
70982
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi mehnat migrantlari uchun. Patent to‘lovi tartibi bo‘yicha muhim ma'lumotlar

Sayt tahririyatiga yurtdoshlarimizdan «patentga to‘lov qanday va qay muddatda to‘lanadi, o‘z vaqtida to‘lamasa nima bo‘ladi?», degan savollar ko‘p kelmoqda. Bugun shu masalaga oydinlik kiritmoqchimiz.


Patentning amal qilish muddati qanday?

Patent 1 oydan 12 oy muddatigacha beriladi. Patentning amal qilish muddati bir necha marta uzaytirilishi mumkin. Shunday bo‘lsada, patent muddati berilgan kunidan 12 oydan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Patent muddati uning uchun oldindan amalga oshirilgan to‘lov davrigacha uzaytirilgan hisoblanadi. Agar vaqtida to‘lov amalga oshirilmasa, oxirgi amalga oshirilgan to‘lov davri tugagan kunning ertasidan patent muddati tugagan hisoblanadi.


Patent uchun to‘lovni qachon amalga oshirish kerak?

Patent uchun to‘lovni har oyda yoki bir necha oyga oldindan amalga oshirish mumkin. Biroq, birdaniga 12 oydan ortiq muddatga to‘lab bo‘lmaydi. Sababi, patentning umumiy muddati 12 oydan ortiq emas.

DIQQAT: Ko‘pchilik patentni qo‘lga olgan kun sanasidan kelib chiqib to‘lamoqda. Bunday qilish noto‘g‘ri. Patent to‘lovini uning orqasidagi «Data vydachi» degan joyda yozilgan sanagacha amalga oshirish lozim.

Masalan, patentni 12 fevral kuni olgansiz. Patent orqasida esa 06 fevral ko‘rsatilgan. Bunday holda har oyning 05 sanasigacha to‘lash lozim (keyingisi 05 martgacha, undan keyingisi 05 aprelgacha va hokazo. Shunday qilib ushbu holatda to‘lov amalga oshirish uchun oxirgi kun keyingi davrning 05-sanasi. 06-kuni to‘lov qilish noto‘g‘ri. Chunki oyning oltinchi kuni keyingi davr boshlangan bo‘ladi. To‘lovni o‘sha davr boshlanmasdan amalga oshirish shart.) Yana bir bor eslatib o‘tamiz, patent to‘lovini uning orqasidagi «Data vydachi» degan joyda yozilgan sanagacha, ya'ni shu kundan kamida bir kun oldin amalga oshirish shart. U yerda yozilgan kunda to‘lov qilish ham noto‘g‘ri bo‘ladi.

Agar siz 2015 yilda olgan patentingiz o‘rniga mamlakatni tark etmay yangi patent olgan bo‘lsangiz, patent to‘lovini yangi olgan patentingizda yozilgan sanagacha amalga oshirishingiz shart. Masalan: Eski patentda yozilgan sana 06 fevral edi. Yangisida esa 18 fevral yozilgan. Bunday holatda to‘lovni keyingi davrning 17-sanasigacha amalga oshirish zarur.

Biz patent to‘lovini ertaroq, muddat tugashidan 3–5 kun oldin amalga oshirishni maslahat beramiz. Shunda dam olish va bayram kunlariga to‘g‘ri kelishi tufayli to‘lovni qilishda muammolar bo‘lmaydi.

DIQQAT: Patent to‘lovini bir kunga kechiktirish ham uning muddati tugashiga va uning bekor qilinishiga olib keladi. Muddatini o‘tkazib to‘lashning foydasi yuq. Chunki muddati tugagandan keyin uni tiklash imkoniyati qonunda ko‘rsatilmagan.

Patent uchun to‘lovni qayerda amalga oshirish mumkin ?

1. Migratsiya markazlarida.

2. Har qanday bank bo‘limlarida.

3. «Yunistrim» pul o‘tkazish tizimi orqali.

4. «Sberbank. Onlayn» mobil dasturi orqali bank kartasi yordamida.


Patent vaqtida to‘lanmadi. Nima qilish kerak?

№ 115-FQ «Chet el fuqarolarining RFdagi huquqiy holati to‘g‘risida»gi qonunning 5-band, 13.3 moddasida «Patent muddati, u uchun oldindan amalga oshirilgan to‘lov davrigacha uzaytirilgan hisoblanadi, deb ko‘rsatilgan. To‘lov amalga oshirilmasa, oxirgi amalga oshirilgan to‘lov davri tugagan kunning ertasidan patent muddati tugagan hisoblanadi».

O‘sha qonunning 5-moddasiga binoan, «Chet el fuqarosi patenti muddati uzaytirilmagan yoki unga berilgan patent bekor qilingan taqdirda, agar ushbu fuqaroning RFdagi vaqtincha yashash muddati (registratsiyasi) tugagan bo‘lsa, u RF hududidan chiqib ketishi shart».

Boshqacha qilib aytganda, agar chet el fuqarosi patentini o‘z vaqtida to‘lamagan bo‘lsa, zudlik bilan Rossiyadan chiqib ketishi va qayta kirib yangidan patent olishga hujjat topshirishi zarur. Aks holda, fuqaroni RFda vaqtincha yashash qoidalarini buzganligi uchun sud orqali ma'muriy tarzda chiqarib yuborishlari (administrativnoye vydvoreniye) yoki unga nisbatan kirishga taqiq (zapret na v'yezd) qo‘yishlari mumkin.


Patent to‘lash paytida qanday ma'lumotlarni kiritish kerak?

Birinchi to‘lovdan qolgan chekda yozilgan ma'lumotlarni hamda INN nomeringizni kiritishingiz zarur.

«Adres platelshchika» qatorida siz ishlayotgan tashkilotning yuridik adresini kiritgan ma'qul, garchi ushbu manzil sizning registratsiyangizdagi manzil bilan bir xil bo‘lmasa ham. Shunday qilish keyinchalik NDFL soliqni qaytarib olishga yordam beradi. Agar siz firmada emas, jismoniy shaxs (fizicheskiy litso) qo‘lida ishlayotgan bo‘lsangiz, registratsiyangizdagi adresni kiritish lozim.


INN raqamini qanday bilish mumkin?

INN raqami patentning o‘zida, pasport nomeri yonida ko‘rsatilgan bo‘ladi. Agar sizning patentingizda INN ko‘rsatilmagan bo‘lsa, registratsiyangiz manzili bo‘yicha tuman soliq inspeksiyasiga (nalogovaya inspeksiya) murojaat qilishingiz lozim. INN 5 ish kunida bepul beriladi. Uni olishda pasport tarjimasi va registratsiya kerak bo‘ladi.

DIQQAT: INN raqami bo‘lmasa, patent to‘lovini amalga oshirib bo‘lmaydi. Shuning uchun patent to‘lovi muddati kelmasidan INN bor yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rishni va bo‘lmagan taqdirda, tuman soliq inspeksiyasiga murojaat qilib, patent to‘lovi muddatigacha INN olishni tavsiya qilamiz.

 

Patent to‘lovi haqidagi chek yo‘qolsa, nima qilish mumkin?

1. Birinchi chekni migratsiya markazi (Yedinyy migratsionnyy sentr) yoki FMX (FMS)da tiklash mumkin.

2. Keyingi cheklarni to‘lov qilingan bankda tiklash mumkin.

3. Soliq inspeksiyasida barcha to‘lovlar haqida ko‘chirma (vypiska) olish mumkin.

Bu muhim!

Barcha cheklarni saqlab, ulardan nusxalar olib qo‘ying. Chunki chekdagi yozuvlar o‘chib ketishi mumkin. Cheklar sizning patentingiz muddati tugamagani hamda siz Rossiyada qonuniy yurganingizni tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Bundan tashqari, keyingi yilda mamlakat hududini tark etmay, yangi patent olish uchun ham cheklar kerak bo‘ladi. Biror-bir sabab bilan sizga nisbatan Rossiyaga kirishga taqiq qo‘yishsa ham, cheklarning yordami tegadi.

Rossiyadan boshqa joyga borib kelmoqchi bo‘lsangiz va tez kunlarda qaytib kelib ishlash niyatingiz bo‘lsa, chetda yurishni rejalashtirgan muddatingizga ham oldindan patent to‘lovini amalga oshiring. Chunki patent muddatini to‘xtatib qo‘yish imkoniyati yo‘q. Shunday qilsangiz, qaytib kelib patent bo‘yicha ishlayverasiz. Aks holda, yangidan patent olishga to‘g‘ri keladi.

Botirjon Shermatov,

Yurist – konsultant.

Manba: http://migrant.mobi/patent/

Mavzuga oid