Jamiyat | 10:55 / 13.12.2025
1920
2 daqiqa o‘qiladi

Karachida hibsdagi o‘zbekistonlik: elchixona ishni nazoratga oldi

O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi xodimi Karachi shahridagi Markaziy ayollar qamoqxonasiga tashrif buyurib, u yerda vaqtincha saqlanayotgan vatandosh bilan uchrashdi. Diplomatlar fuqaroning murojaati asosida ish tafsilotlarini o‘rganib, sud jarayonini kuzatib bormoqda.

Foto: "Dunyo" AA

Ma’lum qilinishicha, u Pokistonga 2024 yil dekabr oyida Maldiv fuqarosi bo‘lgan shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bilan tadbirkorlik qilish maqsadida kelgan. U 2025 yil yanvarda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan guruhga turmush o‘rtog‘i bilan sheriklikda gumon qilinib hibsga olingan va Karachidagi Markaziy ayollar qamoqxonasiga joylashtirilgan. Ayni paytda sud jarayoni davom etmoqda.

Fuqaro elchixonaga yo‘llagan murojaatida xorijlik turmush o‘rtog‘ining yolg‘on va’dalarga ishonib Pokistonga kelgani, giyohvand moddalar savdosiga umuman aloqasi yo‘qligi va ozodlikka chiqishiga yordam so‘rab murojaat qilganini bildirgan.

O‘zbekiston diplomatlari murojaatdan so‘ng fuqaro bilan bir necha bor suhbat o‘tkazgan, tergov tafsilotlarini o‘rgangan va sud muhokamalarini monitoring qilib bormoqda. Vatandosh aytishicha, elchixona aralashuvidan keyin unga qo‘yilgan ayblovlar yanada xolis ko‘rib chiqilmoqda.

Uchrashuv davomida fuqaroning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida konsullik-huquqiy maslahatlar berildi. Shuningdek, faol vatandoshlar ko‘magida oziq-ovqat mahsulotlari, qishki kiyim-kechak va pul mablag‘i taqdim etilgani aytilmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, Pokiston tomonidan ajratilgan advokat ishni ko‘rish jarayonida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani sababli u bilan kelishuv bekor qilinib, elchixona tomonidan boshqa advokat yollangan. Yangi jalb qilingan advokat fuqaroning ozodlikka chiqish imkoniyati yuqori ekanini ma’lum qilgan.

Safar chog‘ida elchixona xodimi qamoqxona rahbariyati bilan ham uchrashib, vatandoshni tez orada O‘zbekistonga — yaqinlari oldiga qaytarish imkoniyatlari, shuningdek unga dam olish, yaqinlari bilan uchrashish, telefon orqali muloqot qilish, advokat bilan ko‘rishish va tibbiy xizmatdan o‘z vaqtida foydalanish shart-sharoitlarini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Mavzuga oid