O‘zbekiston | 20:04 / 05.07.2020
19245
7 daqiqa o‘qiladi

«Korrupsiya, mahalliy organlarning e'tiborsizligi bugungi «snos»larga sabab bo‘lmoqda» – Bosh vazir o‘rinbosari

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning aytishicha, korrupsiya, mahalliy organlarning ham e'tibor qaratmagani, hamma-hammasi bugungi «snos»larga sabab bo‘lmoqda. U bu haqda 2 iyul kuni jurnalistlar uchun Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur doirasidagi brifingda ma'lum qildi.

«Hamma qonunni buzsak, mas'ullar bilan kelishamiz deb o‘ylagan. O‘zboshimchalik bilan uy, «dacha» qurganlar davlat organlarida ham o‘zimizga o‘xshagan odamlar ishlaydi, bir narsa xohlaydi, qaysidir ehtiyojini qilib beramiz degan fikrda yurgan. Shu bilan kunlar, oylar o‘tib ketavergan.

Mana, endi ba'zi birlari dod-voy qilib chiqmoqda. Hammaning e'tiborini o‘ziga qaratish uchun. Bunaqa jazavaga tushishi kerakmas, bunga sekin-sekin o‘rganishimiz kerak. [Bunday odamlar] ommaviy axborot vositalarida chiqib ehtiroslarga berilganda e'tibor qilish kerak emas. Qonun bormi, unga hamma teng rioya etishi kerak.

Korrupsiya, mahalliy organlarning ham e'tibor qaratmagani, hamma-hammasi bugungi «snos»larga sabab bo‘lmoqda. Sababi, qurilish qilish uchun yer ajratish taqchil bo‘lgan, sun'iy taqchillik hosil qilingan. Turizm uchun foydali joylar tadbirkorlarga taklif etilmagan. Shundan keyin odamlar har xil qing‘ir-qiyshiq yo‘llar bilan, korrupsiya va boshqa yo‘llar bilan mana shunday joylarni egallashib, noqonuniy qurilishlar qilishgan. Endi bu narsalarni biz joy-joyiga keltirishimiz kerak», deya Aziz Abduhakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, qurilish qilib bo‘lmaydigan joylar belgilab qo‘yilmagani, yerlar shu paytgacha ochiq-oydin auksionga qo‘yilmagani uchun bugungi muammolar kelib chiqmoqda.

Aziz Abduhakimov

«To‘g‘ri, bu mojarolarning yuzaga kelishi mahalliy hokimlikning ham kamchiligi, aybi deb hisoblaymiz. Qurilish qilib bo‘lmaydigan joylar belgilab qo‘yilmagan. Yerlar shu paytgacha ochiq-oydin auksionga qo‘yilmagan. Natijada bugungidek muammolar kelib chiqmoqda.

Biz turizm obektlari qurilishidan manfaatdormiz. Kim istasa kelib qursin, bu – tumanga investitsiya, yangi ish joylari degani. Shuning uchun iltimos qildikki, qaytanga hozir turizm maskanlarini qursa bo‘ladigan joylarni belgilab, yerlar 4 sotixdan yoki qonun hujjatlarida belgilangan me'yorda auksion orqali odamlarga sotiladi. Boyroq odam bo‘lsa, marhamat, 4-5 tasini sotib olib, kattaroq joy qilsin.

Mana shu joylarning savdosi ochiq bo‘lmagan, odamlarga yerlar qonunda belgilangan tartibda berilmagan. Aholi soni kundan-kunga o‘sib boryapti, bu yerda hamma yoqqa uylar qurib tashlayversak, tabiat ham qolmaydi, «O‘zbekiston Shveytsariyasi» degan joydan asar ham qolmaydi. Shuning uchun bosh reja asosida imoratlar qurish mumkin bo‘lgan, xavfsiz joylarda qurilish me'yorlariga amal qilgan holda qurishlari mumkin.

Nimaga odamlar mana shunday joylarda imorat qurishgan. Chunki noiloj bo‘lishgan va noqonuniy tarzda bo‘lsa ham qurishga harakat qilishgan. Mumkin emasligini tushunishgan, lekin ularga muqobil variant berilmagan. Hozirgi kunda odamlarga ana shunday muqobil variantlarni taklif qilish bo‘yicha «Davgeodezkadastr» qo‘mitasi katta ishni amalga oshirdi.

Bilishimcha, bugungacha Bo‘stonliq hududida turizm obektlarini qurish mumkin bo‘lgan ancha joylarni topib qo‘yishdi. Hozir bu borada tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayapti. Auksionga qo‘yilgach, marhamat, istalgan odam sotib olsin-da qursin. Qonuniy mumkin bo‘lgan joylarda qancha xohlashsa qurishsin», deydi u.

Avvalroq Davgeodezkadastr qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzodxo‘ja Habibullayev Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani atrofidagi 24 «dacha» bilan bog‘liq muammolarga joylardagi vakolatli organlarning o‘z vazifasiga mas'uliyatsizligi ham sabab bo‘lganini, davlat idoralari xodimlaridan ham xato o‘tgan joylari borligini tan olgan edi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorovning bildirishicha, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan 24 ta «dacha»ning hujjatlari 1998 yilda rasmiylashtirilgan, ularni mahalla raisi qalbakilashtirib, korrupsiya orqali tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini chiqartirib olgan. Biroq u bu ishlardan mutlaqo bexabar odamlar tomonidan sotib olingan, ya'ni aybsiz aybdor bo‘lib qolgan «dacha»larning yangi egalariga nima uchun kompensatsiya to‘lanmasligiga qonuniy asos keltira olmagan.

Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani hududida o‘zboshimchalik bilan qurilgani aytilayotgan 24ta uy egalari Kun.uz muxbiri bilan suhbatda buzilishi rejalashtirilgan imoratlar joylashgan yer sihatgohga tegishli emasligini aytishgan. Bu ma'lumot muxbir bilan telefon orqali suhbatda muassasa direktori Norinboy Niyozmetov ham tasdiqlagan.

Toshkent viloyati prokurori Salom Samadovning ma'lum qilishicha, Bo‘stonliq tumanidagi sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani atrofidagi dala hovlilar noqonuniy qurilishiga aloqadorlikda ayblanib 10 kishi qamoqqa olingan, ular orasida tuman hokimi o‘rinbosari, tuman «Yermulkkadastr» bo‘limi xodimi, mahalla raisi, maklerlar bor.

Mavzuga oid