O‘zbekiston | 20:30 / 03.11.2022
18102
8 daqiqa o‘qiladi

Turkiy davlatlar tashkiloti: A’zolar chuqur integratsiyaga kirisha oladimi? 

11 noyabr kuni Samarqand shahri Turkiy  davlatlar tashkiloti sammitiga mezbonlik qiladi. Turkiy kengash o‘rnida tuzilgan tashkilotning ilk sammiti Markaziy Osiyo va Samarqandda o‘tayotgani e’tiborga molik.

Xo‘sh, Samarqand sammiti kun tartibidan qanday masalalar muhokamasi o‘rin olgan? Bugun bu tashkilotning xalqaro maydondagi o‘rni qanday va uning o‘zi singari boshqa birliklardan sustroq faoliyatiga nimalar sabab bo‘lyapti?

Kun.uz muxbiri shu va boshqa savollar bilan Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Mirvohid Azimov, iqtisodchi Abdulla Abduqodirov va siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovni suhbatga taklif qildi.

– Dastlab bu tashkilot va bir yil avval Turkiyaning “Demokratiya va Ozodlik” orolida o‘tilgan yangi bosqich bilan uning mazmunida nimalar o‘zgargani haqida fikrlaringizni bilmoqchiman.

Tashkilot bugun va istiqbolda o‘z a’zolariga nimalar beradi? Uning yakuniy maqsadi aniq belgilab olinganmi? Shuningdek, unda integratsiyani chuqurlashtirish borasidagi asoslar qanchalik mustahkam qo‘yilgan?

Mirvohid Azimov:

– Darhaqiqat, 11 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti nomini o‘zgartirgandan keyingi ilk sammiti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Uning ahamiyati shundaki, bu sammit birinchi bor O‘zbekiston hududida o‘tkazilmoqda. Tashkilot haqida gapiradigan bo‘lsak, u umumiy til, an’anaviy o‘zaro birlik va hamjihatlik asosida qurilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning samarali birligiga aylandi. Tashkilotning rivojlanish bosqichlarini uchga bo‘lish mumkin. O‘zbekiston mustaqillikka erishgan vaqtlarda, ya’ni 1992 yil Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining ilk sammiti bo‘lib o‘tadi. 2009 yilgacha bu davlat rahbarlari sammiti sifatida faoliyat yuritadi. 2009 yil tashkilot rivojlanishining ikkinchi bosqichi deb ataladi va bu davrda Naxichevan bitimi imzolanadi. Unga asosan turkiy tilli davlatlar kengashi xalqaro tashkilot sifatida tashkil qilinadi va uning nizomi tasdiqlanadi.

O‘zbekiston 2019 yilda ushbu kengashga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shiladi. O‘tgan yilgi Istanbul sammitida bu tashkilot nomini Turkiy davlatlar tashkiloti deya o‘zgartiradi. Buning o‘ziga xos ramziy ma’nolari mavjud. Istanbul sammitida nafaqat tashkilot nomi o‘zgardi, balki mazmun jihatdan ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Turkiy dunyo nigohi deb nomlangan 2040 yilga mo‘ljallangan strategik hujjat qabul qilindi. Bu hujjatda oldimizga qo‘yilgan maqsadlar to‘rt sohaga mo‘ljallab, aniq-ravshan qilib qo‘yildi. Bular siyosiy, savdo-iqtisodiy, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash va xalqaro hamjamiyat bilan turkiy davlatlarning aloqalaridir. Bu tashkilotning asosiy vazifasi turkiy davlatlar o‘rtasida turli sohada aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro ishonch muhitini shakllantirish va xalqaro munosabatlarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

–  Kamoliddin aka, siyosiy tahlilchilar nazdida qanday tashkilot Turkiy davlatlar tashkiloti?

Kamoliddin Robbimov:

– Avvalambor, makro davrga baho berish kerak. Ya’ni lokalizm davrini tugatib, globalizm davriga kirib keldik. Bundan keyin insoniyatning borgan sari o‘zliklar asosida taqsimlanishi emas, o‘zliklar asosida borgan sari yaqinlashuvi kuzatiladi. Lekin slavyan dunyosida bugun parchalanish ketyapti. Masalan, Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat va qarashlar geosiyosiy jihatdan bir-birini butunlay inkor etadi. Yoki ba’zi bir davlat sivilizatsiyalari mavjud. Masalan, Hindiston ham, Xitoy ham alohida sivilizatsiyaviy davlat. Yevrosiyo dunyodagi eng katta materik va o‘sha materikdagi eng katta xalqlardan biri bu dunyo turkiylaridir.

XX asr turkiylar uchun fojia asri bo‘ldi. Chunki Turkiyadan tashqari barcha turkiy davlatlar istilo qilindi. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari ham dastlab chor Rossiyasi, keyinroq sovet ittifoqiga o‘zining mustaqilligi va erkini topshirib qo‘ydi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng yettita turkiy davlatlar o‘zaro birlashib, mana tashkilotni tuzishdi. O‘zbekistonda fundamental o‘zgarishlar ikkinchi ma’muriyat davridan boshlanadi. Chunki birinchi ma’muriyat davrida, ya’ni 90 yillarning boshida turk davlatlari bilan munosabatlarimiz iliq edi. Ma’lum bir ziddiyatlar sababli O‘zbekiston bu munosabatlarni chekladi.

Bugungi kundagi asosiy maqsad, imkoniyatlarni birlashtirish va birlashgan imkoniyatlar fonida o‘zlikni saqlash va parvarishlar vazifasi qo‘yiladi. Yevropa ittifoqining ohangiga e’tibor beradigan bo‘lsangiz, ular doim bir ohangni targ‘ib qiladi. Ya’ni 1 mlrd aholisi bor Xitoy bilan raqobatda bo‘lishimiz uchun biz kuchli Yevropa Ittifoqi bo‘lishimiz kerak.

Turkiy davlatlar tashkilotida o‘ta qudratli bo‘lgan va hammaga ta’sir o‘tkazadigan davlatlar mavjud emas. Bu yerda birodarlik, tarixiy o‘zlik va hamkorlikka bo‘lgan ehtiyoj haqiqatan ham kuchli. Turkiy davlatlarning hamkorligi tarixiy vaziyat taqozo qiladigan bir holat. Bu davlatlarning har birida kuchli va boshqalarga ehtiyojlari bo‘lgan nuqtalar mavjud.

– Abdulla aka, bu tashkilotda yirik iqtisodiy integratsiyaning kelajagi qanday?

Abdulla Abduqodirov:

– Biz turkiy davlatlar hamjihatligi to‘g‘risida gapirar ekanmiz, gap 300 mln aholi haqida ketyapti? Bu 92 millat va elatlarning potensiali deganini anglatadi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda turkiy davlatlarning kuchayishiga hamma tomondan qarshilik bo‘lsa bo‘ladiki, hech kim tomonidan yordam ko‘rsatilmaydi. Ammo o‘zimiz qo‘shni davlatlar bilan birgalikda Markaziy Osiyo tushunchasini yuksaltirishga ko‘proq urg‘u berishimiz kerak. Turkiy davlatlar tashkilotining nizomida shunday deyilganki, gap hozir 90 yillar haqida bormoqda. Bu davrda barcha turkiy davlatlar qatori Turkiyaning o‘zida ham mo‘’tadillik bo‘lmagan. Shu davrda tashkilotning asosiy vazifasi terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashga qaratilgan. Ikkinchisi savdo-iqtisodiy va uchinchisi, madaniy jihatga katta urg‘u berishgan. Turkiy davlatlar o‘rtasida asosiy xavf bu IShIDdan kelib chiqadi. Separatizm masalasiga turkiy davlatlar duch kelishgani yo‘q.

Iqtisodiy jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, sir emaski, Xitoy va Rossiyadan keyin Turkiya biz uchun asosiy iqtisodiy hamkorlardan biri. 2019 yilgi Turkiyaning bir hisobotida viza kartalar bo‘yicha aylanmalar borasida O‘zbekiston Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. Ya’ni Turkiyaga borib pul sarflagan o‘zbeklar Rossiyadan keyingi ikkinchi o‘rinni band etgan. Buning o‘zidan ko‘rinib turibdiki, ikki davlat o‘rtasidagi almashinuv potensiali juda ham katta.

Bugungi kunda Naxichevan koridori turkiy davlatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lashi bilan juda ahamiyatga ega. Ikkinchidan tomondan, logistik masalasida uchraydigan byurokratik to‘siqlarni olib tashlash uchun bu mamlakatlarda imkoniyatlar bisyor. Bunga juda optimistik kayfiyatda qarayman.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Илёс Сафаров
Muallif Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid