Prokuratura Sho‘rchi tumani hokimining noqonuniy qarorini bekor qilish haqida protest berdi
Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida 160 tup daraxt kesib tashlanganligi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan viloyat prokuraturasi munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Sho‘rchi tumani prokuraturasi tomonidan holat o‘rganilgan va tuman hokimining noqonuniy chiqarilgan qarorini bekor qilish haqida protest keltirilgan.
Ma'lum qilinishicha, Sho‘rchi tumanida hokimning soxta hujjatlarga asoslanib chiqargan qarori ortidan M41 avtomobil yo‘li yoqasidagi tutzordan 160 tup daraxt kesib tashlangani hodisasi joriy yil 15 sentabr kuni tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan.
O‘rganishlarga ko‘ra, shu kuni tuman prokuraturasi tut daraxtlarini noqonuniy kesgan O.X.ga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 79-moddasi bilan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llagan.
Bundan tashqari, tuman hokimining 2021 yil 8 aprelda chiqargan tut plantatsiyasidan bino qurilishi uchun yer ajratish haqidagi 708-sonli qarori qonun hujjatlariga zid ravishda qabul qilingani aniqlangan. Uni bekor qilib, qonunga muvofiqlashtirish haqida prokuror protesti keltirilgan.
Shuningdek, jamiyat tomonidan iqtisodiy zararni undirish masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritilgan. Holat yuzasidan prokuror nazorati o‘rnatilgan.
Ma'lumot o‘rnida, Sho‘rchi tumanida tuman hokimining soxta hujjatlarga asoslanib chiqargan qarori ortidan kesilgan tut daraxtlarining soni «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi munosabatida 160 tupdan oshiq deyilgandi. Ammo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi kesilgan tutlar soni 40 tup ekanligini ma'lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Denov shahrida 109 tup noyob daraxt kesib tashlangandi. Bundan tashqari, Termiz shahrida ham xalqaro savdo markazi qurish uchun ajratilgan hududda ko‘plab daraxtlar kesilgandi. Shuningdek, joriy yil 15 iyun kuni «Amirsoy» kurort zonasida 700 tup daraxt kesib tashlandi.
Mavzuga oid
17:40 / 08.11.2024
“Dunyodagi daraxtlarning 38 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida” – IUCN
20:35 / 07.11.2024
2 tup chinorni kesgan shaxs tabiatga 199 million so‘m zarar yetkazdi
18:18 / 06.11.2024
Shaharni salqinlatish uchun qancha daraxt kerak? Olimlar javob berdi
14:20 / 24.10.2024