Jahon | 16:21 / 07.01.2026
14939
9 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Avtobus haydovchisidan prezidentlikkacha. Maduroning karerasiga nazar

Venesuelani 13 yil boshqargan Nikolas Maduro 2026 yilning ilk kunlarida amerikalik harbiylar tomonidan o‘g‘irlab ketildi. U va rafiqasi bir qancha og‘ir ayblar bilan Nyu Yorkda sudlanmoqda. Kun.uz 64 yoshli Maduroning hayot yo‘li va AQSh bilan ziddiyatiga sabab bo‘lgan omillar haqida hikoya qiladi.

Maduroning siyosatga kirib kelishi

Nikolas 1962 yilda ishchi oilasida tug‘ilgan. Uning otasi kasaba uyushmasi faoli edi, aynan shu omil Maduroning siyosiy maydonga kirib kelishida muhim rol o‘ynaydi. U oliy ma’lumotga ega emas, ya’ni universitetda o‘qimagan. Yoshligida bir muddat avtobus haydovchisi bo‘lib ishlagan; keyinchalik 1983 yilgi saylovoldi kampaniyasi paytida mashhur venesuelalik siyosatchi Xose Visente Rangelga tansoqchilik qilgan. 1990-yillarda Maduro Kubaga yo‘l oladi. O‘sha davrda Kuba – Lotin Amerikasidagi so‘l qanot yetakchilarini mafkuraviy va siyosiy tayyorlash markazi edi.

Nikolas vataniga qaytgach, Ugo Chaves asos solgan so‘l qanot Beshinchi Respublika Harakatiga qo‘shiladi. 1999 yilda Chaves hokimiyatni egallagach, Maduro ham mansab pillapoyalaridan juda tez ko‘tarila boshlaydi. Dastlab deputat bo‘ladi, 2006 yilda esa parlament raisi lavozimini egallaydi. Keyinchalik Chaves uni tashqi ishlar vaziri lavozimiga o‘tkazadi.

Ugo Chaves va Nikolas Maduro. Foto: Avn/ Xinhua/ Global Look Press

Maduro tashqi ishlar vaziri sifatida Chavesning yaqin ittifoqchisi va ishonchli safdoshi sifatida tanildi va bu lavozimda 6 yil ishladi. 2012 yilda esa vitse-prezident bo‘ldi. O‘sha yili saraton kasalligidan davolanayotgan Chaves uni o‘z vorisi deb e’lon qiladi va xalqdan uni qo‘llab-quvvatlashni so‘raydi. 2013 yil martda Ugo Chaves vafot etdi va oradan bir oy o‘tib Venesuelada navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o‘tkazildi.

Saylovda Maduro Chavesning siyosiy merosxo‘ri sifatida, Enrike Kapriles boshchiligidagi muxolifat nomzodiga qarshi kurash olib bordi. Saylov natijalari Maduro juda oz farq bilan g‘alaba qozonganini ko‘rsatdi: rasmiy raqamlarga ko‘ra, u 50,6 foiz, raqibi Kapriles esa 49,1 foiz ovoz to‘playdi. Atigi 1,5 foizlik tafovut prezidentlik kursisini hal qiladi. Biroq bu natija muxolifat tomonidan shubha ostiga olinadi. Shu sababdan ham saylov natijasining soxtalashtirilgani haqida mish-mishlar bolalay boshlaydi. Kapriles tarafdorlari jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, shuningdek, “XXI asr sotsializmi”dan charchoq haqida tinmay gapirishardi.

Nikolas Maduro. Foto: Presidency Of Venezuela

Maduroning prezidentlik davri

Oradan ko‘p o‘tmay, yangi prezident oldida turgan vazifalar ancha murakkab ekani ko‘rina boshlaydi. 2014 yilda jahon bozorida neft narxlari keskin arzonlashadi. Neft Venesuela eksport daromadlarining 95 foizini tashkil etardi. Narxlarning pasayishi fonida mamlakat defolt xavfi bilan yuzlashdi; giperinflatsiya, turmush darajasining keskin yomonlashuvi va aholi orasida ommaviy emigratsiya avj oladi. Daromadlarning pasayishi ortidan chavistlar mashhurligining asosini tashkil etgan, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlar tizimi izdan chiqa boshlaydi.

Mamlakat uzoq davom etgan inqiroz girdobiga kirib qoldi va undan yillar davomida chiqib keta olmadi. Yalpi ichki mahsulot qisqara boshladi: Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuela YaIM 2017 yilda hatto 12 foizgacha kamayib ketgan. Giperinflatsiya yuzaga kelib, narxlar yiliga yuzlab foizga osha boshlaydi. 2014–2016 yillar oralig‘ida kambag‘allik darajasi 48 foizdan 82 foizgacha ko‘tariladi. Eng zarur tovarlar – asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar tanqisligi kuchayadi. Umuman olganda, Venesuelada ham sotsialistik inqiroz hukm surdi: narxlar “arzon” edi, lekin do‘konlarda mahsulot topilmasdi, tibbiyot bepul edi, ammo kasalxonalarda dorilar va uskunalar yetishmovchiligi kuzatilardi.

Maduro yuzaga kelgan muammolarga o‘zi bilgan usullar bilan qarshi turishga urindi. Tadbirkorlarni “burjua parazitlari” va “qonxo‘rlar” deya ayblab, iqtisodiyot ustidan keskin nazorat o‘rnatishga kirishdi: do‘konlar narxlarni 60–90 foizgacha tushirishga majbur qilindi; ishlab chiqarish va mahsulot tarqatilishini nazorat qilish bahonasida harbiylarni zavod va fabrikalar hududiga kiritdi; valuta ayirboshlash ustidan qat’iy cheklovlar joriy etdi.

Bunday keskin siyosat Maduro hukumatiga nisbatan norozilikni keskin kuchaytirdi. Tanqidchilar uni malakasiz boshqaruv va korrupsiya orqali “bir paytlar farovon bo‘lgan Venesuelani halokatga olib keldi”, deya qoralay boshlaydi. Umuman olganda, dunyodagi eng katta neft zaxiralariga ega Venesuela 1980-yillarda Lotin Amerikasidagi eng boy davlat bo‘lgan bo‘lsa, endi mintaqadagi eng kambag‘al mamlakatga aylanib qoldi.

AQSh bilan ziddiyat

AQSh va Venesuela munosabatlarning taranglashishi Ugo Chaves davrida boshlangan. Dastlab u Amerika bilan aloqalarni yaxshilaydi va ikki tomonlama faol savdo hamkorligi o‘rnatishga kirishadi. Demokratik o‘zgarishlar, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha islohotlar qilishga va’da beradi. Ammo Chavesga qarshi 2002 yildagi harbiy to‘ntarish ikki davlat orasidagi munosabatning keskinlashishiga olib keldi. Harbiy to‘ntarish muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa-da, AQShning muxolifat bilan aloqasi borligi haqida gumonlar paydo bo‘ladi. Shundan so‘ng Ugo Qo‘shma Shtatlar siyosatini keskin qoralay boshlaydi va Amerikani “imperialistik kuch” deb ataydi. 2007 yilda mamlakatda milliylashtirishning ikkinchi to‘lqini o‘tkaziladi va ro‘yxatga G‘arb neft kompaniyalarining filiallari ham kiritiladi. Bundan AQSh hukumati Venesuelaga qarshi sanksiyalar qo‘llash uchun asos sifatida foydalanadi va bosim o‘tkazishni kuchaytiradi.

Maduro ham Chaves an’anasini davom ettirdi. U o‘z chiqishlarida Qo‘shma Shtatlarni Venesuela ichki ishlariga aralashishda ayblab, mamlakatidagi iqtisodiy muammolarga AQShning sanksiyalarini sabab qilib ko‘rsatadi. Xitoy va Rossiya bilan strategik ittifoq tuzish ustuvor vazifaga aylana boshlaydi.

Maduro va AQSh munosabatlardagi keskinlik 2019 yilning yanvarida, Donald Tramp ma’muriyati Venesuelada 2018 yilgi prezidentlik saylovlarini noqonuniy deb e’lon qilishi fonida kuchayib ketgan va ochiqcha dushmanlik darajasiga ko‘tarilgan edi. Venesueladagi muxolif siyosatchilar prezidentlik saylovlarini boykot qiladi. O‘sha paytda mamlakat parlamenti raisi bo‘lgan Xuan Guaydo qasamyod qabul qilib, o‘zini muvaqqat prezident deb e’lon qiladi. Maduroning iste’fosini talab qilib, mamlakat ko‘chalariga chiqqan o‘n minglab namoyishchilar Guaydoni qo‘llab-quvvatlaydi. AQSh va 50 dan ortiq davlat Guaydoni Venesuelaning muvaqqat prezidenti sifatida tan oladi. Maduroning legitimligi xavf ostida qoladi. O‘z navbatida Pekin ham, Moskva ham o‘zini muvaqqat prezident deb e’lon qilgan Guaydoni tan olishdan bosh tortdi va rejimni iqtisodiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirdi.

Xuan Guaydo. Foto: Edilzon Gamez/Getty Images

Maduroni ag‘darish uchun yana bir keskin urinish 2020 yil may oyida ro‘y bergan edi. Amerikalik bir guruh sobiq askarlar Venesuelaga yashirincha bostirib kirishga urinadi, ularning maqsadi amaldagi prezidentni hibsga olish yoki yo‘q qilish bo‘lgan. Ammo operatsiya muaffaqiyatsizlikka uchraydi. Maduro ushbu fitna ortida AQSh maxsus xizmatlari turganini ta’kidlagan.

Bu orada AQSh Maduro rejimini jinoyatchi tashkilot sifatida ta’qib qilishga ham kirishgan edi. 2020 yil mart oyida AQSh Adliya vazirligi Nikolas Maduro va uning atrofidagi 14 nafar yuqori martabali mansabdor shaxslarga nisbatan giyohvand moddalar savdosi va narkoterrorizm bo‘yicha jinoiy ayblovlar e’lon qilgan.

Ta’kidlash lozimki, 2023–2024 yillarda Venesuela muammosini tinch yo‘l bilan hal etish harakatlari ham kuzatildi. Lekin Donald Tramp hokimiyatga kelishi bilan, keskinlik yana ortdi. Oxir-oqibat 2026 yil 3 yanvarga o‘tar kechasi Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores amerikalik harbiylar tomonidan o‘z qarorgohida qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketildi. Ular Nyu Yorkda sudlanmoqda.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid