Jahon | 21:19
1674
3 daqiqa o‘qiladi

Eron hech qachon tajovuzkorlik yo‘lini tanlamagan – Pizishkiyon amerikaliklarga murojaat qildi

Eron prezidentining ta’kidlashicha, Eron «tajovuzkorlik, ekspansiya yoki hukmronlik yo‘lini tanlamagan» va faqat o‘zini himoyalash doirasida harakat qilmoqda.

Foto: Getty images

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon amerikaliklarga ochiq xat yozib, unda «buzib ko‘rsatilgan va sun’iy yaratilgan hikoyalar oqimidan tashqariga qarashga» chaqirdi va Vashington siyosati haqiqatan ham «Avvalo Amerika» tamoyiliga javob berishiga shubha bildirdi.

Shuningdek, u AQSh «oxirgi amerikalik askar qolguncha» jang qilishga tayyor bo‘lgan holda «Isroil proksi»si sifatida harakat qilmayaptimi, deb so‘radi. Maktub 1 aprel kuni kechqurun Eronning Press TV davlat yangiliklar telekanali saytida e’lon qilindi.

Pizishkiyonning ta’kidlashicha, Eron «tajovuzkorlik, ekspansiya yoki hukmronlik yo‘lini tanlamagan» va faqat o‘zini himoyalash doirasida harakat qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronni tahdid sifatida ko‘rish «siyosiy va iqtisodiy manfaatlar mahsuli». Pizishkiyon, shuningdek, eronliklar «boshqa mamlakatlar xalqlariga, jumladan, amerikaliklarga dushmanlik kayfiyatida emasligini» ta’kidladi.

Maktubda prezident eskalatsiya uchun javobgarlikni AQSh va Isroilga yuklab, so‘nggi zarbalarni «tajovuz» va tinch aholiga qarshi qaratilgan «harbiy jinoyat» deb atagan.

Pizishkiyon, shuningdek, urushning amerikaliklar uchun foydasini shubha ostiga qo‘ydi: «Bu urush Amerika xalqining aynan qaysi manfaatlariga xizmat qiladi?», deb so‘radi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo qarama-qarshilik va o‘zaro ta’sir o‘rtasidagi «chorrahada» turibdi va bu tanlov natijasi «avlodlar kelajagini belgilaydi».

Eronshunos Nikita Smaginning The Insider nashriga bergan intervyusida ta’kidlashicha, Erondagi urush va tinchlik haqidagi qarorlar bir kishi tomonidan emas, balki kollektiv harbiy-siyosiy blok tomonidan qabul qilinadi, bu yerda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) asosiy rol o‘ynaydi, turli harbiy tuzilmalar esa sezilarli darajada avtonomiyaga ega. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Mas’ud Pizishkian haqiqatan ham mo‘’tadilroq, ammo haqiqiy ta’sirga ega emas va ko‘proq dekorativ vazifani bajaradi, Xominaiyning o‘g‘li - Mujtabaning roli va ahvoli haqida esa ishonchli ma’lumotlar yo‘q.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid