O‘zbekiston | 11:44 / 06.08.2021
15882
2 daqiqa o‘qiladi

«Milliy tiklanish» prezidentlik saylovida Alisher Qodirov nomzodini ilgari suradi

O‘zbekiston prezidentlik saylovida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan partiya siyosiy kengashi raisi, Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov nomzod sifatida ishtirok etadi. Bungacha Ekopartiya va «Adolat» partiyasi ham o‘z raislarini prezidentlik saylovida nomzod sifatida tavsiya etgandi.

Alisher Qodirov - «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» partiyasining 6 avgust kungi navbatdan tashqari plenumida 2021 yilgi prezidentlik saylovida partiya rahbari Alisher Qodirovni nomzod sifatida ko‘rsatish masalasi muhokama qilindi.

Plenum davomida partiyaning bugungi kundagi yetakchisi Alisher Qodirov nomzodi partiya qurultoyida nomzod sifatida ilgari surish taklifi bildirildi. So‘zga chiqqanlar bu taklifni bir ovozdan ma'qulladi.

Endilikda nomzod partiya qurultoyida ma'qullanishi kerak.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbir davomida Alisher Qodirov so‘zga chiqib, partiya bu saylovda shunchaki qatnashmayotganini ta'kidlagan.

«Biz bu saylovga shunchaki kirmayapmiz. Bizning xalqqa aytadiganlarimiz bor. Biz bu saylovda muvaffaqiyatli qatnashmoqchimiz», degan u.

Ma'lumot uchun, Alisher Qodirov 1975 yilda tug‘ilgan. 1996 yilda Egey universitetini (Turkiya), 2009 yilda Toshkent moliya institutini (sirtdan) va 2011 yilda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

Alisher Qodirov muqaddam Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari bo‘lgan (2015 yildan Qonunchilik palatasi deputati). U 2019 yilning may oyida partiya raisligiga saylangandi.

  • O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasiga 23 iyul kuni start berildi. Saylovlarda 5 ta partiya – «Adolat» SDP, «Milliy tiklanish» DP, O‘zLiDeP, XDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega. Saylov 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. 
  • Qonunchilikka ko‘ra, partiya yuqori organi uning nomzodini ma'qullashi, Respublikadagi jami saylovchilarning kamida 1 foizi nomzodni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi kerak bo‘ladi.
  • Bundan oldinroq, Ekopartiya prezidentlik saylovi uchun partiya raisi Narzulla Oblomurodov nomzodini, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ham partiya siyosiy kengashi raisi Bahrom Abduhalimov nomzodini tavsiya etgandi.
Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid