Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Siti» va «Arsenal» yutqazdi, «Barsa»da yo‘qotish. Kun o‘yinlari
Abduqodir Husanov asosiy tarkibga qaytdi, ammo jarohat olib, almashtirildi, o‘yindan keyin Gvardiola uni maqtadi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: 30 metrdan urilgan shedevr gol
APL. 3-tur
«Brayton» — «Manchester Siti» 2:1
Gollar: Milner (67, penalti), Gruda (88) — Holand (34).
«Brayton»: Verbryuggen, Veltman, van Hekke, Dank, de Kyuyper, Hinshelvud (Ayyari, 60), Baleba (Milner, 60), Gomes (Gruda, 60), Minte (Koppola, 90+5), Mitoma, Uelbek (Ryutter, 60).
«Manchester Siti»: Trafford, Nunesh (Lyuis, 85), Stounz, Husanov (Diash, 85), Ait-Nuri, Rodri, Silva (O'Rayli, 72), Reynders, Bobb, Marmush (Doku, 72), Holand.
Ogohlantirishlar: van Hekke (16), Husanov (63), Ait-Nuri (69), Veltman (77).
«Manchester Siti» yutqazdi. Yana bir marta. Muxlislar bunga o‘tgan mavsum davomida ko‘nika boshlagandi va yangi mavsumda ham Xosep Gvardiola vaziyatni o‘zgartira olmayapti. Holbuki u «Tottenhem»ga yutqazgan tarkibda qator o‘zgarishlarni amalga oshirgan, Rodri o‘tgan yil sentabridan buyon ilk bor Rodri boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgan, shuningek, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov markaziy himoyada Ruben Diashning o‘rnini egallagandi. Birinchi bo‘lim davomida Holand va Marmush ketma-ket zarbalar bilan darvozabonni sinovdan o‘tkazdi, keyin esa birgalikda hisobni ochuvchi golni tashkillashtirishdi. Misrlik hujumchi jarima maydoni ichida raqib himoyachilari orasidan o‘tdi va to‘pni oldinroqqa tashlab berdi, norvegiyalik esa osonlik bilan darvozani ishg‘ol etib, APLdagi 100-o‘yinida ham maydonni golsiz tark etmaydigan bo‘ldi.
Birinchi bo‘limda «Brayton»ning ishlari yurishmadi, ammo Fabian Xyurseler almashtirishlar orqali o‘yinda burilish yasadi. 67-daqiqada Mateush Nunesh jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va «Siti»ning sobiq futbolchisi Milner 11 metrlik jarima zarbasini aniq ijro etib, APL tarixiga penaltidan gol urgan eng keksa yoshli futbolchi (39 yoshu 239 kun) sifatida kirdi, u o‘z golini «Liverpul»dagi sobiq jamoadoshi Diogu Jotaga bag‘ishladi. Milnerni barcha taniydi, «Brayton» esa yangi nomlarni kashf etishda davom etdi.

O‘yin taqdirini yozda «Mayns»dan xarid qilingan 21 yoshli germaniyalik Gruda hal qildi. U himoyachilarni ortda qoldirib, Traffordni ham aldab o‘tdi, bu uning yangi jamoasidagi ikkinchi goli bo‘ldi, chorshanba kuni Liga kubogi o‘yinida ilk golini urgandi. Hyurseler esa Gvardiola uchun jumboq murabbiy bo‘lib qolmoqda. Pep yosh germaniyalikni uchta o‘zaro rasmiy o‘yindan birortasida mag‘lub etolmayapti (=2-1).
O‘yinning 85-daqiqasida, mehmonlarning ikkinchi golidan oldinroq Husanov jarohat olib maydonni tark etdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Gvardiola u haqda iliq fikrlar bildirdi va agar u maydonda qolganida ikkinchi golni bartaraf etishi mumkin bo‘lgani haqida gapirdi: «Ikkinchi golni juda tezkor futbolchilardan o‘tkazib yubordik. Husanov eplashi mumkin edi, chunki u ham juda tez, lekin avvalroq uni almashtirishga majbur bo‘lgandim. Unda hech qanday jarohat yo‘q. Shunchaki biroz shikastlandi va mushaklarda muammo paydo bo‘lgandi».
«Liverpul» — «Arsenal» 1:0
Gol: Soboslai (83).
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Gomes, 79), Kerkez, Soboslai, Gravenberh, Mak Allister (Jons, 62), Virts (Endo, 89), Saloh, Gakpo, Ekitike (Keza, 79).
«Arsenal»: Rayya, Timber, Saliba (Moskera, 5), Gabriel, Kalafiori, Subimendi, Rays, Merino (Edegor, 70), Madueke (Douman, 90), Martinelli (Eze, 70), Gokeresh.
Ogohlantirishlar: Gravenberh (24), Gokeresh (66), Subimendi (88), Endo (90+8).
«Arsenal» turning markaziy turiga ikki asosiy futbolchisi – Edegor va Sakasiz yetib keldi. O‘yin boshlanganida esa Saliba maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Bunday vaziyatda londonliklarni amaldagi chempion maydonidagi o‘yinda juda ko‘p yoqimsiz pallalar kutayotganini taxmin qilish mumkin edi. Ammo birinchi bo‘limda yo‘qotishlar sezilmadi.

«Liverpul» hujumkor o‘ynashga harakat qildi, ammo mezbonlarning oldingi chiziqdagi ishlari yurishmadi. Eng xavfli vaziyat «Arsenal» himoyadan chiqishda xatoga yo‘l qo‘yganida yuzaga keldi, ammo keyinroq bu vaziyatda mezbonlar tomonidan o‘yin qoidasi buzib to‘p olib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Mehmonlar ko‘proq himoyalangan bo‘lsa-da, «Liverpul»ga qaraganda ko‘proq vaziyat yaratishdi.
Maduekening o‘zi bir necha bor xavfli zarba yo‘lladi. Birinchi holatda Alison burchakka kelayotgan to‘pni bir amallab qaytarib qoldi, ikkinchi vaziyatda vinger qulay pozitsiyadan turib yo‘llagan zarba yuqoridan o‘tib ketdi. «Arsenal» shoshilmadi va raqibni tavakkal qilishga majburladi. «Liverpul»da bir hafta ichida ikkita bir-biridan farq qiluvchi o‘yin bo‘lib o‘tdi. Dushanba kuni «Nyukasl» futbolchilari ushbu jamoaga qarshi xuddi adrenalin qabul qilgandek harakatlangan va kamchilik bo‘lib ham butun maydon bo‘ylab ustunlik qilishgandi. Yakshanba kungi o‘yinda esa «Arsenal» ehtiyotkorona uslub tanladi.
Ikkinchi bo‘lim ham birinchisi kabi davom etdi. «Liverpul» baribir darvozani ishg‘ol etdi, ammo Ekitikening goli Gakpodagi ofsayd tufayli inobatga olinmadi. Shu bilan birga, mezbonlarda ikkinchi bo‘limga kelib nihoyat darvoza sohasi tomon to‘g‘ri borgan zarbalar paydo bo‘ldi. «Arsenal» safida esa Eze debyut qildi, u bilan birga hali to‘liq tiklanmagan Edegor maydonga tushirildi.
O‘yinni esa birgina standart vaziyat hal qildi. «Liverpul» futbolchilari to‘pni kim tepishini uzoq maslahat qilishdi va yakunda to‘p oldida Soboslaini yolg‘iz qoldirishdi. Vengriyalik yarimhimoyachi so‘nggi vaqtlarda gol urishdan to‘xtagandi, chunki murabbiy uni o‘ng qanot himoyasida tushirishga majbur bo‘lmoqda. U esa taxminan 30 metr masofadan bor imkoniyatini ishga solib zarba yo‘lladi. Rayya to‘pga yeta olmadi, to‘p to‘g‘ri to‘qqizlikka borib tushdi.

Qolgan daqiqalarni «Arsenal» to‘liq hujumda o‘tkazdi, mezbonlar chuqur himoyalandi, ammo finaldagi shturm mehmonlarga gol keltirmadi. O‘yinda shu hisob saqlanib qoldi va «Liverpul» APLning uch turdan keyin yuz foizlik natija qayd etayotgan yagona jamoasi sifatida turnir jadvali peshqadamiga aylanib oldi.

Ispaniya: benuqson «Atletik»
La Liga. 3-tur
«Selta» — «Vilyarreal» 1:1
Gollar: Iglesias (90+4) — Pepe (53).
«Selta»: Radu, Rodriges (Mingesa, 75), Dominges, Fernandes, Rueda, Sotelo, Roman (Moriba, 70), Karreyra, Aspas (Svedberg, 70), Dyuran (Rodriges, 62), Saragosa (Iglesias, 62).
«Vilyarreal»: Junior, Mourinio, Foyt, Marin, Kardona, Byukenen (Ahomash, 78), Komesanya, Guyye (Parexo, 78), Moleyro (Parti, 68), Pepe (Veyga, 85), Eyong.
Ogohlantirishlar: Roman (67), Guyye (70).
Ikki turdan keyin turnir jadvali peshqadami bo‘lib turgan «sariq submarinalar» baribir Vigoda ochko yo‘qotishdi, holbuki g‘alaba yaqin edi. Golsiz o‘tgan birinchi bo‘limdan keyin Pepe sherigi bilan devor uslubida o‘ynab, jarima maydoniga kirib bordi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatda aniq harakat qildi. Ammo «Selta» safida zaxiradan maydonga tushirilgan 32 yoshli Borxi Iglesias o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda jamoasini qutqarib qoldi. Iglesias la ligadagi karerasida eng ko‘p «Vilyarreal»ni ranjitgan, bu jamoaga qarshi o‘yinlarda 4 gol va 3 golli uzatma muallifi bo‘lgan.
«Betis» - «Atletik» 1:2
Gollar: Bakambu (90+7) - Bartra (60, avtogol), Paredes (85).
«Betis»: Valles, Ortiz (Bellerin, 88), Bartra, Natan, Firpo, Fornals, Altimira, Garsiya (Bakambu, 72), Lo Chelso (Avila, 88), Rikelme (Deossa, 73), Ernandes.
«Atletik»: Simon, Areso (Gorosabel, 75), Vivian, Paredes, Berchiche, Prados (Veska, 62), Xauregizar, Uilyams (Sannadi, 75), Sanset (Gomes, 85), Uilyams (Navarro, 85), Berenger.
Ogohlantirishlar: Firpo (90+11) - Prados (45+1), Vivian (72), Sannadi (90+8), Berenger (90+11).
«Atletik» esa «Vilyarreal»dan farqli ravishda startdagi tempni saqlab qolmoqda va uchinchi o‘yinda ham g‘alabaga erishdi. «Benito Vilyamarin» stadionida kechgan o‘yinda basklar kuchliroq ko‘rinishdi, mehmonlarning himoyachilari o‘yini esa ko‘p narsani hal qildi. Avvaliga standart vaziyatdan keyin uzoq cho‘zilgan hujumda Berchichening uzatmasi Bartraning avtogoliga sabab bo‘ldi. O‘yin oxirida esa Aytor Paredes ikkinchi golni urdi, ushbu himoyachi o‘tgan mavsumda ham ushbu stadionda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygandi. La ligada u boshqa jamoalarga bittadan ortiq gol urmagan.
«Rayo Valekano» - «Barselona» 1:1
Gollar: Peres (67) - Yamal (pen. 40).
«Rayo Valekano»: Batalla, Ratiu, Felipe (Valentin, 76), Lejyeun, Chavarriya, de Frutos (Kamello, 76), Lopes (Peres, 59), Kis, Garsiya (Gumbau, 90), Palazon (Espino, 90), Dias.
«Barselona»: Garsiya, Kunde, Erik, Kristensen, Balde (Martin, 78), Olmo (Fermin, 62), De Yong, Pedri, Yamal, Ferran (Levandovski, 78), Rafinya (Reshford, 62).
Ogohlantirishlar: Batalla (38), Lopes (45), Chavarriya (90+4) - Kunde (56).
«Rayo» favoritlarga muammo tug‘dirishning hadisini olgan, «Barselona» esa yaqin yillarda «asalarilar» jamoasiga qarshi besh o‘yindan iborat g‘alabasiz seriya qayd etgandi. Faqat Hansi Flik kataloniyaliklar boshqaruviga kelgach, Madrid chekkasidan bo‘lgan ushbu jamoa ikki bor mag‘lub etildi. Ammo ikki holatda ham — faqat bir to‘p farqi bilan, bu esa ko‘k-anorranglilarning chempionlik versiyasi uchun deyarli nonsens holat. Bir o‘yinda barchasini Levandovskining penaltisi hal qilgandi, bu safargi o‘yin ham 11 metrlik zarbasiz kechmadi. Tanaffus arafasida Yamal jarima maydoni ichida yiqitildi, bu ushbu yosh futbolchi la ligada debyut qilganidan buyon oltinchi bor penalti ishlashi bo‘ldi. Bu davr ichida faqat «Osasuna» forvardi Budimirga nisabatan jarima maydoni ichida ko‘proq fol (10) ishlatilgan.

Shu bilan birga, Laminning o‘zi ichki chempionatda hech qachon penalti ijrochisi vazifasida bo‘lmagandi, endi esa bu probel ham to‘ldirilib, XXI asrda 11 metrlik jarima zarbasidan gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi (18 yoshu 49 kun). Faqat u ham, «Barsa»ning boshqa futbolchilari ham hali eng yaxshi formasida emasligi ko‘rinib qoldi. Shunchalikki, yakshanba oqshomi Joan Garsiyaning benefisiga aylandi. Agar uning aqlbovar qilmas seyvlari bo‘lmaganida (jumladan, yakkama-yakka vaziyatni bartaraf etishi) mehmonlar durang bilan qaytishi ham amrimahol edi. «Rayo»ning tezkor qarshi hujumlari «Barsa» himoyachilari uchun haqiqiy dahshatga aylandi, ammo mezbonlar safida birgina Fran Peres gol uroldi. Lekin shu golning o‘zi «Barsa» turnir jadvalida «Real» va «Atletik»ka yeta olmasligiga yetarli bo‘ldi.

Italiya: Vlahovich — «Yuventus»ning asosiy jokeri
«Jyenoa» — «Yuventus» 0:1
Gol: Vlahovich (71).
«Jyenoa»: Leali, Kaffi, Ostigard, Vaskes, Karikol, Frendrup (Ekhator, 78), Mazini, Karboni (Malinovskiy, 65), Stanchu (Torsbi, 65), Ellersson (Vitinya, 77), Kolombo (Ekuban, 78).
«Yuventus»: Di Gregorio, Gatti, Kelli, Bremer, Kalulu, Lokatelli (Kopmeyners, 62), Tyuram, Mariu (Kostich, 62), Konseysau (Gonsales, 83), Yildiz (Makkenni, 90), Devid (Vlahovich, 62).
Ogohlantirishlar: Mariu (19), Ostigard (67), Kopmeyners (82).
«Yuventus» Igor Tudor boshqaruvida Massimiliano Allegri davrini yodga solib yubormoqda. O‘sha jamoa yomon o‘ynaganida ham natijaga erisha olardi. «Parma»ga qarshi birinchi tur o‘yinida Kambyazoning qizil kartochkasidan keyin ham g‘alabali hisob ushlab qolindi. Genuyadagi o‘yin ham mehmonlar uchun juda qiyin kechdi. Masalan, ikkinchi bo‘lim davomida Joau Mariu faqat so‘nggi lahzada o‘z xatosini tuzatib, raqib futbolchisi bir necha metr masofadan yo‘llagan zarbasi yo‘liga tashlanishga ulgurdi. «Keksa siniora»ning dastlabki turlaridagi yana bir umumiylik Vlahovichning zaxiradan muvaffaqiyatli qo‘shilishi bo‘lmoqda. Bir hafta muqaddam serb g‘alabali hisobni mustahkamlagandi, bu safar esa o‘z imkonidan foydalana olmagan Devid o‘rniga tushib, burchakdan oshirilgan to‘pni ideal tarzda darvoza to‘riga yo‘lladi. O‘yinga qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada esa darvoza to‘sini turinliklarning g‘alabasini saqlab qoldi.
«Inter» - «Udineze» 1:2
Gollar: Dyumfris (17) - Davis (pen. 29), Atta (40).
«Inter»: Zommer, Bissek, Acherbi, Bastoni, Dyumfris, Barella (Zelinski, 83), Chalhanog‘li (Espozito, 68), Suchich (Mixitaryan, 62), Dimarko, Tyuram, Martines.
«Udineze»: Sava, Bertola (Goglichidze, 46), Kristensen, Solet, Exizibe (Modesto, 80), Piotrovski (Zarraga, 70), Karlstrom, Atta, Zemura, Bayu (Buksa, 63), Davis (Ekkelenkamp, 70).
Ogohlantirishlar: Martines (88) - (Bertola (38), Sava (77), Zarraga (90+3).
«Inter» dushanba kuni «Torino»ni yirik hisobda (5:0) tor-mor etish orqali A seriya o‘yinlarini boshlagandi, hafta oxirida Dyumfris tezkor gol urganida «Udineze»ning ham taqdiri ayondek ko‘rinayotgandi. Ammo «kichik zebralar» oddiy raqib emasligini ko‘rsatdi. Bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganda Dyumfris jarima maydoni ichida to‘pni qo‘l bilan o‘ynashi mehmonlarga penalti tepish huquqini berdi, tanaffus arafasida esa mehmonlar ikkinchi golni ham urishdi. Atta mahorat va sovuqqonlik namoyish etib, jarima zarbasini Zommer yeta olmaydigan trayektoriya bo‘ylab ijro etdi.
«Udineze» Milandagi o‘yinning birinchi bo‘limida ikki gol urishi oxirgi bor 2013 yilda kuzatilgandi, o‘shanda mehmonlar neradzurrilarni 5:2 hisobida yakson etishgan. Bu safar unaqa bo‘lmadi, ammo mehmonlar ikkinchi bo‘limda ham qator xavfli qarshi hujumlar uyushtirishdi. Dimarkoning goli ofsayd tufayli bekor qilinishi va Bissekning zarbasidan keyin darvozabonni seyvi mehmonlar uchun g‘alabali natijani saqlab qoldi.

Germaniya: to‘xtatib bo‘lmas Girassi
Bundesliga. 2-tur
«Borussiya» D — «Union Berlin» 3:0
Gollar: Girassi (44, 58), Nmecha (81).
«Borussiya» D: Kobel, Anselmino (Ryuerson, 76), Anton, Bensebayni, Koutu, Zabitser (Gross, 86), Svensson, Brandt, Bellinghem (Nmecha, 71), Girassi (Adeyyemi, 87), Bayyer (Chukvuemeka, 77).
«Union Berlin»: Ronnov, Duki, Kverfeld, Rote, Trimmel (Shkarke, 64), Xedira, Skov (Kon, 70), Kral (Chon Vu Yon, 64), Haberer (Kemlyayn, 82), Ilich, Ansah (Berk, 70).
«Borussiya» startda o‘z muxlislari hafsalasini pir qilgandi, mavsumdagi ilk uy o‘yinida esa ancha vaqtgacha «Union» darvozasiga yo‘l topilmadi. Faqat tanaffus arafasida Girassi berlinliklar devorini buzib o‘tdi. Dortmundlik to‘purar kurajni ushlab olganida esa uni to‘xtatish imkonsiz ishga aylanadi. Ikkinchi bo‘lim boshida Kobelning seyvidan ko‘p o‘tmay gvineyalik hujumchi Bayyerdan pas qabul qilib Oldi va raqib darvozabonini nozik zarbasi bilan dog‘da qoldirdi. Bu o‘yindan keyin Girassining bundesligadagi golli seriyasi yetti turga yetdi. Bu dortmundliklar klubi tarixida Levandovski (12 o‘yin) va Obameyangdan (10) keyingi uchinchi natija. Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, Holanda bundesligada bunday oraliq kuzatilmagandi.

Mavzuga oid
12:27 / 22.12.2025
«Barsa» qishki chempion, «MYu» yana yutqazdi. Kun o‘yinlari
11:04 / 21.12.2025
Mbappe Ronalduning rekordini takrorladi, Holand yangiladi. Kun o‘yinlari
11:25 / 16.12.2025
«MYu» va «Bornmut» o‘yini gollar shousiga aylandi
14:40 / 15.12.2025