Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xavotirli prognoz: 15 yildan so‘ng mintaqa muzliklari bilan bog‘liq vaziyat og‘ir nuqtaga yetadi
"2040 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklari keskin eriy boshlaydi" – 16-17 sentabr kunlari «Iqlim o‘zgarishi sharoitida tog‘ muzliklarining innovatsion monitoring usullari va glyatsiologiyaning dolzarb muammolari» mavzusida ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy va mahalliy olimlar xavotirli prognozlar bilan bo‘lishishdi va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar borasida suhbatlashishdi.
Xalqaro konferensiya olimlar, mutaxassislar va siyosatchilarni birlashtirib, glatsiologiya bo‘yicha innovatsion metodlar, eng so‘nggi ilmiy natijalar va amaliy tajribalarni muhokama qilish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, muzlik monitoringi qurg‘oqchilikni boshqarish, suv resurslarini taqsimlash va integratsiyalashgan resurslarni rejalashtirish kabi kengroq masalalar bilan bog‘lanadi. Bu jarayon Suv-Energiya-Oziq-ovqat Ekotizim (WEFE) Nexusi doirasida amalga oshiriladi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, kriosfera kuzatuv metodlarida texnik salohiyatni oshirish, muzliklar va qor qoplamlari o‘zgarishlariga oid masalalar yechimlarni muhokama qilishga hamda muzlik ma’lumotlarini ko‘p tarmoqli WEFE boshqaruv tizimlariga integratsiya qilishdan iborat.

Doniyor Turg‘unov, Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori: So‘nggi 10 yillikda muzliklarning keskin erishi kuzatildi. Bu tendensiyada erib boriladigan bo‘lsa, 2050-yilga borib Markaziy Osiyodagi muzliklar maydonining qariyb 50% ga yaqin miqdorini yo‘qotishimiz mumkin. Qanday konkret instrumentlar mavjud muzliklarni saqlab qolish bo‘yicha? Sun’iy landshaft yaratish, muzliklar joylashgan hududlar – nival hududlarda sun’iy landshaftlar yaratish orqali. Hamda sun’iy muzliklar yaratish.

Abror G‘afurov, Germaniya yer va suv tadqiqotlari markazi vakili: Hozir muzliklar erishi davom etyapti. Asrimizning oxirigacha borib, muzliklar keskin kamayib ketadi. Umumiy hisobni oladigan bo‘lsak, 2100-yillarga borib, hozirgi mavjud muzliklarning 20-30% qolishi hisob-kitob qilingan. Lekin muzliklarni o‘rganishda, muzliklarning suv resurslariga bo‘lgan ta’sirini hisoblashda bitta narsaga e’tibor berish kerak. Bu ingliz tilida “tipping point” deyiladi. Bu muzliklarning suv berish maksimal vaqti. Oddiy bir misol qilib aytadigan bo‘lsam, xolodilnikdagi muzni tashqariga chiqarib qo‘ysangiz, erishni boshlaydi. Undan kelayotgan suv ko‘p bo‘ladi. Qachonki o‘sha muzning massasi keskin kamayib ketsagina, undan kam suv kelishni boshlaydi.
O‘sha vaqt qachon keladi, degan savolni o‘rtaga qo‘yish kerak Markaziy Osiyo uchun. Chunki xuddi shunaqa muzliklarimiz xolodilnikdan chiqarib qo‘ygandek, tog‘larda turibdi, erib ketyapti ular. Hozircha ko‘p suv beryapti, daryolarimizga ko‘p suv kelyapti. Hatto shunaqa daryolarimiz bor, o‘tgan tarixdan ko‘ra ko‘p suv kelayotgan daryolarimiz ham bor. Muzliklarning keskin erishi oqibatida. Muzliklar tez erisa, ko‘p suv keladi, lekin kelajak uchun suv qolmaydi, suv zaxirasi kamayib ketadi.
Bizning hisoblarimiz bo‘yicha, shaxsan o‘zimning hisoblarim bo‘yicha, bu 2040-yillarga to‘g‘ri keladi. 15 yil taxminan vaqtimiz bor. Biz uchta havzada bu izlanishlarni olib borganmiz: Norin, Qoradaryo, To‘xtagul suv omboriga quyiladigan daryo.
Yechimlar — hozirdan tayyorgarlik ko‘rish. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvdan tejamkor texnologiyalarni joriy etish. Bularsiz baribir biz kelajakda suv resurslarini boshqarishni eplay olmaymiz. Haqiqatan shunaqa. Ikkinchisi — suv zaxiralarini kuzatib borish. Suv zaxiralariga qarab, suv boshqarish strategiyalarini ishlab chiqish.
O‘zbekiston Respublikasi taxminan 50 milliard suv ishlatadi qishloq xo‘jaligiga. Shuncha suv kelmasa, qishloq xo‘jaligimiz yaxshi bo‘lmaydi. Qishloq xo‘jaligida suvga talabi katta bo‘lgan o‘simliklar bor, suvga talabi katta bo‘lmagan o‘simliklar bor. Suvga talab katta bo‘lgan o‘simliklarni ko‘proq eksa, balkim hosildorlik yaxshi bo‘lar, balkim iqtisodiyotga yaxshi bo‘lar. Lekin bularning hammasi suvga bog‘liq. Suv kelsagina shuni qila olamiz, suv kelmasa – qila olmaymiz.
Suvni sotish tajribasi haqida. Jahon tajribasida men bilganlarim – amaliyotda keng qo‘llanilmaydi bu. Suv baribir tabiiy resurs, har yili shakllanadigan narsa, tog‘lardan oqib keladigan narsa. Buni sotish boshqa joylarda amalda ko‘rilmagani uchun Markaziy Osiyoda ham kelajak uchun ijobiy yoki salbiy oqibat olib kelishi haqida men hozir biror narsa deya olmayman. Ammo hozirgi baholashim bo‘yicha, salbiy bo‘lib ketishi mumkin degan tushunchaga boraman. Undan ko‘ra, Markaziy Osiyoda suv resurslarini “bu yagona resursimiz” degan tushuncha bilan boshqarish, menimcha, yaxshiroq.

Temur Xo‘janazarov, Kioto universiteti ilmiy xodimi: Muzliklarning holatini biz 2016 yildan beri kuzatyapmiz. Muzliklar aksar Qirg‘iziston, Tojikistonda joylashgan. Shularni tekshirmasak, bilmasak, Sirdaryoning o‘ziga kelgan suvlarni yoki Amudaryoga kelgan suvlarni biz o‘lchay olmaymiz, bilmaymiz. Yaponiyadan olib kelingan uskunalar Qirg‘izistonda o‘zini ko‘rsatgan. 2025 yili juda kam yoqqani uchun, qor qoplami juda kam bo‘ldi va muzlik juda ko‘p erib ketdi. O‘zim ham borib ko‘rdim. Hayajonga soladigan holat. Ilgari ko‘p bo‘lgan muzliklar endi kam – tezda erib ketyapti. Bu yili ikki barobar, 2024 yilga qaraganda ikki barobar ko‘p erib ketgan.
Hozir vaziyatga siyosat ham ta’sir qilyapti. Bilasiz, Afg‘onistonda katta kanal qurilyapti. Shu kanal ishga tushsa nafaqat O‘zbekistonga, Turkmanistonga ham katta ta’sir qiladi va ilgari Orolgacha olib borilgan suvlar undan ham kam bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryoga katta ta’sir bo‘ladi.
Shokir Sharipov tayyorladi.
Mavzuga oid
11:05 / 24.12.2025
O‘zbekistondagi birinchi AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
19:32 / 22.12.2025
Eko-stiker bo‘yicha jarimalar qo‘llash 2 yildan so‘ng boshlanadi
09:59 / 26.11.2025
Xitoy kompaniyasi Navoiyda atmosferaga zaharli chiqindilar tashlashni kamaytirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi
18:09 / 25.11.2025