Iqtisodiyot | 21:29 / 05.08.2025
9989
3 daqiqa o‘qiladi

Issiqxonalar defoltga uchrab, banklar balansiga o‘tib ketyapti. Senator vazirdan izoh so‘radi

Issiqxonalar elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv uzilishlari hamda yuqori foizli kreditlar tufayli banklar balansiga o‘tib ketyapti. 2025 yil may holatiga, 120 gektardan ortiq issiqxona banklar balansiga o‘tgan. Senator Anvar To‘ychiyev qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovga so‘rov yubordi.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Senatining agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovga issiqxona xo‘jaliklari duch kelayotgan tizimli muammolar yuzasidan so‘rov yubordi.

Senat matbuot xizmatiga ko‘ra, senator o‘z so‘rovida hal etilishi lozim bo‘lgan muhim masalalarni qayd etgan. Jumladan, issiqxona xo‘jaliklarini moliyalashtirishda barqaror mexanizmlarning yetishmasligi, tabiiy gaz, elektr energiyasi va suv ta’minotidagi uzilishlar hamda yuqori foizli kreditlar tufayli ayrim xo‘jaliklarning bank balansiga o‘tib ketayotgani haqida so‘z yuritilgan.

“Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil may holatiga ko‘ra 120 gektardan ortiq issiqxona banklar balansiga o‘tgan. Bu esa ish o‘rinlarining qisqarishi va iqtisodiy samaradorlikning pasayishiga olib kelgan”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, senator qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifatini nazorat qilish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ilmiy asoslangan agrotexnologiyalardan samarali foydalanish, fermer va tadbirkorlarni urug‘chilik, agrokimyo xizmatlari bilan ta’minlash mexanizmlarini kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratgan.

Yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligidan 2020-2024 yillarda tashkil etilgan issiqxona xo‘jaliklari soni va holati, sohani moliyalashtirishda amaldagi mexanizm, tabiiy resurslar bilan barqaror ta’minlashdagi muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar, ilmiy yondashuvlar va innovatsion yechimlarni joriy etish holati, eksport salohiyatini oshirish hamda moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan ishlar bo‘yicha tahliliy va asoslangan yozma ma’lumot taqdim etishi so‘ralgan.

Avvalroq Kun.uz O‘zbekiston bo‘ylab katta mablag‘ evaziga qurilgan issiqxonalar nurab, xaroba bo‘lib yotgani haqida ko‘rsatuvlar e’lon qilgan edi.

30 iyul kuni qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan selektorda bu muammoga e’tibor qaratilib, issiqxonalarga qishki mavsumda gaz kafolatli hajmda berilishi, gaz uchun oldindan to‘lov oktyabrdan martgacha 50 foizga tushirilishi e’lon qilindi. Bundan tashqari, minglab issiqxonalarning soliq to‘lovlari 1 yanvargacha uzaytirildi. 2028 yilgacha issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga tushiriladigan bo‘ldi.

Mavzuga oid