Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
4 ming kilometr magistral yo‘llar “avtoban”ga aylantiriladi
BMT tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar iqtisodiyotning kamida 2 foiz o‘sishiga turtki beradi. Shu asosda besh yillik dastur doirasida yo‘llar sifati yaxshilanib, tranzit salohiyati oshiriladi, qishloq xo‘jaligida esa oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan yangi choralar joriy etiladi.
Foto: AP
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, avtomobil yo‘llarining sifatini yaxshilash va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi. Unga muvofiq, Andijon–Qo‘ng‘irot, Toshkent–Termiz, Samarqand–Shahrisabz, Olot–Sariosiyo yo‘nalishlarini bog‘laydigan, umumiy uzunligi 4 ming kilometr bo‘lgan magistral yo‘llar xalqaro talablarga mos “avtoban”larga aylantiriladi.
Shuningdek, 2026 yilning o‘zida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududlaridan o‘tgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometr yo‘llarda rekonstruksiya ishlari yakunlanishi belgilandi.
Bundan tashqari, Toshkent–Samarqand, Toshkent–Andijon, Toshkent–Bo‘stonliq, Pung‘on–Namangan hamda Qarshi–Shahrisabz yo‘nalishlarida yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan 800 kilometr yo‘llar qurilishi boshlanadi.
Yo‘llarni loyihalashtirish jarayonlariga ham yangi talablar kiritilishi aytildi. Xususan, aholi fikrini inobatga olish, transport qatnovining atrof-muhitga ta’sirini baholash, piyodalar uchun “to‘siqsiz” muhit yaratish kabi mezonlar qonun darajasida mustahkamlanadi.
Shu bilan birga, aholi daromadi va xorijiy sayyohlar oqimi ortishi kelgusi besh yilda oziq-ovqatga bo‘lgan talabni 1,5 karra oshirishi qayd etildi. Shu bois qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini hozirgi 40 mlrd dollardan 60 mlrd dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi.
Bozorlarni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan butun yil davomida barqaror narxda ta’minlash uchun 2026 yildan doimiy intervensiya tizimiga o‘tiladi. Hududlardagi “Oziq-ovqat jamg‘armalari”ga ajratiladigan resurs 2,5 barobar ko‘paytirilib, 500 mlrd so‘mga yetkazilishi belgilandi.
Shuningdek, meva-sabzavotga ixtisoslashgan 1 mingta mahallada sig‘imi 100 tonnagacha bo‘lgan kichik sovitkichli omborlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Aytilishicha, ushbu choralar kelgusi yil inflatsiya darajasini 6–6,5 foizga tushirishga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
19:56 / 28.08.2025
Germaniyada eng qimmat avtoban ochildi: yo‘lning 1 metri – 225 ming yevro
07:40 / 20.10.2023
O‘zbekistonda pulli avtobanlar qurilishi rejalashtirilmoqda
11:45 / 03.10.2019
O‘zbekistonda xususiy sheriklar ishtirokida tezkor avtobanlar quriladi
21:50 / 10.12.2018