Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bayramga 20 ta televizor berasan, degan topshirig‘ini rad etgandim» - Furqat tuman DSI sobiq boshlig‘i ko‘rsatma berdi
Farg‘onada IIB xodimlari tomonidan tahqirlangan Gulira’no Qosimova ishi doirasida navbatdagi sud majlisida “tezkor tadbir” aks etgan video qo‘yib berildi. Jabrlanuvchi bu videolavhadan uni kaltaklashgani aks etgan asosiy kadrlar qirqib tashlanganini aytdi. Shuningdek, sud majlisida ko‘rsatma bergan Furqat tuman soliq inspeksiyasi sobiq boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov o‘zi bilan bir vaqtda ishlagan tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev unga “IIBga qarshi chiqish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish” bilan tahdid qilganini esladi.
15 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudida Furqat tumani IIBning sobiq amaldorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Sud majlisida sobiq IIB rahbari va o‘rinbosarining advokatlari Kun.uz muxbirining sud jarayonlaridagi ishtirokini cheklashni so‘radi. Ishni ko‘rib chiqayotgan sud raisi Avazbek Rahimov bu iltimosnomani rad qildi.
Shundan so‘ng Gulira’no Qosimovaning ko‘rsatuvlari tinglandi. Advokatlar holat yuzasidan jabrlanuvchiga savollar bilan murojaat qildi.
Sud majlisida Gulira’no Qosimovaning advokati holat, ya’ni tezkor tadbir aks etgan video bilan tanishtirishni so‘radi. So‘rovga asosan sudga taqdim etilgan videolavha protsecs ishtirokchilari tomonidan ko‘rib chiqildi.
Videolavha bilan tanishgan Gulira’no Qosimova undan o‘zi kaltaklangani aks etgan asosiy kadrlar qirqib tashlanganiga e’tiroz bildirdi.
Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, ekspertiza xulosalari ham soxtalashtirilgan:
“Ekspertiza xulosalari soxta ekanligini sudlanuvchilar taqdim etgan videoda ham ko‘rish mumkin. Sababi ekspertiza xulosasida jarohat eski, voqea kunigacha olingan deb berilgan bo‘lsa-da, videoda badanimda tan jarohatlari yo‘q ekanligi ko‘rinib turibdi. Meni videoga olgan Sohib Nazarov, Tohir Bashirov, Yusuf Yoqubovlar ham shu kunga qadar biz bu ayolni videoga olmaganmiz, deb javobgarlikdan qutulib qolishayotgan edi. Videodan mening kaltaklanganim aks etgan joylar kesib tashlangan”, dedi Gulira’no Qosimova.
Shuningdek, sud majlisida tuman soliq inspeksiyasi rahbari Qurbonali Abdurahmonovning ham ko‘rsatuvlari tinglandi.
“Mening uyimga bostirib kirishganida dastlab uyimga narkotik qo‘yib, G.Qosimovadan guvoh sifatida foydalanadi deb o‘yladim. Sababi men IIB sobiq boshlig‘i A.Xo‘jayev bilan ikki marotaba, biri paxta terimi vaqti fermer ketidan tortishganman, ikkinchisi militsiya xodimlari kuniga 20 ta televizor olib berasan degan topshirig‘ini rad etganimda tortishdim. O‘sha vaqt menga IIBga qarshi chiqish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman degan edi. Ammo ikki yarim yil birga ishlab bir dasturxonda ovqatlanib, ota-onamni tanishtirib uyimda mehmon qilgan insonimdan bu daraja pastkashlikni kutmagan edim.
Men qachonki G.Qosimova ikkimizni xodimlar urib yotoqxonaga olib kirib go‘yoki «ushlab olgan»dek videoga olishganda tuzoqni tushunib yetdim. Pastki qavatga meni olib tushib ketishdi, yuqorida esa G.Qosimova bilan Sohib, Tohir, Yusuf va bir nechta xodim qolgan edi. G.Qosimovaning urma degan qichqiriqlari eshitilar edi. Meni esa yuqoriga chiqarmay ushlab turishdi. Bir necha daqiqadan so‘ng G.Qosimovani olib chiqib, bizni IIB binosiga olib kelishdi. U yerda G.Qosimova «aka, nimaga unday deyishayotganini tushunmadim, lekin xodimlar mendan sizni zo‘rladi deb ko‘rsatma berishimni talab qilyapti», dedi. Shu yerda bildimki, meni nomusga tegishda ayblamoqchi bo‘lishgan”, dedi Qurbonali Abdurahmonov.
Sud ishi 22 oktyabrga qadar tanaffus e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz oldinroq Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan holat haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Furqat tumani IIB xodimlari ayolni kaltaklab, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olgani haqida gap boradi. Holat Senat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Ombudsman Furqat tumani IIBning 4 nafar mas’ul xodimi jinoiy javobgarlikdan ozod etilganini ma’lum qilib, holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishini so‘ragan.
Mavzuga oid:
Mavzuga oid
14:00 / 14.12.2025
Furqat tumanida yirik savdo va ko‘ngilochar majmua qurilishi boshlandi
11:00 / 11.12.2025
Inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhga hukm o‘qildi
08:22 / 05.12.2025
Farg‘ona va Namanganda yer uchun pora olgan hokim yordamchilari ushlandi
14:10 / 02.12.2025