Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namangan va Farg‘onada mansabdor shaxslar pora olayotganida qo‘lga olindi
Namangan viloyatida tuman bosh arxitektori avtoyuvish shoxobchasi hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga pora olayotganida gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olindi. Farg‘ona viloyatida esa tuman bandlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari pul evaziga oliygohga o‘qishga kirishda yordam berishni va’da qilgani aytilmoqda.
Namangan va Farg‘ona viloyatlarida mansabdor shaxslar ishtirokidagi korrupsiya holatlari aniqlandi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.
Namangan viloyatida Namangan tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi bosh arxitektori oilaviy korxona rahbaridan 1500 dollar talab qilgan. U turar joy binosining bir qismida qurilgan avtoyuvish shoxobchasi uchun loyiha hujjatlarini rasmiylashtirib berishni hamda undan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashni va’da qilgan.
1 aprel kuni u 500 dollar olib, qolgan summani berishni tezlashtirishni talab qilgan. Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs o‘z xizmat xonasida yana 1000 dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Qayd etilishicha, bundan avval tadbirkor loyiha hujjatlarisiz avtoyuvish shoxobchasi qurgani uchun sud qarori bilan 43,3 mln so‘m miqdorida jarima to‘lagan. Shunga qaramay, mansabdor shaxs masalaning qonuniy yechimini taklif qilmagan, deyiladi xabarda.
Farg‘ona viloyatida Qo‘shtepa tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari mahalliy fuqaroni tanishlari orqali Andijon viloyatidagi oliygohlardan birining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 2000 dollar so‘ragan.
U pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
20:43 / 08.06.2026
Sudyalar uchun daromad va mol-mulk deklaratsiyasini taqdim etish tizimi ishga tushiriladi
09:10 / 07.06.2026
AES narxi ochiqlandi, yirik pudrat sxemasi fosh bo‘ldi - hafta dayjesti
17:37 / 04.06.2026
Namanganda tergovchi va advokat pora bilan ushlandi
08:24 / 04.06.2026