O‘zbekiston | 20:28 / 03.06.2026
7634
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik shifokor 5000 kilometr masofadan turib operatsiya o‘tkazdi

Foto: SSV

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston tibbiyoti tarixida ilk bor masofadan turib robotlashtirilgan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati tomonidan tibbiyot sohasidagi ilg‘or tajriba, innovatsion yondashuv va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etayotgan mutaxassislar haqida «Tibbiyot novatorlari» degan yangi medialoyihada aytiladi.

Bu Xitoyning Uhan shahrida «Robotlashtirilgan jarrohlik haftaligi – 2026» xalqaro konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, yosh jarroh Abdurashid Abdukarimov O‘zbekistonda davolanayotgan 3 nafar bemorga masofadan turib jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi.

Ushbu noyob operatsiya 5 ming kilometr masofadan turib amalga oshirildi.

Robotlashtirilgan jarrohlik shifokorga muolajalarni yuqori aniqlikda bajarish, bemor uchun jarohatlarni kamaytirish va tezroq tiklanishni ta’minlash imkonini beradi.

«Masofaviy robotlashtirilgan jarrohlik nafaqat tibbiyotning ilmiy yutug‘i, balki bemorlar uchun katta imkoniyatdir. Bunday operatsiyalar sanoqli mamlakatlarda o‘tkaziladi», – deya qayd etadi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid