19:25 / 10.12.2022
10208

«Tez yordam xodimlariga bodikamera qo‘yishning o‘ylab ko‘riladigan jihatlari bor» - SSV vakili

Tez yordam xodimlarini zo‘ravonlikdan himoyalash uchun bodikameralardan foydalanish haqidagi savolga javob berarkan, vazirlik rasmiysi bu taklifning bahsli tomonlari borligini aytdi. Ma’lum qilinishicha, tibbiyot xodimlariga tajovuz qilganlik uchun 15 sutkalik qamoq va jarima jazolari kuchaytirilishi mumkin – tegishli qonun parlamentda ko‘rilyapti.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari o‘tkazgan matbuot anjumanida tez tibbiy yordam xodimlarini bodikameralar bilan ta’minlash masalasi ko‘tarildi. Bodikameralarning noqulaylik jihatlari haqida SSV Davolash profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Umid Risqiyev gapirdi.

«Albatta, tez tibbiy yordam xodimi bodikamera bilan faoliyat yuritishi himoya qilish uchun juda yaxshi narsa. Lekin ikkinchi estetik tomonini ham o‘ylashimiz kerak. Ya’ni shifokor yoki feldsher bemor yoniga kelganda har xil holatda ko‘radi. Qornini ochib, yechintirib ko‘rishga to‘g‘ri keladi.

Bu bo‘yicha hozir aniq bir yo‘nalish mavjud emas. Men o‘ylaymanki, tez tibbiy yordamda bitta emas, brigada boradi. U yerda 2-3 odam ko‘zi bilan ko‘rib turgandan keyin bodikameraga qanchalik ehtiyoj bor, buni ham chuqurroq o‘ylab ko‘rishimiz kerak», – dedi u.

Risqiyevning aytishicha, bodikamera himoya vositasi bo‘la olmaydi. Chunki ichki ishlar xodimlari foydalanayotgan bodikameralar ham ularni himoyalay olmayapti, tajovuz holatlarini kamaytirmayapti.

SSV mas’uli tibbiyot xodimlariga tajovuz holatlarini kamaytirish uchun bunga javobgarlikni kuchaytirish, OAVda bunday tajovuzlar yomonligini targ‘ibot qilish kabi yo‘llar borligini aytdi.

«15 sutkalik qamoq jazosi yoki Ma’muriy kodeksga o‘zgartirish kiritish, jarimalar miqdorini ko‘paytirish bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda Oliy Majlis tomonidan ko‘rib chiqilyapti», – dedi vazirlik vakili.

Top