O‘zbekiston | 19:50 / 23.04.2026
3273
4 daqiqa o‘qiladi

“Jarimasi katta bo‘ladi” – soliq raisi YaTT shaklida chek berayotgan kafelarni ogohlantirdi

Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov umumiy ovqatlanish sohasida ayrim tadbirkorlar QQS to‘lamaslik uchun mijozlarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida chek berayotganini aytdi. “Buni ko‘rib-bilib turibmiz. Ertaga tekshirish borsa, xafa bo‘lasizlar. Iltimos, qonuniy ishlanglar”, dedi u.

Farrux Po‘latov (chapda) Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrida 419 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi soliqdan qochish maqsadida o‘z nomidan (yuridik shaxs nomidan) emas, yakka tartibdagi tadbirkor nomidan mijozlarga chek berib kelmoqda. Bu haqda 21 aprel kungi ochiq muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov ma’lum qildi.

“Hozirning o‘zida Toshkent shahrida 419 ta umumiy ovqatlanish joylari – yakka tartibdagi tadbirkorlar. Ular o‘ziga yoki xodimiga YaTT ochib, kassa cheklarini o‘sha YaTTdan beryapti. Biz bularni ko‘rib, bilib turibmiz hammasini. O‘z korxonasidan kirim-chiqim qilmayapti-da, chekini YaTTdan beryapti. QQS to‘lamaslik uchun biznesini bo‘lyapti”, – dedi u.

Bosh soliqchi tadbirkorlardan bunday amaliyotga chek qo‘yishni so‘radi.

“Shuning uchun sizlardan iltimos, bunaqa narsa qilmanglar. Buni ko‘rib, bilib turibmiz hamma joyda. Ertaga tekshirish borsa, xafa bo‘lasizlar. Iltimos, qonuniy ishlanglar. Hozir oldingidek emas – hech kimda naqd pul muammosi yo‘q. Kassa chekini bermasa, tushumni yashirish uchun biznesni bo‘lyapti. Shu bilan birga, YaTT ochib olib uning nomidan chek berib o‘tiribdi”, – dedi Po‘latov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday holatlar aniqlangan sub’yektlarga nisbatan dastlab ogohlantirish beriladi, ammo qonunbuzarlik davom etsa, jiddiy jarimalar qo‘llanadi:

“Birinchi ogohlantirish beriladi, keyin agar eshitmasa, jarimasi katta bo‘ladi”, – dedi u.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov bunday amaliyotni qo‘llayotgan tadbirkorlar bilan alohida ishlashga tayyorligini bildirdi.

“419 taning ro‘yxatini bizga bersangiz, o‘zimiz bu yerga chaqirib, bunday qilmaslik kerakligini tushuntiramiz. Masalan, Dehqonobodda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkor Chorsuda o‘tirib savdo qilayotgan holatlar ham bor”, – dedi u.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ham ayrim tadbirkorlar o‘z daromadlarini yashirishga urinayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlar shu zalda o‘tirgan, ochiq muloqotda savol berayotgan tadbirkorlar orasida ham bor.

“Hozir mana shu joyda ham, kimligini aytib o‘tirmayman, savol bergan tadbirkorlarimizning o‘zi ham 1,3 mln so‘m oylik hisoblab, bir kishini ko‘rsatib yurganlar bor-da ichimizda. Hozir shuni ochib, ko‘rsatmoqchi ham bo‘lishdi, lekin keyin bunday qilmaslik to‘g‘ri bo‘ladi, degan qarorga kelishdi. Xullas, biz sizga (SSPga – tahr.) o‘sha tadbirkorlarning ro‘yxatini taqdim etamiz”, – dedi Abdiyev.

Eslatib o‘tamiz, qonunchilikka ko‘ra 90 dan ortiq faoliyat turi bilan YaTT sifatida shug‘ullanish mumkin, lekin ular orasida umumiy ovqatlanish sohasi (kafe, oshxona, restoran biznesi) ko‘rsatilmagan.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid